Asosiy mavzular
10 october 2016

Mirziyoevning farmoni haybarakallachi deputatlarni faollashtirdi

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi quruq gap-so‘zlarning yangi to‘lqinini boshlab berdi.

O‘zbekistondagi barcha nashrlar mazkur farmonga turli toifadagi kishilar munosabatlarini e'lon qilishga tushib ketdi.

Farmonning «muhim ahamiyati», uning tadbirkorlik faoliyatini «dunyo mezonlari bo‘yicha rivojlantirishga zamin yaratishi» aytilmoqda.

Har doimgidek, farmonga munosabat bildirishga parlament deputatlari juda faolligi sezilib turibdi. Deyarli har bir gazetada birorta deputatning bu boradagi maqolasini o‘qish mumkin.

Xususan, «Adolat» gazetasi (07.10) orqali chiqish qilgan «Adolat» SDPning Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi a'zosi Qodir Jo‘raev farmonni sharhlar ekan: «…deputatlar ushbu farmon mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda, unda belgilangan keng ko‘lamli chora-tadbir va ustuvor yo‘nalishlarni ro‘yobga chiqarishda nihoyatda tashabbuskor va faol bo‘lishi talab etilishi»ni ta'kidlaydi.

Deputatning XDP fraktsiyasidan bo‘lgan hamkasbi Yoqub Umarov esa «O‘zbekiston ovozi» gazetasidagi (08.10) chiqishida bu farmondan «o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir» partiyasining manfaatlari yo‘lida foydalanib qolishga harakat qiladi.

«…mazkur farmon partiyamiz saylovoldi dasturida belgilangan qator vazifalar amalga oshishiga, o‘z ishini yo‘lga qo‘yish niyatidagi elektoratimiz vakillarining intilishini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi», deydi sobiq kommunistik partiya merosxo‘ri bo‘lgan deputat.

Yuqorida tilga olganimiz kabi farmonlar Islom Karimov davrida ham behisob chiqarilgan. Deputatlar ham ularni «tarixiy hujjat» deya baholab, son-sanoqsiz chiqishlar qilgan. Lekin bu «tarixiy hujjatlar» suvga tushgan toshdek yo‘qolib, faqat qog‘ozda qolib ketgani bugun hech kimga sir emas.

Ha aytgancha, yangi farmon bahonasida e'lon qilingan chiqishlar eski «tarixiy hujjatlar» chiqqan vaqtda chop etilgan munosabatlarning aynan o‘zidir. Faqat bunda farmonning nomi o‘zgargan, xolos…

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 june 2017
O‘zbekistonda qo‘shiqchilarga rasmiy ruxsatsiz YouTubega klip joylashtirish 1 iyuldan taqiqlanadi. Litsenziya bitimlariga oid yangi o‘zgarishlarga asosan, bunday ruxsat «O‘zbekkontsert» ...
19 may 2017
18 may kuni Navalniyga tupurganini bildirgan Alisher Usmonov videosi ijtimoiy tarmoqda tezgina ovoza bo‘ldi. Siyosatchi va bloger Navalniyni sudga ...
18 september 2025
15 sentyabr kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Inson ijtimoiy xizmatlari bo‘limi ijtimoiy to‘lovlar sho‘'basi rahbari Nurullo Durmanov 2 ming ...
1 may 2020
Bu kunning kommunizm va sovetlarga aloqasi yo‘q. Ishchilar haq- huquqi O‘zbekistonda poymol qilinmoqda. Bilingki, sizni kuniga 8 soatdan ko‘p ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...