Hokimlar «rokirovkasi»: Sabablar, oqibatlar va horijiy tajriba
2025 yil davomida ham O‘zbekiston mahalliy boshqaruv rahbarlari — hokimlar — tez-tez almashtirilganini kuzatdik.
Bu tendentsiya ayniqsa oxirgi yillarda sezilarli bo‘lib, afsuski, islohotlarga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda.
Avvalo, nega hokimlar tez almashadi? Hokim ketsa nima bo‘ladi? Birinchidan, rahbar mahalliy sharoit va jamoaga to‘liq moslashib ulgurmasdan yana yangi lavozimga tayinlanadi yoki lavozimdan chetlatiladi. Bunda boshqaruv uzluksizligi yo‘qoladi, barqaror rivojlanish strategiyasi bo‘yicha harakatlar izdan chiqadi.
Avvalgi hokimlar bergan va'dalar bajarilmasdan qolib ketaveradi. Natijada xalq ham, investorlar ham hudud kelajagiga ishonmay qo‘yadi.
Ayrim rahbarlar ketar jafosida lavozimni o‘z manfaatlari yo‘lida ochiqcha suiste'mol qila boshlayapti. Har qanday tizimda aybdorlar bo‘lishi tabiiy, biroq O‘zbekistonda hokimlarining taxminan 30 foizi mansabni suiste'mol qilish aybi bilan ishdan ketadi, qolganlari esa nomiga aybsiz bo‘lsalar ham, aniq bir sababi aytilmasdan ishdan bo‘shatiladi. Bu holat kadrlar siyosatining shaffof emasligidan dalolat beradi.
Qolaversa, tuman va shahar hokimlarning soyasi yupqa. Kimdir (bloger, ijtimoiy faollar) qattiq tanqid qilib qo‘ysa hokimdan izoh ham so‘ramasdan ishdan olib tashlanadi.
Mahalliy boshqaruvga markaziy boshqaruvning ta'siri juda katta. Prezident yoki yuqori tuzilmalar tomonidan oldindan belgmlanmagan topshiriqlar bitta tumanning yillik rejasini o‘zgartirib yuboradi, qolaversa, yillik byudjet taqsimotida bunday topshiriqlar ko‘zda tutilmaydi.
Byudjetsiz hokim xalqni rozi qilolmaydi, xalqni rozi qilish evaziga tepani norozi qilib bo‘lmaydi. Quyi tizimdagi hokim xohlasa ham o‘zi biror bir o‘zgarishga qo‘l urolmaydi. Biror katta qurilish boshlagan hokimga yuqoridan «davay, buz» degan topshiriq kelsa, ilojsiz buzib tashlaydi.
Hokimlar tez-tez almashishi jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yuzaga keltiradi. Birinchi navbatda, uzoq muddatli rejalashtirish va rejalarni izchil amalga oshirish tartibi yo‘qoladi. Rejali ish bo‘lmagan joyda o‘sish, rivojlanish to‘xtaydi. Bu holat kadrlarni real muammolarni hal qilishga emas, balki tez orada yuzaki ish bilan o‘zini ko‘rsatishga undaydi. Hududdagi haqiqiy muammolar esa hal etilmay qolaveradi.
Xorijdagi demokratik samarali boshqaruv tizimlarida uzoq muddatli rahbarlik samarador hisoblanadi. Masalan, ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda mahalliy rahbarlarning lavozim muddati belgilab qo‘yilgan (masalan, AQShda shaharlar merlari va kengash rahbarlari odatda bir necha yillik majburiyat bilan ishlashadi), bu ularga uzoq muddatli investitsiyalar, islohotlar va strategik rejalarni amalga oshirish imkonni beradi. Shu asnoda mahalliy iqtisodiyot rivojlanadi, xizmatlar sifati oshadi va jamoatchilik ishonchi ortadi. Bundan tashqari, aniq mezonlar asosida tayinlash va ishdan ketish tajribasi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekistonda esa qisqa muddatda lavozimini boshqaga topshirishi aniq bo‘lgan hokimlar ishlashga, biror bir yangilik qilishga ham qo‘rqib yashashadi. Aksi bo‘lsa ham ya'ni yangi hokimlar tushunmagan, moslashmagan muhitda yangi rejalarni joriy qilishga kuch sarflashadi, natija yana samarasiz bo‘ladi, asosiy vazifalar yana chetga surilib qolaveradi.
O‘zbekistonda hokim vakolat va majburiyatlari tizimini takomillashtirish, joylarda o‘zgarishlar samarador bo‘lishi uchun mukammal kadrlar siyosatini yo‘lga qo‘yish vaqti kecha kelgandi. Ishdan chetlatish mezonlari, rahbarlar uchun aniq vazifalar va natija ko‘rsatkichlari tizimi joriy etilishi kerak. Uzoq muddatli boshqaruv strategiyalarini ishlab chiqish zarur. Shu bilan birga, rahbarlar uchun kuchli jamoatchilik nazorati, ochiqlik va hisobdorlik mexanizmlari joriy etilishi shart.
