«Gulnor» 6-qism, (Turkchilik asoslari…)
Axmad Beyjon Erjilasun
Ahmad Beyjon zehnida bir e'tiroz to‘lqini ko‘tarilib, keyin g‘oyib bo‘lganini O‘g‘uz uning ko‘zlaridan o‘qidi. Yoki O‘g‘uzga shunday tuyuldi. Balki o‘z zehnida paydo bo‘lgan narsani u Ahmad domlada ko‘rdim deb, o‘ylagandir. Shu payt Ahmad Beyjonning o‘zi gapga qo‘shildi:
– Aslida, ming yil ichida vaqti-vaqti bilan aloqa qilib turganmiz. Biz bir-birimizdan Sirdaryo bo‘ylarida 1000 yil avval ayrilgandik. Lekin birinchi 250 yil ichida aloqalarimiz uzulmagandi. Hatto undan so‘ng ham madaniy va ilmiy aloqalar davom etdi. Navoiyning bir qancha qo‘lyozma asarlari Istanbulda saqlangani buning isbotidir.
– Siz haqlisiz, — dedi Sharif Jamol, — 1941 yilda O‘zbekiston Navoiyning 500 yilligini nishonladi. U qora kunlarda biznikilar Turkiyaga murojaat qilib, Navoiy asarlarining fotonusxasini so‘raganlari ma'lum.
– To‘g‘ri, u paytda bizning Maorif vazirimiz adabiyotchi Hasan Ali Yujal edi. U Istanbul Universitetidan Turkiyaning ham Navoiy kunlariga qatnashishini talab qilgan. Uning bu mavzuda chiqargan bir kitobchasini eslayman, — dedi Ahmad Beyjon.
O‘rxon Nodiy so‘zni Ahmadbeyning og‘zidan olib, kitobning qaerda va qachon chiqqani-yu, ichidagi maqolalarni bir-bir sanadi.
Suhbat tarixdan bugungi kunga, bugundan tarixga o‘tib, davom etdi. O‘g‘uz jiddiy hayajonlangan edi. Bir daqiqa nigohi Rauf Parfiga tushdi. Suhbat boshida bosiq sas bilan bir nechta shirin she'r o‘qigan bu ushoq odam negadir jim bo‘lib qolgandi. Uning har qadah ko‘targanida bir qadah vodkani oxirigacha bir tomchi qoldirmay ichishi O‘g‘uzni hayratga solgandi. Turk mehmonlaridan bittasi shunday ichsa allaqachon mast bo‘lib qolardi.
Rauf Parfi jim esa-da, mast emasdi. Uning ko‘z o‘ngida xotiralar jonlangandi. Ishtvan Mandokini u sakkiz yildan beri bilardi. Budapeshtlik yosh olim edi u. Yozuvchilar Uyushmasi zalida “qo‘ng‘ir” so‘zining ma'nosini tushuntirardi. U o‘zining Kitan dashtlari farzandi, qipchoq ekani haqida so‘ylardi. “Qo‘ng‘ir” qizil ham, qora ham emasdi. Ikkisining orasidagi rang edi. Ko‘pincha otlarga ishlatiladigan so‘z edi. “Bu so‘z mening turk o‘zligim”, degan edi o‘shanda Ishtvan Mandoki. “Bu so‘z meni sizlarga bog‘lagan so‘zdir. Biz qon qarindoshmiz. Sizning ham yarmingiz qipchoq. Qipchoqlar lashkarining bir bo‘limi juda ilgarilab, kichik va Buyuk Kumaniyaga yerlashganlar. Men Buyuk Kumaniyaning o‘rtasidagi qorsoq qishlog‘ida tug‘uldim,” deb hikoya qilgandi Mandoki.
