Asosiy mavzular
1 march 2019

Babayanning shubhali qaytishi

Samvel Babayanning yana o‘zbek futboliga qaytishi masalasida bir necha nuqtalar borki, kishida ko‘plab shubhalar uyg‘otadi.

Birinchi nuqta shuki, u o‘tgan 2018 yil 15 yanvarda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan o‘zbek futbolidan butunlay, ya'ni bir umrga badarg‘a etilgan bo‘lsa-da, oradan 2 hafta o‘tib, 1 fevralda bu qaror bekor qilinyapti.

O‘sha paytda O‘FA milliy terma jamoaning sobiq bosh murabbiyini “Paxtakor” klubi futbolchilarining shartnomasi bilan bog‘liq qallobliklarni amalga oshirganlikda, shuningdek, milliy terma jamoadan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanganlikda” ayblagan edi.

Tez orada esa O‘FA o‘z qarorini bekor qilib, buni S.Babayanning “milliy terma jamoada bosh murabbiy bo‘lib ishlaganida namoyon qilgan vatanparvarligi uchun”, degan so‘zlar bilan izohlayapti.

Bu faktlar Samvel Babayanning o‘z tilidan endigina yangramoqda va u nega ilgari bu haqda gapirmaganini “buni oshkor qilmaslikni iltimos etishdi”, deya tushuntiryapti.

Babayanning haydalishiga esa aynan uning terma jamoadagi muvaffaqiyatsizligi va jamoaning xalqaro maydonlardagi o‘yinlari orqali o‘zi uchun “sevimli” bo‘lgan futbolchilarni mo‘maygina sotish maqsadi bo‘lgani ham aytilgandi.

Babayanning “sevimli” futbolchilari qatorida esa to‘pni egallagandan so‘ng darvoza qaerdaligini bilmay qoladigan hujumchi Igor Sergeev va otqorin darvozabon Aleksandr Lobanov bor edi.

Ikkinchi nuqta, ya'ni masalaning yana bir qiziq jihati shuki, sobiq bosh murabbiyni umrbod diskvalifikatsiya qilmaslikni “Bunyodkor” jamoasi so‘rayapti va unga shaxsiy kafil bo‘lyapti.

Holbuki, “Bunyodkor” Samvel Babayan ko‘p yillar asosiy figura bo‘lgan “Paxtakor” jamoasining printsipial raqibi hisoblanadi (har holda ular o‘rtasidagi raqobat ishqibozlarga shunday taqdim etiladi).

Endi e'tiborni O‘FA tomonidan sobiq bosh murabbiyning o‘zbek futboliga qaytishi izohlangan bayonotga qaratsak.

“O‘FA bundan buyon Samvel Babayan O‘zbekistonning hech qaysi terma jamoasida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymaydi. Qo‘shimchasiga, keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan “Lokomotiv” futbol klubining qaroriga ham qarshilik ko‘rsatmaydi”, deyiladi bayonotda.

Zaharxandani sezyapsizmi? Go‘yoki O‘FA umrbod o‘zbek futbolidan haydalgan odamning qaytishiga qarshilik ko‘rsatishga ojiz ekanini aytmoqchidik.

Bu zaharxandani Samvel Babayan ish boshlagan “Lokomotiv” klubi mutasaddilari ham sezib, unga javob qaytarishga majbur bo‘ldi.

Ana shu zaharxanda “Lokomotiv”ga yoqmadi va klub S.Babayansiz ham ancha yillardan buyon muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini eslatib, O‘FAdan izoh so‘radi. Hozircha O‘FA izoh bera olgani yo‘q.

Samvel Babayanning o‘zbek futboliga qaytishi ijtimoiy tarmoqlarni “portlatdi”. Chunki o‘zbeklar so‘nggi vaqtlarda stadionlarga kam borayotgan bo‘lsa-da, baribir futbolsevar xalq.

“Yangi kino chiqibdi. Nomi: “Babayan. Perezagruza”, deya yozg‘irdi bir yuzer.

“Samvel aka Babayan yana futbolga qaytibdi. Iya, bratanni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi umrbod futboldan chetlatgan edi-ku? Obbo, shunqorlar-ey! “Sen o‘zing kimsan-u, diskvalifikatsiyang nima bo‘lardi”, degandek gap bo‘pti-da”, deb yozdi boshqasi.

“Babayan qaytibdi. Bo‘ldi, futbol otmen, tarqalamiz”, degan izoh yonida “Mayli, bizning qishlog‘imizga chiroq ham, gaz ham, asfalt ham kerakmas. Bitta savolimga javob kerak, xolos: nega Babayan qaytdi, nega aynan Lokoga?” degan yozuv paydo bo‘ldi.

Ishqibozlarning xavotirlariga jon bor. Chunki Samvel Babayan “Lokomotiv”ga ham aynan futbolchilarni pullaydigan lavozimga qaytmoqda. Ya'ni uning vazifalaridan biri selektsiya ishlari bilan shug‘ullanishdir.

Xullas, bo‘ri yana qo‘ylar to‘dasining mas'uli vazifasiga qaytdi…

Sardor Azim
Eltuz.com

PS. “Eltuz” bilan suhbatlashgan sport mutaxassislaridan birining aytishicha, armani guruhlarining o‘zbek sportiga ta'siri juda katta. Ular dzyudo, volleybol, futbol kabi sohalarda juda katta ta'sir kuchiga ega. Uning fikricha, avvaliga o‘zbek futbolidan umrbod haydalgan Samvel Babayanning qaytishini ham shu fonda tahlil qilish to‘g‘ri bo‘ladi.

Tag‘in o‘qing
4 october 2016
Yaqinda hammasi zo‘r bo‘ladi! Sizga rahmat, Shavkat aka! O‘zbek internet segmentida kelgusidagi ijobiy o‘zgarishlar va ularga yangi hukumat erishishi ...
1 november 2025
Afg‘oniston bilan Istanbuldagi muvaffaqiyatsiz tinchlik muzokaralaridan so‘ng, Pokiston mudofaa vaziri Xoja Asif Islomobod «Tolibon rejimini butunlay yo‘q qilishga va ...
19 june 2024
Ramzan Qodirovning to‘rtta xotini va ko‘plab «cho‘rilari» va “kanizaklari” bor. Ularning ayrimlari hali voyaga yetmay turib Ramzandan farzand ham ...
7 august 2025
Odamlarda san'at haqida umumiy tasavvur bo‘lishi uchun. Nega asar muzeyda turadi? Muzey eskponatinii nega davlat muhofaza qiladi? Nega oddiy ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...