Rishtonda fermerlarga bosim: IIB xodimlari zo‘ravonligi va javobsizlik zanjiri
Rishtonlik fermerlar Azizjon Tojiboev va G‘ayratjon Xayrullaev paxta va g‘alla yetishtiradi, soliq to‘laydi va hech qanday jinoiy o‘tmishga ega emas. Bu fermerlarni birlashtiradigan jihat shuki, har ikkisi Rishton tumani Ichki ishlar xodimlari tomonidan asossiz, noqonuniy va shafqatsiz ravishda zo‘ravonlik qurboniga aylanganidir. Xuddi o‘sha ichki ishlar xodimlarini ham kun-u tun dalada ishlab, davlat byudjetiga soliq to‘laydigan mehnatkash fermerlar boqadi.
Joriy yilning 7 iyul kuni Rishton tumanining Buloqboshi mahallasida yashovchi fermer G‘ayratjon Xayrullaev xonadoniga uch nafar formali va bir nafar formasiz kishilar bostirib kirib, fermerni IIB boshlig‘i chaqirayotganligi, uning oldiga darhol borishi kerakligini aytadi.
Rishton tumani IIB xodimlari o‘sha kuni fermerga na chaqiruv qog‘ozi bergan, na nega fermer IIB boshlig‘i huzuriga borishi kerakligini tushuntirgan. Daladan charchab qaytgan fermer IIB xodimlaridan kutib turishlarini so‘raganiga qaramasdan ular fermerni uyiga bostirib kiradi. Xodimlardan biri, xizmat to‘pponchasini chiqarib “o‘ldiraman!” deb baqiradi.
O‘sha kuni oila a'zolarim bilan paxtaga dori solib, kechki soat 8 larda endigina daladan kelib turgandim, to‘rt kishi uyimizga bostirib kirdi. Ulardan birining qo‘lida to‘pponcha ham bor edi. “Ha nima gap” deyishimni bilaman, hech qanday izohsiz, hovlining o‘rtasigacha kelib, menga to‘pponcha tiradi. Buni onam ko‘rib turgan ekan, dod-voy qilib yubordi. Qo‘rqqanidan hushidan ketdi. Shunda ham melisalar meni bo‘limga olib ketmoqchi bo‘lib, qo‘limdan sudradi. Men onamning hushsiz yotganini ko‘rib, darrov “tez yordam” chaqirdim. O‘sha kuni uch marta chaqirilgan “tez yordam” ham “bemorning qon bosimi oshgan, ukol qildik yaxshi bo‘lib qoladi” deb onamni kasalxonaga olib ketmadi. Uch-to‘rt soat o‘tsa ham onam o‘ziga kelmadi va men yarim kechasi onamni kasalxonaga olib bordim, onam kasalxonada o‘ziga keldi, – deydi fermer suhbatda.
Fermerning 70 yoshdan oshgan onasi Umrinsa Xayrullaeva o‘sha paytda uyda bo‘lgan. U o‘g‘li tomonga formali kishilar to‘pponcha ko‘tarib kelayotganini ko‘rib, qo‘rqqanidan qon bosimi ko‘tarilib, hushidan ketadi.
10 kun kasalxonada davolanib chiqdim. Lekin meni shu ko‘yga solgan melisalar bir marta borib, holimdan xabar olmadi. Hozir ham uyimizga kimdir kirib kelsa qo‘rquvdan qo‘l-oyog‘im qaltirab ketyapti, – dedi Umrinsa xola.
G‘ayratjon Xayrullaev bu voqea haqida 8 iyul tongida 1102 raqami orqali Ichki ishlar vazirligiga, 1107 raqamini terib Prokuratura organlariga shikoyat yo‘llagan. Ammo uning shikoyatlari yetarlicha o‘rganilmasdan va undan hech qanday tushuntirish olinmasdan, tuman prokuraturasi va Ichki ishlar bo‘limi tomonidan “IIB xodimlari xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi” haqida javob xati berilgan.
Fermer nima sababdan uyiga IIB xodimlari bostirib kirganligini haligacha tushunmayotganini aytadi: – Ularga Rishton tuman melisalarining boshlig‘i Shavkat Mavlonov topshiriq bergan ekan, – deydi u.
Yana bir rishtonlik fermer Aziz Tojiboev avgust oyida yana o‘sha Rishton tumani IIB boshlig‘i Shavkat Mavlonov “sharofati” bilan 4 sutka qamoqda o‘tirib chiqdi.
Voqea qanday sodir bo‘lgan edi?
Shu yilning 15 avgust kuni fermer Aziz Tojiboev dalasidagi paxtalarni ko‘zdan kechirib, agrotexnik tadbirlar o‘tkazish uchun borayotgan paytda temiryo‘l kesishmasidan o‘tayotgan mashinasini uch nafar IIB xodimlari to‘xtatgan.
Ular fermerga tegishli paxtani defoliatsiya qilish uchun ishlatiladigan “OVX apparatini ta'mirlatishga olib bormayotgani” uchun Shavkat Mavlonov oldiga chaqirayotganligini aytishadi.