Rauf Parfining xayolida Mandokining doim Farg‘ona vodiysida bir qo‘ng‘ir otga minib, osmonga sakrayotgan surati jonlanadi. Mandokini eslasa doim shu surat ko‘z oldiga keladi. Oq bulutlarga qarab qo‘ng‘ir otda uchayotgan bir qahramon. Bir kuni bu manzara Rauf Parfining misralarida aks etajak. Mandokini bir kun mojor ovulida ko‘rsangiz, ikkinchi kun mo‘g‘ul dashtlarida uchratishingiz mumkin. Kecha u “sizlarnikiga kelmasimdan avval qumiq yurtini aylandim. U yerda shoir Badriddin Mahmatning uyida qoldim. Salov Aliev va turkolog Xangishev bilan ko‘rishdim,” deya hikoya qilgandi u. Bugun nega bu yerga kelmadiy-kin, deb o‘yladi Rauf Parfi. Mandoki qo‘ng‘ir doim so‘zining ustidan chiqardi. Nega kelmadi ekan?
Keyin ovozi xavotir bilan:
– Solih, qo‘ng‘ir nega kelmadi, bilmaysizmi?, — so‘radi Rauf Parfi.
Hamma Muhammad Solihga qaradi. Lekin u xotirjam edi. U Rauf Parfining teran xayollarga cho‘mgan paytida shunday mavzuga aloqasiz savollar berishiga ko‘nikkan edi.
– Ertaga bilamiz nimaga kelmaganini, Rauf, — dedi Muhammad Solih, — Komil Arslon suhbatining davomini tinglaylik. U Navoiyning “nasoyim”ni bitta g‘oya bilan yozganini aytmoqda: Jomiyning o‘z asariga kiritmagan turk valilarining unutilmasligi uchun yozgan, deyapti…
Rauf Parfi buni eshitib yana o‘z dunyosiga qaytdi. Sirdaryo qirg‘oqlaridagi valilar komlar bo‘lishi kerak. Aks xolda, Yassaviy, Hakim Sulaymonl va Boqirg‘oniylarning she'rlaridagi ritmni izohlab bo‘lmasdi. Bu she'rlarda nog‘ora ritmi bor edi. Nog‘orani shomonlar chalgan. qiziq, Navoiy shomonlarni bilganmikin? Mandoki Qo‘ng‘ir kom-shomonlari haqida ko‘p hikoya qilgandi. Ming yil avval dunyoga kelsaydi o‘zi ham shomon bo‘lardi. Chunki, u davrning shoirlari-shomonlar edi. Bir qozoq olimi Qo‘rqut Otaning ham kom bo‘lganini yozgandi. U qo‘bizni ijod etgan kom edi, Azroilga maydon o‘qigandi. Lekin o‘limni kim ham yenga olardi? O‘lim inson vujudining to‘xtashidir. Bunga hech kim to‘siq qo‘ya olmaydi. Hatto Qo‘rqut Ota ham.
O‘g‘uz Rauf Parfining ichida kechayotgan sirli dunyoga kirishni istardi. O‘g‘uz uning qo‘ng‘ir haqidagi o‘ylarini tushungandi. Lekin Rauf Parfining javobidan so‘ng ham bu haqda o‘ylashda davom etayotgandi. O‘rtaga cho‘kkan bir soniyalik sassizlikdan foydalangan O‘g‘uz:
– Raufbey, boya O‘rxon Vali haqida gapirayotgandingiz, bu shoir shaxsi haqida nimalarni bilasiz? — dedi Rauf Parfiga qarab.
Bir oz avval o‘zbekchaga tarjima qilingan turk she'riyati to‘g‘risida suhbatlashayotgandilar. Bu yerda Nozim Hikmatni hamma tanir va sevar edi. Uning she'rlarini ba'zan o‘zbekchadagi tarjimasini, ba'zan esa Turkiya turkchasidagisini o‘qishardi.
Rashod Nuriy Gultekinning “Choliqushi” romanini ham yaxshi bilishardi. Romandagi o‘qituvchi xonim Sovet ideologiyasining ijobiy qahramon tipiga juda ham uyg‘un tushgandi. Xullas, o‘zbekchaga Turkiyaning sotsialist zehniyatidagi yozuvchi va shoirlari asarlari tarjima qilingandi: O‘rxon Kamol, Aziz Nesin, O‘rxon Vali… Ularni tarjima qilganlar ham mana shu yerda o‘tirgan ziyolilar edi. O‘rxon Vali uncha ham sotsialist bo‘lmagani uchun O‘g‘uz Rauf Parfiga yuqoridagi savolni bergandi.
