Asosiy mavzular
25 november 2019

Prezident jurnalistlarga qilingan hokim tahdidiga munosabat bildirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev nihoyat Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevning jurnalistlariga tahdidiga o‘z munosabatini bildirdi.

Garchi uning bayonotida aynan hokimning nomi tilga olinmasa ham gapning kontekstidan masala aynan shu haqdaligini sezish qiyin emas.

Jurnalistlarga tahdidning jamiyat, davlat hokimiyati uchun qanchalik xavfli ekanini hisobga olganda Prezidentning so‘zlari bir qarashda juda yumshoq ko‘rinadi.

Zero, bu tahdid bevosita prezident hokimiyatining qudratiga va islohotlar o‘tkazishdagi samimiyatiga, mahalliy OAVning qanchalik uyg‘oqligiga, jamiyatning o‘zini o‘zi himoya qilish salohiyatiga yuqori lavozimdagi mulozim tomonidan berilgan zarba edi.

O‘zini hurmat qiladigan mamlakatlarda bunday zarbaga qarshi choralar ko‘riladi, shunga yarasha reaktsiya bo‘ladi. Ochiqroq aytganda, tahdidchining siyosiy kar'erasi masalasi hal etiladi.

Bizda ham bu masala bugungi kunga kelib hal bo‘lganga o‘xshaydi. Afsuski, bu yechim davlat boshqaruvi Ortiqxo‘jaev singarilar tomonida ekanidan, jamiyat fikri unga tahdid qiladiganlar uchun bir pulligidan guvohlik beradi. 

Shularni hisobga olganda, prezidentning Ortiqxo‘jaev tahdidiga oid bayonoti xalqaro hamjamiyatni tinchlantirish, jamiyatdagi ichki bezovtalikni bosishga qaratildek tuyulmoqda. 

Davlat rahbari oldin ham hokimto‘ralaru vazirlar, amaldorlarni xalq bilan muloqotda madaniyatli va ma'naviyatli bo‘lishga chaqirib kelgan. 

Ammo buning ortidan aynan shu chaqiriqlarni unutib, og‘zidan chiqayotgan gaplardan ilon terisini tashlaydiganlarni ordenu medallar bilan taqdirlashga farmon bergan. 

Agar bu siyosat davom etishiga ishoralar ko‘rinayotganini e'tiborga olsak, yaqin orada Jahongir Ortiqxo‘jaevga O‘zbekiston qahramoni unvoni berilishi hech gap emasga o‘xshaydi. 

Bunday achchiq istehzo uchun asos bormi? Albatta bor. Birinchi asosni yuqorida eslatdik. 

Yana bir asos esa shunday tashvishli tahdidlar yangraganidan shuncha kun o‘tib ham na prezident administratsiyadan, na parlamentning har ikki palatasidan birorta nido chiqmaganidir. 

Prezidentning bayonoti qanchalik yumshoq bo‘lmasin, hamma gap uning qay darajada samimiyligiga borib taqaladi. 

Har holda, ezgulikka, xalqqa, uning qudratiga tayanish shiori ostida islohotlar o‘tkazayotganini bildirayotgan prezidentning samimiyligiga ishongisi keladi odamning. 

Boshqa chora ham yo‘q. Prezidentga ishonishga uringan sari amaldorlari qovun tushirishda davom etmoqda. Bu esa matbuot erkinlashayotganiga umid qilayotganlarni ezmoqda. 

Xuddi “kun.o‘z”ning tushkun kayfiyatdagi jurnalistlaridan biri yozganidek, “osmon yiroq, yer qattiq. Allohning o‘zi surobini to‘g‘rilamasa, bandalarining kuchi yetmaskan”.

“…haqiqiy qiyofamizni ko‘rolmay qoldik. Xalqimizga ochiq-oydin ma'lum bo‘lib turgan aybu nuqsonlarimizni tan olmasdan, “men hammadan zo‘rman”, deb o‘zimizga bino qo‘yib, kekkayib yuraverdik. “Yuzing qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalama”, degan dono maqolni butkul unutib qo‘ydik”, deyayotgan davlat rahbari samimiy ham deylik.

Ammo yuzi qiyshiqligi uchun unga oyna tutayotgan jurnalistlarga qarshi kurashayotganlarning tinimsiz kechirim so‘rashlarida samimiyat bormikin?

Prezidentning shuncha gaplaridan keyin ham, jurnalistlarga tahdidi tufayli jamiyatda keskin norozilik keltirib chiqarganidan buyon o‘tgan kunlar davomida ham Jahongir Ortiqxo‘jaevning o‘zi hali gaplaridan pushaymonlik sezgani to‘g‘risida birorta ishora bergani yo‘q. 

Balki u, o‘zi aytganidek, uch-to‘rt kunda hammasi esdan chiqishidan umid qilayotgandir. 

Biroq o‘zini hurmat qiladigan, erkinlikka intiladigan matbuot o‘ziga bo‘lgan, demokratiyaga bo‘lgan bunday tahdidlarni aslo unutmasligi kerak!

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 march 2017
27 fevral kuni Toshkentdagi ko‘p qavatli binoda sodir bo‘lgan yong‘in halokati aks etgan video qo‘yildi. Bunda piyodalar yo‘lagiga parkovka ...
11 june 2016
Garchi bu ish to‘g‘risida matbuotda kam gapirilgan bo‘lsa-da, 2013 yil oxirida xalqaro arbitraj sud Karimov hukumatidagi korruptsiya to‘g‘risida kutilmagan ...
19 january 2017
Istanbul Terrorga qarshi mujodala sho‘'ba mudirligida 45 soatdan beri davom etaëtgan tergovda O‘zbekiston vatandoshi Abduqodir Masharipovning tergovchilar savollariga bergan ...
15 september 2015
Ushbu suxbatni e'tiboringizga xavola etishdan oldin xozirgi kunda jaxon xamjamiyatining e'tiborini tortayotgan xolat, «Uzbekistonda majburiy mexnat» va «paxta siyosati» ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...