Ma'naviyat islohoti: och qoringa “pufak” gaplar kerakmi?
Prezident ma'rifiy va ma'naviy islohotlar samarasiga alohida e'tibor qaratayotgani tasodifiy emas. Davlat uchun jamiyatning ongi, dunyoqarashi va qadriyatlari strategik ahamiyatga ega. Ammo bu yerda asosiy savol tug‘iladi: iqtisodiy qiyinchiliklar sharoitida yashayotgan, kundalik dardi — ish, daromad va tirikchilik bo‘lgan xalqqa ma'naviy tadbirlar qay darajada ta'sir qila olyapti? Och qorinni ma'ruza bilan to‘ydirib bo‘ladimi?
Muammo ma'naviyat g‘oyasining o‘zida emas, uni amalga oshirish uslubida. Yillar davomida biz “eskicha ishlash”ga o‘rganib qoldik: balandparvoz nutqlar, shablon shiorlar, xalq hayotidan uzilgan maruzalar. Bunday yondashuv zamonaviy jamiyatda ish bermaydi. Axborot tez, auditoriya talabchan, birovni ishontirish qiyin. Xalqni arzon maruzalar bilan aldash mushkul.
Shu o‘rinda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi faoliyati haqida savollar tug‘iladi. Bu tuzilmaning asosiy vazifasi — jamiyatda ma'naviy muhitni yuksaltirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilishdir. Ammo uning samarasi qanday? Tashkilot tuzilgandan buyon nima o‘zgardi. Hisobotlar ochiq emas, qilingan ishlar yarq etib ko‘rinmaydi.
Moliyaviy tomoni kishini esa anchayin o‘ylantiradi. Davlat byudjeti hisobidan har yili ma'naviy-ma'rifiy tuzilmalarga ma'lum miqdorda mablag‘ ajratiladi. Ochiq manbalarda bu mablag‘lar haqida aniq va to‘liq axborot kam. Asosiy savol raqamda emas, mazmunda: shu pullarga qanday kontent yaratilyapti, kimlar jalb qilinmoqda, qanday innovatsion yondashuvlar qo‘llanyapti? Agar milliardlab so‘mlar sarflanib, natijada xalq ishonmaydigan, hayotiga daxli bo‘lmagan tadbirlar o‘tkazilayotgan bo‘lsa, bu mablag‘ samarasiz ishlatilgan bo‘ladi.
Xorij tajribasiga nazar tashlasak, ko‘plab davlatlarda ma'naviyat yoki fuqarolik qadriyatlarini rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi institutlar bor. Ammo ular odatda “propaganda” emas, muloqot, tahlil va jamoatchilik ishtirokiga tayanadi. Masalan, Yevropa davlatlarida fuqarolik ta'limi mustaqil tahlil markazlari, NNTlar va media orqali amalga oshiriladi. Ular muammoni yashirmaydi, aksincha, ochiq muhokama qiladi. Muhimi davlat ham xalq ham institutlar faoliyatiga ishonadi.
Demak, bunda nima qilish kerak? Avvalo, uslubni o‘zgartirish zarur. Yondashuvda zamonaviy, xalqchil, biroq ishonchli vositalardan foydalanish kerak. Real hayotiy muammolardan kelib chiqqan holda kontent yaratib, xalq va davlat o‘rtasida ochiq muloqot, tanqidni qabul qilish madaniyati shakllantirilishi shart. Ma'naviyat iqtisoddan uzilgan holda emas, balki adolat, imkoniyat va ishonch bilan birga yurishi darkor.
Xulosa shuki, ma'naviy islohotlar xalqning real ehtiyojlari bilan uyg‘unlashmasa, ular qog‘ozda qolib ketadi. Tadbirlarda eskicha “ma'ruza o‘qish”dan voz kechib, jamiyat bilan haqiqiy muloqotga o‘tilishini boshlash kerak. Aks holda, ma'naviyat nomidan qilinayotgan ishlar xalqni ishontirish o‘rniga, undan yanada uzoqlashtiradi. Natijada xalq ma'naviyatdan ham uzoqlashadi.
