Pragadagi o‘zbek restorani uchun 2 million yevrolik jarima
Chexiya Davlat veterinariya boshqarmasi Praganing “Jijkov”mavzesida joylashgan o‘zbek restoranidan 300 kilogrammga yaqin potentsial xavfli go‘sht va sut mahsulotlarini topgan.
Buning uchun restoran 50 million chex kronasi (qariyb 2 million yevro) miqdorida jarimaga tortiladi.
Chexiya Davlat veterinariya boshqarmasi bayonotida restoran nomi tilga olinmaydi.
Lekin, bu yerda gap Pragada ochilganiga hali bir yil ham bo‘lmagan “hojiakalarga tegishli” “Turkiston” restorani haqida bormoqda.
Tekshiruv vaqtida restoranning orqa xonasidagi muzlatgich kameralarida 130 kilogrammdan ortiq turli xil go‘shtlar saqlangan.
Ular o‘ta shubhali hech qanday belgi va kelib chiqish hujjatlarisiz qadoqlangan. Go‘shtning qadoqlari ochilgan xolda saqlangan, bu infektsiya va ifloslanish xavfini tug‘dirgan.
Ba'zi mahsulotlarda qayta-qayta muzlatish belgilari bo‘ldi. Muzlatgich qutida 160 kilogrammdan ortiq chorvachilik mahsulotlari bo‘lgan.
Xususan, bular veterinariya xavfsizligi belgisi bo‘lmagan qo‘zi go‘shti va identifikatsiya belgisisiz kesilgan mol go‘shti edi.
Muammoli mahsulotlar orasida ko‘zlari olinmagan mol go‘shtining kallasi ham bo‘lgan.
Chexiyadagi amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mol go‘shtining kallasi ensefalopatiya yoki qutirish kasalligi tarqalishi uchun xavfi.
Restoran egasida bu mahsulotlar uchun hech qanday hujjat bo‘lmagan.
Umumiy ovqatlanish sohasida veterinariya qoidalarini buzgani uchun restoran egasi endi katta miqdorda jarimaga tortiladi – 50 million krongacha. Bu taqriban 2 million yevro. Agar tadbirkor jarimani to‘lay olmasa uni qamoq jazosi kutadi.
So‘nggi bir yil ichida Pragada o‘ndan ortiq o‘zbek restorani ochildi. “O‘zbegim”, “Zam-zam”, “Marokand”, “Osh”, “Uzum”, “Samarqand” shular jumlasidan.
“Obshepite eng nozik sohalardan biri. Veterinariya yoki sanitariya qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda qanchadan-qancha ovqatdan zaharlanish xolatlari bo‘ldi. Lekin, o‘zbek oshpazlari bu yer Yevropa, kuchli qoidalar borligini unutmang”, deydi Chexiyada uzoq yildan beri yashayotgan tadbirkor.
