Asosiy mavzular
12 january 2017

Chiroqsiz aholi, suv muammosi yechim topgani va boshqalar haqida

Kun.uz sayti garchi mayda-chuyda bo‘lsa-da, muammolarni ko‘tarib chiqishda davom etmoqda. Bu muammolarning yechimlari va sabablari chuqur ochib berilmayotganiga qaramay, ular tilga olinayotganining o‘zi e'tiborga loyiq.

Xususan, sayt Shahrisabzda bir-ikki oydan buyon elektr ta'minoti juda yomonlashgani, tuman hududida sutkasiga 4 soatgina chiroq borligini yozib chiqdi.

Bu masala yuzasidan fikr bildirgan Qashqadaryo elektr ta'minoti korxonasi mutaxassisi 29 dekabrdan 2 yanvargacha butun viloyatda elektr ta'minotida uzilish bo‘lmagani ortida odamlarga bayram kayfiyati ulashish maqsadi yotganini aytgan.

Mutaxassis chiroq o‘chirilishiga sabab aholi ajratilgan limitni elektr pech ishlatish yoki tarmoqqa noqonuniy ulanish orqasidan tugatib qo‘yayotgani, natijada transformatorlarga ortiqcha yuk tushayotgani bilan izohlagan.

Savol tug‘iladi, bayram kunlari elektr uzluksiz berilganda nega transformatorlarga yuk tushmaydi-yu, boshqa kunlari yuk tushadi? Afsuski, maqolada bu savolga javob yo‘q.

Buning o‘rniga mutaxassis Shahrisabz hududida 15-20 yanvar kunlariga qadar elektr ta'minoti barqarorlashishi aytib, xalqni yangi prezident qaroriga muvofiq yaqin 5 yil ichida O‘zbekistonning barcha hududlarida elektr ta'minoti yaxshilanishidan umidvor qilgan.

E'tiborli jihati, maqolada bevosita aholining tilidan elektr taqchilligi qanday noqulayliklar, azoblar keltirayotgani ham aytib o‘tiladi.

«Rahbariyat xalqni, xalq rahbariyatni ayblashda davom etsa, u yurtda taraqqiyot bo‘ladimi? Olib borilayotgan islohotlar, o‘ylab chiqilgan va hayotga tatbiq etilayotgan g‘oyalar taqdiri xotinlarning “bor tovog‘im, kel tovog‘im”iga o‘xshab qolmaydimi?» deya ritorik savol tashlanadi maqolada.

Kun.uz maktab o‘quvchilariga metallolom, makalatura topshirish kabi ko‘plab majburiyatlar yuklanishi mavzusiga e'tibor qaratib, bu masalada tegishli idoralarning javobini olishga ham muvaffaq bo‘lgan.

Sal avvalroq sayt jizzaxlik hamkorining Arnasoy tumanida har bir o‘quvchiga 30 kg dan «metallolom solig‘i» solingani, buning uchun 18 ming so‘mdan pul yig‘ilayotgani to‘g‘risidagi maqola e'lon qilingani ortidan Mehnat vazirligi tegishli tekshiruvlardan so‘ng bu ma'lumotlarni asossiz deb baholaganini yozdi.

Xalq ta'limi vazirligi esa Mehnat vazirligiga “Xalqaro mehnat tashkilotining tegishli konventsiyalariga muvofiq vazirlik tomonidan maktab o‘quvchilarini majburiy va og‘ir mehnat turlariga jalb etmaslik bo‘yicha qat'iy topshiriq berilgan», deb xat ham yo‘llabdi.

Sayt O‘zbekistondagi bugungi sharoitda mazkur masalani ko‘tarib chiqqanining o‘zi dadillikdir. Mas'ul idoralarning bu muammoni rad etishi esa boshqa masala.

Birgina paxta mavsumidagi majburiy mehnat, bolalar mehnati haqida yuzlab ishonchli ma'lumotlarni rad etib kelayotgan bu idoralardan yana qanday ham javob kutish mumkin?

Eng asosiysi, O‘zbekiston saytlari bunday muammolar borligini ochiq yoza boshladi. Shuning o‘zi ham hozircha katta gap.

Ko‘tarilgan ba'zi muammolar esa yechim ham topayotgani ma'lum bo‘lyapti. Jumladan, sayt Jalaquduq tumanidagi Yorqishloq qishlog‘idagi ichimlik suv muammosini ko‘tarib chiqqanidan so‘ng mutasaddilar bu masalani zudlik bilan hal etishga kirishgani haqida xabar berdi.

Bundan xulosa shuki, muammolarni yozish mumkin ekan. Yangi prezidentning xalq istaklari bilan hisoblashish siyosati bahonasida ularning hammasi bo‘lmasa-da, ayrimlari yechim topishiga umid qilsa bo‘layotganga o‘xshaydi…

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 september 2016
Dunyoning qator ommaviy axborot vositalari, xususan, o‘zbek tilli mustaqil nashrlar O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoev «Konstitutsiyaga zid ravishda o‘zining ...
12 december 2025
Qoraqalpog‘istonda prezident xalq uchun ajratib bergan 100 ta “Isuzu” avtobusining taqdiri katta muammoga ishora qilyapti. 2018 va 2019 yillarda ...
19 december 2025
Ko‘pchilik «natsizm» va «fashizm» tushunchalarini adashtiradi. Aslida esa — Gitler natsist bo‘lgan, Mussolini esa «fashist». Natsistlar tarixiy adolat niqobi ...
14 june 2016
ShHT sammiti yaqinlashgan sayin o‘zbek hukumatining ho‘jako‘rsin tadbirlari ko‘lami ortmoqda. Rasmiylar o‘z harakatlarini Vazirlar mahkamasining “Toshkent shahri magistral ko‘chalarini ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...