“Real Sanjik” hibsga olindi
TINTUV, AYBLOVLAR VA MANBALAR TILGA OLAYoTGAN BAHSLI HOLATLAR
26 noyabr kuni “Real Sanjik” nomi bilan tanilgan bloger Sanjarbek Karimov Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘tkazilgan maxsus tadbir paytida hibsga olindi.
Rasmiy ma'lumotlarda u tovlamachilik va boshqa jinoyatlarda gumonlanayotgani aytilgan. “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov blogerning 19:00 larda ushlanganini ma'lum qilib, huquqni muhofaza qilish idoralarini protsessual qoidalarga qat'iy amal qilishga chaqirdi.
Eltuz manbasiga ko‘ra, voqealar rasmiy ma'lumotlardan butunlay boshqacha kechgan. Manbaning aytishicha, Sanjarbek Karimov 26 noyabr kuni soat 20:30 da Toshkent shahar Ichki ishlar bo‘limiga o‘z xohishi bilan borgan. Uning ustidan “Shaxzodaning onasini so‘kkansan” degan iddao asosida Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi bilan ish qo‘zg‘atilgan. Manba ta'kidiga ko‘ra, bloger hech kimdan qochmagan va chaqiruvga o‘z vaqtida yetib borgan.
Undan bir necha soat o‘tgach, kechasi soat birda oper xodimlar blogerning ofisi eshigini buzib kirgan, hamma joyni titishgan va uning ilgari marhum otasi yashagan uyini ham tintishgan. Manbaning aytishicha, tintuv jarayonida Sanjarbek Karimovning yaqinlaridan hech kim ishtirok etmagan. Keyinchalik Toshkent IIBBning “maxsus shaxslaridan” guvoh sifatida imzo qo‘yib olingan.
Manbaga ko‘ra, Sanjarbek Karimovning uyidan qurol topilmagan. Iddaolarga ko‘ra, tintuv paytida huquqni muhofaza qilish xodimlaridan biri blogerning otasi kiygan palto cho‘ntasiga 10 gramm giyohvand modda solgan va bu modda Sanjarbekka tegishli ekani sifatida bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Eltuzga taqdim qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, tintuv vaqtida giyohvand modda aniqlangan ikki joy bo‘lgan. Birinchisi, stol tortmasidan topilgan bir quticha nasha, ikkinchisi esa blogerning otasiga tegishli shkafda turgan paltodan tselofanga o‘ralgan holda topilgan 9 gramm gashish. Manbaning ta'kidiga ko‘ra, har ikki moddadan ham biron-bir tirik ter izi, ya'ni Sanjarbek Karimovga tegishli barmoq izi chiqmagan. Bu holat moddalarning qaerdan kelib qolgani haqida yanada ko‘proq savol tug‘dirmoqda.
Shundan keyin e'lon qilingan Mirobod tuman sudi hujjatlarida Sanjarbek Karimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi, shuningdek 25 va 273-moddalari bo‘yicha ayblov qo‘yilgani qayd etilgan. Sud materiallariga ko‘ra, tintuv vaqtida olingan o‘simlik moddalari ekspertizadan o‘tkazilgan va ularda tetragidrokannabinol borligi aniqlangani aytilgan.
Biroq Eltuz manbasi qo‘shimcha bir muhim ma'lumotga e'tibor qaratishni aytadi. Manbalarga ko‘ra, Sanjarbek Karimov qonining laborator tahlili o‘tkazilgan va uning tarkibida biron-bir giyohvand modda aniqlanmagan. Manba bu holat moddalarning haqiqatan ham blogerga tegishli ekaniga shubhani yanada kuchaytirishini ta'kidlamoqda.
Sanjarbek Karimov uch oyga qamoqda qoldirildi. Sud qarori darhol ijroga qo‘yilgan. Qaror ustidan 72 soat ichida shikoyat berish mumkin.
Bloger ismi avvalroq 240 ming dollarlik uy bilan bog‘liq mojaroda ham tilga tushgandi. U paytda nikoh va'dasi bilan aldovga uchgan Sh. A.ning uyi blogerga sotib yuborilgani aniqlangan. Sanjik uyni bolalar uyiga ehson qilishini aytgan, ammo notarial hujjatlar taqdim etilmagani rasmiy idora tomonidan ma'lum qilingan. Bu ishda Sh. R. keyinchalik sud qilinib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Hozirgi ishda esa rasmiy ayblovlar va Eltuz manbasi aytayotgan da'volar o‘rtasida keskin qarama-qarshilik mavjud. Rasmiy idoralar hozircha tintuv vaqtidagi bahsli holatlar, ayniqsa giyohvand moddalarning paydo bo‘lishi haqida izoh bermagan.
