Document UZ
26 february 2020

Yangi binoga ko‘chirilgan Xalq banki bo‘limi xodimlari ishsiz qolishdi

Xalq banki Surxondaryo viloyati filiali Termizdagi yangi binoga ko‘chirilgach, uning amaliyot bo‘limidagi jami 45 nafar xodim yoppasiga ishsiz qoldi.

«Bo‘limimiz xodimlariga 2020 yilning 17 yanvarida mehnat shartnomalarining bekor qilingani haqida ogohlantirish xati berildi», dedi Xalq banki filialining “Eltuz” bilan suhbatlashgan xodimasi, 43 yashar Dildora Ismoilova.

Ismoilovaning iddaosiga ko‘ra, bankning amaliyot bo‘limi yangi binoga ko‘chirilgach, u yerga butunlay boshqa banklar va bo‘limlardan, tanish-bilish orqali, asosan, yosh qizlar ishga olingan.

«O‘zbekistonda boshqa banklardan ham ko‘ra Xalq banki yirik bir mafiya. U yerda o‘tirgan har bir viloyat yoki oddiy shahar rahbari kichik bo‘lsa ham millionerga aylanib qoladi. Poraxo‘rlar ular», deydi 20 yildan ortiq bankda ishlagan, 6 farzandning onasi Dildora Ismoilova alam bilan. 

«Eshmatovning ahmoqona qarori tufayli…»

Ismoilovaning “Eltuz”ga aytishicha, u va hamkasblarining ishsiz qolishiga Xalq banki boshqaruvining sobiq rahbari Murodilla Eshmatovning yetti oy burun chiqargan qarori asos bo‘lgan.  

Xalq banki boshqaruvi raisi Murodilla Eshmatov 2019 yil 24 iyulda imzolagan ayni qarorda bankning ayrim filial va tuman bo‘limlarini tugatish va ular o‘rnida Bank xizmatlari markazlarini tashkil etish haqida gap boradi.

Xalq banki Surxondaryo viloyati filiali boshlig‘i Anvar Xolmonov 17 yanvarda imzolagan qarorda va bank xodimlariga tarqatilgan ogohlantirish xatida amaliyot bo‘limi xodimlarining ishdan bo‘shatilishiga Eshmatovning ayni qarori asos qilib ko‘rsatiladi.

Xalq banki boshqaruvi sobiq raisi Murodilla Eshmatov chiqargan qaror

Biroq, Ismoilovaning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror oradan yetti oy o‘tib, bank boshqaruvi raisi Murodilla Eshmatov ishdan bo‘shatilib, korruptsiya tufayli tergovga tortilganidan so‘ng ijro etilmoqda.

“Eltuz” nashri joriy yilning 17 fevralida Murodilla Eshmatovning ishdan olingani va 20 yanvarda esa qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib DXX tarafidan hibsga olinib, tergovga tortilgani haqida yozgan edi.   

«Murodilla Eshmatov bir-ikki oy “Mikrokreditbank”da ishlab shuncha boylikka ega bo‘lishi mumkin emas edi, deb o‘ylayman. Aslida u bungacha Xalq bankidan yaxshigina boylik orttirgan bo‘lsa kerak. Chunki Eshmatov Xalq bankiga boshliq bo‘lgan vaqtida, 2019 yilning yozida uning birinchi o‘rinbosari Tohir Rahmonov 2000 dollar pora bilan qo‘lga tushib, ishdan ketgan edi», deydi Dildora Ismoilova «Eltuz» muxbiri bilan suhbatida. 

Bankni ko‘chirishdan maqsad eski xodimlardan qutulish edimi?

Xalq banki filiali Termizdagi yangi binoga ko‘chirilgach, uning eski nomi ham, xodimlarning ish tartibi ham o‘zgarishsiz qoldi. U yerda ochilgan yangi bo‘limga ham bir necha yillardan buyon amaliyot bo‘limi xodimlari foydalanib kelgan kompyuter uskunalari va dasturlash tizimlari ko‘chirib o‘tkazildi.  

Ismoilovaning «Eltuz»ga tag‘in aytishicha, faqat ularning o‘rniga malakasiz va tajribasiz yosh yigit-qizlarni ishga olishdi. 

Bundan avval ijtimoiy tarmoqlarda Xalq banki mulozimining telefonda bergan va'dalari aks etgan video tarqalgan edi.

Videoda o‘zini Xalq banki markaziy apparati axborotlashtirish departamenti mulozimi deb tanishtirgan Kamoliddin ismli shaxs ishsiz qolgan bank xodimlari e'tirozlariga javob berarkan, Xalq banki filiallari kengayayotgani, bunga ko‘ra, shahar bo‘ylab ko‘plab Bank xizmati markazlari tashkil qilinishi haqida gapiradi.

«Masalan, ilgari Termiz shahrida bitta bo‘lgan bo‘lsa, endi kamida o‘nta bo‘ladi filiallar soni», deydi bank mutasaddisi.

Surxondaryolik bloger Abrorbek Qurbonmurodovning «Bo‘lim xodimlarini ish bilan ta'minlab berasizlarmi?» degan savoliga, «Ular yuz foiz ish bilan ta'minlanishiga kafolat beriladi, bu aniq», deya javob qaytaradi bank departamenti amaldori. 

Biroq ishdan bo‘shatilgan bank xodimlariga berilgan, amaliyot bo‘limi boshlig‘i Parda Toyirov imzolagan ogohlantirish xatida bunday va'da yo‘q. 

Ishdan bo‘shatilgan bank xodimlariga berilgan ogohlantirish xati

Unda aniq qilib, «Tuzilgan mehnat shartnomasi 2020 yil 17 yanvar kunidan boshlab ikki oy muddat ichida bekor qilinadi», deyilgan.

Shuningdek, ogohlantirish xatida: «Hozirgi kunda amaliyot bo‘limi tugatilayotganligi sababli Sizga kelgusida ish bilan ta'minlash imkoniyatimiz yo‘qligini ma'lum qilamiz», deya bildirilgan.  

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 november 2022
Rassom Tuz: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.Matchon Suqilish: Nichiksizla mo‘chchi oybika ham ...
10 december 2025
«O‘ldi deb ëzmang» deya ëqamdan olishdi «O‘lmas aka o‘ldi» deb  ëzsam. Ular arabcha ëzishimni istaydi. «Vafot qilmas aka vafot ...
27 november 2018
Qiz bolaning sazoyi qilinib, jinsiy zo‘rlangani aks etgan video 27 noyabr kuni «Eltuz»ga keldi. Videoda avvaliga bu qizni boshqa ...
28 september 2020
Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida 7 yigit 15 sentyabr kuni 20 yashar qizni guruh bo‘lib zo‘rlaganlikda ayblanib qamoqqa olindi. Bu ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...