Asosiy mavzular
12 april 2019

Suv toshqinlari qurbonlari bormi?

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda surunkali yoqqan yomg‘irlar sabab yuzaga kelgan sellar natijasida odamlar qurbon bo‘lgani to‘g‘risida xalq orasida turli gaplar yurganiga qaramay, Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) ma'lumotlarida bunga aniqlik kiritilmayapti.

FVVning yaqinda tarqatilgan xabarida ayrim viloyatlarda xonadonlarni suv olgani, hovlilar va tomorqalarga suv kirgani haqida so‘z boradi. Shuningdek, vazirlik sel oqibatlarini bartaraf etishga turli idoralar jalb etilganini qo‘shimcha qiladi.

Ammo odamlar orasida so‘nggi sellar vahimasi kuchli. Jumladan, son-sanoqsiz chorva mollari o‘lgani, odamlar orasida halok bo‘lganlar borligi aytilmoqda.

FVVning yuqorida tilga olingan xabarida Qashqadaryo viloyatining Qamashi va Chiroqchi tumanlariga kelgan sellar haqida ma'lumot berilgan bo‘lsa-da, Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘ tumanlaridagi sellar xususida lom-mim deyilmagan.

Shunga qaramay, Yakkabog‘ tumanidagi tog‘li hududlarda yuzaga kelgan sel kamida bir kishining o‘limiga sabab bo‘lgani ehtimoli bor.

“Yakkabog‘ning tepa zonasida joylashgan qishloqlardan birida yosh kelinchak “Damas” bilan birga oqib ketganini aytishyapti. U qanday qilib mashinada oqib ketgan, bunisi ma'lum emas. Yosh kelinchak ekan, deyishyapti. Jasadini hali ham topishmabdi”, dedi “Eltuz” bilan gaplashgan yakkabog‘liklardan biri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan haftada kelgan sel ko‘plab mol-qo‘ylarni ham oqizib ketgan. Sel shunchalik dahshatli bo‘lganki, so‘nggi vaqtlarda Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlarini ajratib turuvchi Qizildaryoda bunday suv toshqini kuzatilmagan.

“Ancha-muncha uylarni ham suv olib ketdi. Bunga odamlarning o‘zi ham aybdor. Suv yoqasiga yaqin joylarda uy qurib olgan. Ko‘p yil sel kelmasa ham eski suv yo‘liga uy-joy qurish yaxshi emasligidan qarilarimiz har doim ogohlantirib keladi. Lekin hozir yer yo‘q uy qurishga. Shuning uchun odamlar keksalarning gapiga ko‘p ham quloq solmay qo‘ygan. Suv o‘n yil kelmasligi mumkin. Ammo bir kelganda hamma joyni yuvib ketadi”, deydi yakkabog‘lik suhbatdosh.

Boshqa viloyatlarda ham sellar katta talafotlarga sabab bo‘lgani, hatto qurbonlar borligi to‘g‘risida turli xabarlar mavjud.

Shunga qaramay, FVV bu haqda rasman ma'lumot tarqatmayapti. Haqiqatan ham qurbonlar yo‘q bo‘lsa, bular faqat mish-mish bo‘lsa, xudoga shukur. Biroq buni rasman aytib, mish-mishlarga chek qo‘yish kerak nazarimizda.

FVV mavjud talafotlar to‘g‘risida ham batafsil ma'lumotlar taqdim etmayotgani turli gap-so‘zlar urchishiga olib kelishi esa tabiiydir.

Vazirlikdagi manbaning “Eltuz”ga aytishicha, bu yilgi kuchli yog‘ingarchiliklar sabab ko‘rilayotgan talafotlar avvalgi yillardagidan ko‘ra ancha ko‘p. Ayni paytda vazirlik butun kuchini sel oqibatlarini tugatishga jalb qilgan.

Bundan avvalroq mahalliy matbuotda sel Dehqonobodda temir yo‘lga zarar yetkazgani, Samarqand va Buxoro shaharlarida mahallalarni suv bosgani haqida xabarlar tarqatilgan edi.

Suratda: Navoiy viloyatining Achchi qishlog‘ida sel olib ketgan «Neksiya» avtomobili. Telegram kanalidan

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 november 2025
Toshkent viloyati hokimi AQShning “Becker & Poliakoff” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Toshkent viloyati hokimi AQShning nufuzli yuridik va lobbistik ...
26 february 2021
Yil o‘tub, yillar o‘tub tobora loyg‘a botamiz, Iblisning suprasinda vahdat mayini totamiz. Onamiz, balki gumroh, balki so‘qirdir otamiz, Ko‘r ...
9 december 2019
7 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoev, har yilgi an'anaga ko‘ra, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda nutq so‘zladi. ...
18 may 2022
Qashqadaryo viloyati Koson tumani jinoyat ishlari sudi 17 may kungi sud majlisida qamoq bilan bog‘liq jazo tayinlangan ingliz tili o‘qituvchisi Dildora Hakimovani sud ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...