Document UZ
21 may 2020

Toshkent shahri madaniyat markazining xodimlari karantinda ishdan bo‘shatildi

Toshkent shahri markaziy madaniyat markazining kamida 7 nafar xodimi karantin davrida ishdan bo‘shatildi. 

Markaz administratori Shuhrat Tohirov xodimlar, jumladan, uning o‘zi ham joriy yilning 6 fevralida Madaniyat vazirligi taftish guruhi o‘tkazgan majlisdan keyin bir oy o‘tib, markaz direktori Zohida Umarovaning buyrug‘i bilan bo‘shatilganini «Eltuz»ga bildirdi.   

Qo‘shiqchi Iroda Allaberganova uni va hamkasblarini Madaniyat markazi direktori Zohida Umarova ustidan shikoyat yozishgani uchun qasddan bo‘shatishganini iddao qilmoqda.

Madaniyat markazining “Ritm” raqs dastasi sahnalashtiruvchi rejissyori lavozimida ishlagan Iroda Allaberganova o‘z mehnat daftarchasini 6 may kuni pochta orqali olganini aytadi.

“Men ishdan bo‘shash haqida ariza bermaganman. Markaz direktori Zohida Umarovaning o‘zi o‘tgan sana bilan buyruq chiqarib, bizni ishdan bo‘shatyapti, mehnat daftarchamizni esa pochta orqali uyimizga jo‘natyapti”, dedi u.

Uning bildirishicha, markazning 7 nafar xodimi 2020 yilning 3 yanvarida Toshkent shahri va Yunusobod tumani prokuraturalariga shikoyat yozishgan. Shundan so‘ng 6 fevralda Madaniyat vazirligi arizani tekshirish uchun ishchi guruh yuborgan.

“Biz hamkasblarim bilan direktorimiz Zohida Umarovaning mukofot pullarimizni o‘zlashtirayotgani yuzasidan shikoyat qilganmiz. Yig‘ilishdan ko‘p o‘tmay, bizni ishdan bo‘shatish to‘g‘risida buyruq chiqarib, mehnat daftarchamizni pochta bilan uyimizga jo‘natyapti”, deydi Allaberganova.

Vazirlik ishchi guruhi 2020 yil 6 fevralda tasdiqlagan ma'lumotnomaga ko‘ra, “markazda moliyaviy masalalar, xususan, xodimlarning ish haqlarini o‘zlashtirayotganligi, haqiqatda ishlamagan xodimlarga ish haqi ajratayotganligi, berilmagani, pul mablag‘lari talon-taroj holatlari yuzasidan” dalolatnoma tuzilgan.

“Markazda mehnat qonun hujjatlariga amal qilmagan holda xodimlarni ishga qabul qilish va mehnat shartnomasini qayd etish kitobida 2019 yil uchun 111 ta buyruqdan 22 ta buyruq qayd etilgan bo‘lsa, qolgan 89 ta buyruq qayd etilmagan”, deyiladi, jumladan, ma'lumotda.

Markaz administratori Tohirovning so‘zlariga ko‘ra, ishdan bo‘shatilganlar rejissyor, qo‘shiqchi,  raqqosa va administrator kabi lavozimdagilardir. U bo‘shatilganlar o‘rniga kim tayinlanganini hozircha bilmasligini aytadi, chunki markazning o‘zi karantin uchun hamon yopiqligicha qolmoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 august 2022
30 yildirki sargardonlikda, avval Norvegiyada keyin Turkiyada yashayotgan Muhammad Solih yangi kulliyoti – asarlar to‘plami ustida ishlamoqda. Unga bir ...
10 november 2021
“Eltuz”ga kelgan maktublardan birida 26 oktyabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi o‘tkazgan yig‘ilishda paxta terimiga ikki haftalik safarbarlik e'lon qilingani, ...
29 november 2025
SOVYeT RYeJIMIGA ILK ShAPALOQ 1989 yil 7 yanvar kuni «Sovet O‘zbekistoni«, «Pravda Vostoka» va «Tashkentskaya pravda» gazetalari kaminaning Krujilin ...
16 may 2022
Toshkentdagi gimnastikachi ayol suratiga yubka kiydirildi. Bu «ma'naviy tahrir» Toshkent shahar hokimligi «ijodi» bo‘lishi mumkinligi haqida mahalliy bloger Nikita ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...