Asosiy mavzular
12 may 2022

12 may – Turkistondagi ilk universitetga asos solingan kun

Men ToshDUning jurnalistika fakultetiga 1982 yil o‘qishga kirgandim. Turkiston, ya'ni Markaziy Osiyo va Qozog‘iston hududidagi bu ilk universitetga 1918 yili asos solingan.

80-yillar oxiri va 90-yillar boshiga kelib universitet bosh binosi mustaqillik va demokratiya uchun kurash beshigi bo‘lib xizmat qilganini eslayman.

Biz uchun esa jurnalist bo‘lishdan ko‘ra shoir va yozuvchi bo‘lish obro‘liroq edi. Chunki jurnalistika deya bizga o‘rgatilgan kasb eski sovet tuzumi targ‘iboti edi, xolos.

Bugun ham kursdoshlarimdan qaysilari haqiqiy jurnalistika bilan shug‘ullanayotgani-yu, kim siyosatda, kim muxolifatda, kim din yo‘lida javlon urayotganini aniq aytishim qiyin.

Yoshlik – g‘o‘rlikmi?

1982 yili masalnavis domlamiz Muxtor Xudoyqulov boshchiligidagi «Nishona» she'riyat klubida o‘qigan ilk she'rimni shunday eslayman:

Toleimga zanjirim uzun,
Boz akillash huquqim ham bor.
Kerakdirman partiyam uchun,
Partiyamga zanjir ham darkor…

O‘shanda domlamiz menga nasihat qilgan bo‘lib, «hali yoshsan, g‘o‘rsan», dedi.

Mendan oldin o‘qishga kirgan isyonkor bir shoir yigit – xorazmlik Bahodir Sodiqning sirli o‘lim topgani, «yoshlarning ongini buzayotgan yana bir xorazmlik shoir Muhammad Solih» haqida gapirdi.

«Xorazmliklar asli shunday o‘zi. Keskin kontinental iqlimning ta'siri bor», dedi istehzo bilan.

Katta kursdagilardan biri esa o‘zicha «birinchi kursdagilarning hammasi shunaqa burni ko‘tarilgan bo‘ladi», deya piching qildi.

Bu piching surxondaryolik kursdoshim, shoir Salim Ashurning oriyatiga qattiq botdi. Keyinchalik u «Har kimning bor birinchi kursi», degan mashhur she'rini yozdi.

Mavzuni yana bir shoir kursdoshim, buxorolik Saidburxon davom ettirdi, farg‘onalik Shuhrat esa rubob bilan qo‘shiqqa solib kuyladi. She'riy bahs talabalar paxta terimi payti dalalarda uyushtiriladigan tungi gulxanlarda ham davom etdi.

Isyonkorligimizmi yoki siyosatning borishi, xullas, 1983 yili universitetdagi harbiy xizmatga bormagan barcha yigitlar ikki yillik armiyaga jo‘natildik.

Mustaqillik va demokratiya uchun kurashning boshlanishi

Armiyadan so‘ng tag‘in universitetga o‘qishga qaytdik. Bilmadim, o‘shanda balki bizdagi yoshlik va g‘o‘rlik shijoatiga armiya intizomi va irodasi ham qo‘shilgandir?

Xullas, biz o‘ta maksimalist, gapdan ko‘ra harakatni, mulohazadan ko‘ra tavakkalchilikni afzal biluvchi yoshlarga aylandik.

Ayniqsa, 1986 yil dekabridagi Olmaota voqealari keyinchalik Toshkent talabalarining maxfiy to‘garaklarga uyushishiga olib keldi.

«Til bayrami» nomi bilan 1988 yil fevralida talabalar shaharchasida o‘tgan ko‘p ming kishilik ilk namoyish ham milliy mustaqillik debochasi edi.

«Hammasi buva va buvi bo‘lib ketishgan…»

Universitetga asos solinganiga bir kam yuz yil to‘lishi kursdoshlarimni va suronli yillarni eslashga bir bahona bo‘ldi.

«Ularni endi topa olmaysan, hammasi uvali-juvali, buva va buvi bo‘lib ketishgan», dedi mesenjer orqali menga javob bergan farg‘onalik kursdoshim Mavjuda.

Shohira ismli boshqa kursdoshim esa mening qizlarga atab yozgan ishqiy she'rlarimdan birini o‘qib berdi.

Baxt emasdir yengilsa xatar,
Baxt emasdir g‘oliblik tug‘i.
Inson baxtli bo‘lardi agar,
Rashk qilishga bo‘lsa huquqi…

Shu she'rni o‘zim ham unutgan ekanman. Bu satrlarni kursdoshimning unutmaganiga qoyil qoldim.

«Saytingni o‘qib turamiz, lekin biz yozadigan narsalar sayting uchun qiziqarli bo‘ladi, deb o‘ylamayman, do‘stim», dedi  u «Eltuz»da tez-tez chop qilinayotgan muxolif fikrli maqolalarga ishora qilib.

O‘zbekistondagi mahalliy gazeta, radio va televidenielarni gullatayotgan 20 nafardan ziyod kursdoshimning ko‘pi feysbukda hech qachon bo‘lmasligini bildirgan Mavjuda yaqinda kursdoshlar yig‘ilishini uyushtirmoqchi ekanini aytib, meni ham shu bazmga taklif qildi.

«Feysbuk endi sen bilan menga o‘xshagan «yoshlar»ga bir ermak», dedi salkam 60 ni qoralagan Mavjuda talabalik chog‘larini eslab.

Mendan o‘z ismini saytda bermaslikni astoydil o‘tingan boshqa bir kursdoshim esa kelishni maslahat bermasligini bildirdi. Karimov ketgani bilan na siyosatda, na so‘z erkinligi borasida hali hech narsa o‘zgarmaganini aytdi.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 december 2016
Arkadiy Shayxet (1898 – 1959 yy.) sovet mafkuraviy fotoreportaj sohasining ko‘zga ko‘ringan arbobi. Uqubatli haëtni “maftunkor haqiqatga” aylantirish bo‘yicha ...
12 november 2015
Bugun 12 noyabr kuni ertalab 21 yil qamoqda bo‘lgan, 4 marta raskrutka qilingan taniqli muxolifatdagi siyosatchi Murod Jo‘raev ozod ...
15 january 2026
Imtihon paytida professor talabani yiqitmoqchi bo‘lib, savol beribdi: — Tasavvur qil, yo‘lda ketayotsang ikkita qop yotibdi. Birida — aql va ...
29 may 2017
Ikki yildan beri Istanbulda yashab kelgan O‘zbekiston vatandoshi Shahnoza. K o‘zi bilan bir uyda istiqomat qiladigan ukasi 24 yashar ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...