Asosiy mavzular
18 november 2016

Abdulla Oripov nomi norasmiy taqiqda ekaniga asos bor…mi?

Abdulla Oripovning vafoti xalqimizning sevimli shoiri so‘nggi vaqtlarda norasmiy taqiq ostida yashagani, bundan bir qancha vaqt ilgari «Ozodlik» radiosi orqali chiqishida bekorga «Mashrab osilganda jim o‘tirgan bu xalqdan yana nimani kutish mumkin?» qabilida yozg‘irmaganini ko‘rsatib berdi.

Biz bu gaplarni ichimizdan to‘qib yozayotganimiz yo‘q. Rasmiy nashrlarni kuzatib shunday xulosaga keldik. Buning uchun yetarli asoslarni mahalliy matbuotning o‘zidan oldik.

Shoir vafotidan buyon deyarli ikki hafta o‘tdi. Internetdagi saytlarda uning vafoti munosabati bilan o‘nlab xotiralar, marsiyalar chop etildi. O‘zini adabiyotga daxldor bilgan ko‘pchilik bu g‘amni internet orqali boshqalar bilan baham ko‘rdi.

Ammo rasmiy matbuot to‘g‘risida bunday deb bo‘lmaydi. Ularni kuzatish chog‘ida e'tiborni tortadigan birinchi jihat rasmiy ta'ziyaning kechikkani bo‘ldi. Rasmiy ta'ziya shoir vafotidan naq bir hafta o‘tib chop etildi (internet saytlarda 6 kun o‘tib).

Ba'zilar hatto nega hukumatning rasmiy ta'ziyasi e'lon qilinmayapti, deya haqli ravishda bir-biriga savol ham berganiga guvohmiz.

Balki buni dafn marosimining ob'ektiv sabablarga ko‘ra kechikkaniga bog‘lash mumkindir. Har holda davlatning biz bilmaydigan rasmiy tartib-taomili shuni talab etar. Biroq oddiy xalq buni qanday tushunsin?

Ikkinchi jihatni esa «O‘zbekiston adabiyot va san'ati» gazetasidan qidirdik. Bu nashr aslida o‘zbek adabiyoti va san'ati vakillarining minbari vazifasini bajarish uchun tashkil etilgan.

Sevimli shoirning vafotidan bir hafta o‘tib (gazeta haftada bir marta chop etiladi) unda Abdulla Oripov vafoti sabab rasmiy ta'ziyadan boshqa bir satr yodnoma joylashtirish uchun ham joy topilmadi.

«Buyuk shoir» deymiz, «O‘zbekiston madhiyasi muallifi» deymiz, shunday odam haqqiga gazetadan bir og‘iz yaxshi xotira uchun joy topilmasa-ya!

«Shaxsan bosh vazirimizning o‘zi janozada qo‘l bog‘lab turdilar, bu adabiyotimizga ko‘rsatigan ehtirom belgisi», deya internetni to‘ldirayotgan mahalliy shoir va yozuvchilarning A.Oripov to‘g‘risidagi xotiralari yo‘qmidi?

«Yuzlab yillarda bir tug‘iladigan daho» haqida Yozuvchilar uyushmasi atalmish saltanatda bugun hukm yurgizayotgan «shohu vazirlar»ning shoirga atalgan ikki og‘iz yodnomasi yo‘qmidiki uni o‘zi muassis bo‘lgan gazetada bostira olmasa?

Shunday shoir uchun gazetaning butun bir sonini bag‘ishlasa ham bo‘lardi-ku? Nega unda rasmiy nashrlar, xususan, «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» og‘ziga mum tishlab o‘tiribdi?

Aslida, bizning nazarimizda, Abdulla Oripov xotirasiga aytilmoqchi bo‘lgan gaplar, yodnomayu marsiyalar juda ko‘p. Buni internet saytlaridagi faollikdan ham ko‘rdik.

Demak, hamma gap siyosatda. Ta'ziyasida davlatning deyarli barcha rahbarlari ishtirok etgan, dafn marosimi hukumat darajasida tashkil etilgan shoir vafoti munosabati bilan mahalliy matbuotda rasmiy ta'ziyadan boshqa hech narsa e'lon qilinmasa, yana qanday xulosaga kelish mumkin?!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 march 2020
«UzAvto Motors» AJ 9 martdan avtomobillar narxini 3 foizdan 21 foizgacha oshirganini ma'lum qildi.  Bildirilishicha, oddiy aholi sotib olishi ...
21 july 2016
Ayni holatni o‘z karikaturasi orqali hajv qilishga intilgan rassom Elsevar, yonida pasporti yoki propiskasi bo‘lmaganlar militsiya nishoniga aylanganiga e'tiborni ...
4 april 2022
Qozog‘iston rasmiylari mamlakat prezidenti To‘qaevga suiqasd uyushtirishni rejalashtirgan “xorijiy razvedka agenti” qo‘lga olinganini ma'lum qildilar.  Lekin uning qaysi mamlakat ...
15 february 2021
O‘sha qadim, qadim zamonlarda davlati boy, odamlari erkin, baquvvat, oilalari baxtiyor, adolat ustun bo‘lgan mamlakatga to‘satdan yov bostirib kelibdi. ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...