Toshkentda uch nafar sudya ushlandi
Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning xabar berishicha, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha uch nafar sudyasiga nisbatan protsessual tartibda ushlash chorasi qo‘llanildi.
Manbalarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Korruptsiyaga qarshi kurash bosh boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida JIB Toshkent shahar sudi sudyalari – Muhtarama Turg‘unova, Odilbek Ilhomjonov va Mirziyod Abidov Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi asosida ushlangan.
JPKning 221-moddasiga ko‘ra, shaxs jinoyat sodir etgani haqida yetarli asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, u protsessual tartibda ushlanishi mumkin. Ushlash muddati 48 soatdan oshmasligi kerak bo‘lib, shu vaqt ichida tergov organi tomonidan unga nisbatan ehtiyot chorasini qo‘llash yoki ozod qilish masalasi hal etiladi.
Ma'lum qilinishicha, ushbu sudyalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 231-moddasi – adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish hamda boshqa moddalar bilan jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rilmoqda. Ayni paytda jinoyat ishi doirasida faol tergov harakatlari olib borilmoqda.
Holat yuzasidan hozircha rasmiy idoralar tomonidan bayonot berilmagan.
Qayd etilishicha, mazkur sudyalar avvalroq Sudyalar oliy kengashi qarori bilan lavozimidan ozod etilgan. Bunga ularning yozma arizalari hamda odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani sabab bo‘lgan.
Sudyalik vakolatlari “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 79-moddasi 1-qismi 2 va 10-bandlariga asosan muddatidan ilgari tugatilgan.
Shuningdek, ular Toshkent shahar sudining appelyatsiya sudlov hay'ati tarkibida ish yuritib, og‘ir jinoyatda ayblangan sudlanuvchi Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarish to‘g‘risida ajrim chiqargani ham xabar qilinmoqda.
Eltuzga ma'lum bo‘lishicha, o‘tgan yil mart oyida Akmal Shukurov Toshkentdagi tungi klub oldida tanishini himoya qilishga uringan shaxsga kuchli zarba berib, uni komaga tushirib qo‘yadi. Akmal Shukurov voqea joyidan qochib ketib, ko‘p o‘tmay Qozog‘istonda qo‘lga olinadi. va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinadi.
Unga Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24 oktyabrdagi hukmi bilan 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
Ammo Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instantsiyasi sudi 9 dekabrdagi ajrimi bilan 8 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirib, Akmal Shukurovni darhol sud zalidan qamoqdan ozod qilib yuboradi.
Bu sud hukmini Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Odilbek Ilhomjonov chiqargan. Hay'at sudyalari esa Mirziyod Abidov va Muhtarama Turg‘unova bo‘lgan.
18 dekabr kuni jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan kiritilgan protest asosida taftish instantsiyasida qayta ko‘rib chiqiladi va Akmal Shukurovga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, u qamoqqa qaytariladi.
Toshkent shahar sudi apellyatsiya instantsiyasida ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq holatlarga oydinlik kiritish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Ko‘p o‘tmay uch sudya vazifasidan chetlatilgan. Mana oradan bir oy o‘tib sudyalar protsessual tartibda ushlanyapti.
Siz bu sudyalarning qamalib ketishiga ishonasizmi?