Men bir necha kun avval nachalnik melisaga ishim ko‘pligini, u apparat ta'mirtalab emasligini, agar remont qilish kerak bo‘lsa o‘zim ham tuzatib qo‘yishim mumkinligini aytganman. Tuman hokimini ham bu haqda xabardor qilganman. Hokim “sening paxtang ko‘p, ishingni qilaver, paxtaga qarayver, nachalnik melisa bilan o‘zim gaplashaman” degani uchun men u apparatni ta'mirlatishga olib bormayotganligimni melisalarga ham tushuntirdim. Shunda melisalardan biri boshlig‘i (Shavkat Mavlonov)ga telefon qilib, ayni mening gaplarimni takrorladi. Go‘shakdan “qo‘liga kishan solib tezda olib kel” degan buyruq keldi. Qo‘limga naruchnik taqib, uchta melisa o‘zlarining oq lasetti mashinalariga solib olib ketishdi. U yerda menga turli qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirmoqchi bo‘lishgan edi, men imzo chekmayman deb turib oldim. Shunda meni olib borgan melisalardan biri “aka, siz qo‘l qo‘yavering, nari borsa 400 ming so‘m jarima qo‘llashadi, uni o‘zim ham to‘lab qo‘yaveraman, bizni ham to‘g‘ri tushuning, boshlig‘imiz tezda 15 sutka qilinglar deyapti”, deb meni qo‘l qo‘yishga ko‘ndirdi.
Shu kuniyoq Rishton tumani ma'muriy sudiga olib borishdi. Sudda men “advokat olaman, bo‘lmasa hech narsani gapirmayman” desam, sudya ham “advokat deydigan bo‘lsang, jazoni og‘irlashtiraman” deb advokat olishimga qarshilik qildi, – deydi fermer.
Shu tariqa Rishton tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 20 avgust kuni fermerga 5 sutka ma'muriy qamoq jazosi va 2 000 060 ming so‘m jarima tayinlash haqida qaror chiqardi. Fermer Ma'muriy kodeksning uchta moddasini buzganlikda, ya'ni ichki ishlar xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik, mayda bezorilik va “shahvoniy shilqimlik qilish” bilan ayblandi.
Ajablanarlisi, “ shilqimlik qilish” moddasi go‘yoki osmondan paydo bo‘ldi. Voqea joyida mutlaqo bo‘lmagan, ammo sudda ko‘rsatma bergan “jabrlanuvchi” fermer unga qachondir “bir-ikki marta shilqimlikka oid SMS xabar” jo‘natgani, lekin ularni o‘chirib yuborganini aytdi. Shuningdek, “jabrlanuvchi” o‘zi ariza yozmagani, balki IIB xodimi yozib bergan qog‘ozga imzo qo‘yganini bildirdi. U shuningdek, fermerga berilgan jazoni yengillashtirishni so‘rab, “ish shunchalik jiddiylashib ketishini o‘ylamaganini” aytdi.
Aziz Tojiboev sud hukmidan norozi bo‘lib, appelatsiya shikoyati yozadi va 4 sutkadan so‘ng, shikoyat qisman qanoatlantiriladi va u 4 sutkadan keyin qamoqdan ozod qilinadi.
Keyinroq, Farg‘ona viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya sudi qarori bilan yetarlicha dalillar yo‘qligi sababli fermerdan mayda bezorilik va IIB xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik ayblovlari olib tashlandi. Sud agrotexnika fermerning shaxsiy mulki ekanligi bois IIB xodimlarining defoliatsiya o‘tkazish uchun texnika olib kelish talabini qonuniy emasligini ta'kidladi.
Azizjon Tojiboev ham o‘ziga nisbatan IIB boshlig‘i tomonidan qilingan bosimlar haqida 1102 raqami orqali Ichki ishlar vazirligiga shikoyat qilganligini aytadi. Ammo shu kungacha uning murojaatlari tegishli tartibda o‘rganilmasdan qolmoqda.
Bu ikki holat Rishton tumani IIB xodimlari tomonidan vakolat suiste'mol qilingani va bir qator qonun normalari buzilganini ko‘rsatadi. Qonun ustuvorligini ta'minlashi lozim bo‘lgan prokuratura organlarining befarqligi esa qonuniylikka putur yetkazmoqda.
Ikki fermerga nisbatan qo‘llangan zo‘ravonlik juda ko‘p savollarni tug‘diradi: Rishton tumani IIB boshlig‘i Shavkat Mavlonov kabi rahbarlar lavozimda qolayotgan bir paytda qonun ustuvorligini haqiqatan ta'minlash mumkinmi? Jabrlanuvchi fermerlar IIB xodimlari zo‘ravonligi natijasida yetkazilgan zarar uchun haqiqatda tovon olish imkoniyatiga egamikan?
Bu savollar hozircha ochiq qolmoqda.
Obuna bo‘ling: https://t.me/UzFoHR
