Asosiy mavzular
12 november 2019

XDP rahbari maosh haqida gapirib “qovun tushirdi”

Parlament saylovi oldidan “demokratiya o‘yini” o‘ynashga kirishib ketgan partiyalar rahbarlari bilib-bilmay jamiyatning katta qatlami noroziligiga sabab bo‘ladigan bayonotlar berishda davom etmoqda. 

Tanishing, bu safargi “qahramon” O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatov. U kishining fikri, birinchi navbatda, Toshkentda yashayotganlarni masxaralashga o‘xshab ketadi. 

Xullas, “iste'mol savatchasi” miqdori haqida gapirgan sobiq kommunistik partiya merosxo‘ri bo‘lmish XDP rahbarining aytishicha, Toshkentda 2,5 million so‘m oylik oluvchi bir nafar boquvchi 7 kishidan iborat oilani boqishi mumkin. 

“Besh nafar farzandi bor va bitta oylik maoshi bilan yashayotgan bo‘lsa, 2,5 million oylik olsa, bemalol uyidagi besh nafar farzandi bilan… Buni iqtisodchilar hisoblab chiqqan”, – dedi Ulug‘bek Inoyatov.

Demak, besh farzandli to‘laqonli oilada jami 7 kishi bo‘ladi. To‘g‘ri, ba'zi nashrlar U.Inoyatov 5 kishidan iborat oila haqida gapirganini yozmoqda.

Ammo bu bilan masalaning mohiyati o‘zgarmaydi. Chunki bu mablag‘ bilan Toshkentda undan kam sonli oilaning ham o‘rtacha darajada yashashi imkonsiz ekanini poytaxtda umrguzaronlik qilayotganlar juda yaxshi tushunadi. 

Toshkentda buncha pulga yashash emas, omon qolish uchun kurashish mumkin, xolos. 

Eng qizig‘i shundaki, shu yilning sentyabr oyida XDP O‘zbekistonda “tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor”ni belgilash tashabbusi bilan chiqqan edi.

Endi XDPning o‘zi bu miqdorni partiya raisining qarichi bilan juda kalta o‘lchamoqda. Bu o‘rinda rais “qovun tushirgani” sababini O‘zbekiston tarixida saylov oldidan siyosiy partiyalar vakillarining ilk debati chog‘ida mazkur masalada birinchi bo‘lib gapirgani bilan izohlash mumkindir balki. 

Chunki undan keyin gapirganlar “iste'mol savatchasi” miqdori borasida juda ehtiyotkorlik bilan fikr bildirgan.

U.Inoyatov o‘z fikrini “Buni iqtisodchilar hisoblab chiqqan”, deya asoslashga uringaniga qaramay, aslida bu gaplari o‘rinsiz.

Zero, joriy yil iyul oyida iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jaev O‘zbekistonda “iste'mol savatchasi”ning taxminiy miqdori 650 ming so‘m ekanini aytgan edi.

Buyog‘i oddiy matematika. 7*650 000=4 450 000 (yoki agar XDP raisi 5 kishilik oilani nazarda tutgan bo‘lsa, 5*650 000=3 250 000).

U.Inoyatov qaysi iqtisodchilarning hisob-kitoblarini keltirgan, bunisi bizga qorong‘u. Ammo XDP ochiq rasmiy raqamlar bilan ishlay olmaydigan bunday iqtisodchilarga suyanadigan bo‘lsa, bo‘lajak saylovda “kosasi oqarmasligi” turgan gap. 

Xuddi poytaxtda oyiga 2,5 million so‘mga yashayotgan ko‘p sonli oilalar kabi…

Endi Ulug‘bek Inoyatov “qarichi kaltaligi” uchun matbuot va ijtimoiy tarmoqlarning nishoniga aylanishi shubhasiz.

Shuning uchun ertaga uning tushuntirishlari bitilgan bayonotlarni kutavering. Ammo o‘q otilib bo‘ldi. “Mergan”ning o‘zi endi nishon vazifasini bajaradi. 

Bundan avvalroq O‘zLiDeP rahbari Aktam Hayitov “ko‘p go‘sht yeyayotganimiz” haqida cho‘pchak aytib, ko‘plab istehzoli chiqishlar nishoniga aylangandi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 april 2020
Kuz oyining quyoshli kunlaridan birida “barachniy” Hasanboy yonimga keldi va gapni cho‘zib o‘tirmay, “ketdik”, dedi. “Qaerga?” – so‘radim undan. – Hozir choyxonaga ...
10 july 2017
7 iyul kuni Toshkentdagi Xalqaro press-klubda o‘qituvchilarni, kasblariga aloqasiz turli majburiy mehnatlarga muttasil jalb etilishi masalasi ko‘tarildi. Jurnalistlarning savollariga ...
28 february 2019
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) 27 fevral kuni terma jamoaning sobiq murabiyi, bir yil burun «umrbod futboldan chetlatilgan» Samvel Babayanni ...
31 march 2016
Qozog‘istondagi parlament saylovi dastlabki natijalariga ko‘ra, Prezident Nursulton Nazarboev yetakchiligidagi «Nur Otan» partiyasi 82,15 foiz ovoz to‘plab g‘alabaga erishgan. ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...