– U, albatta, kom bo‘lolmaydi. Ammo meni kechiring, men O‘rxon Vali she'rlarini sevaman. Unda sarbast bir Istanbul bor. Istanbul biz uchun muqaddas shahar, — dedi Rauf Parfi va O‘rxon Valining mashhur “Istanbul” she'rini o‘kidi, — “Istambulni tinglayman ko‘zlarim yopiq…”
Rauf Parfi Arslon domladan shoir Yahyo Kamolni tanish-tanimasligiini so‘radi. “Eng yaxshi Istanbul shoiri Yahyo Kamoldir”, dedi u. Bizning eng buyuk shoirimiz ham udir,”
O‘zbeklardan undan boshqa hech biri Yahyo Kamolni tanimasdi. Ular shuningdek, Mahmat Oqifni ham, Ahmad Xoshim va Orif Nihotni ham tanimas ekanlar.
Bir oz avval o‘z xayollariga cho‘mgan Rauf Parf endi ancha sergaklangandi, u turkiyalik do‘stlari masalani qaysi nuqtaga olib kelayotganini anglagandi.
– Biz bugungacha faqat kizil shoirlarni tarjima qildik, — dedi u, — sizning oq shoir va yozuvchilaringizni bizga tanitishmadi. Siz bizga ularning kitoblarini yuboring. Endi qizillarni bir chekkaga otamiz, oqlarni tarjima qilamiz.
Kulishdilar.
Qrimlik Aydar Usmonning kulgisi ko‘zlariga yoyildi. Qizil yuzi yanada qizardi.
Brendemoen yelkalarini silkitib kulardi va uning qahqahasi go‘yo lampochkalar bilan bezatilgan daraxt yaproqlarini ham silkitardi.
Amerikalik gaplashilayotgan gaplarni tushunardi, faqat, o‘zini tushunmaganday tutishga intilar va kulmasdi. Sharif Jamolning kulganida og‘zi kattayardi. U Brendemoenning silkinayotgan yelkalarini urib kulardi:
– Olloh, Gorbachevdan rozi bo‘lsin, glastnost bo‘lmasa biz bu gaplarni gaplasha olarmidik? Qizillar bizning nomusimiz, sharafimizdir, Lenin bobomiz shunday degan. Ammo endi qizillarni chekkaga otdik, deya olamiz. Hatto Gorbachevning “qizili” ustidan ham kula olamiz, — deya askiya qildi Sharif Jamol.
Gorbachevning “qizili” nima ekanligini mehmonlar tushinishmadi. So‘nar Oydamir:
– Qizili nima edi u, Sharif? — deb so‘radi.
Sharif Jamolning og‘zi yana kattaydi va barmog‘i bilan kallasiga niqtadi:
– “Qizil” degani mana bu, — dedi u.
Mehmonlar baribir tushunishmadi.
– Uning peshonasidagi nori, — deyishga majbur bo‘ldi Sharif Jamol, — Bu dog‘ Raisa xonim o‘qlovining izi aslida…
Yana kulgi ko‘tarildi. Aydar Usmon ko‘zlarini yumib, Brendemoen esa yelkalarini silkitib kulardi. So‘nar Oydamir qah-qahasi hafif edi. O‘rxon Nodiyning xuddi Sharif Jamol kabi kulganda og‘zi kattayardi. Ahmad Beyjog domla esa miyig‘idagina kulardi. O‘g‘uz ham tabassum bilan cheklanib qahqahani yoshlar odobiga to‘g‘ri kelmasligini namoyish qilardi.
Muhammad Solih mehmonlarni ikkinchi qavatdagi kutubxonasini ko‘rishga taklif qildi. Yuqoriga faqat mehmonlar bilan birga Brendemoen ham chiqdi.
Kichik xona faqat kitoblarga ajratilgandi. O‘tirish uchun bin necha kursi keltirishdi. Javondagi katta-kichik kitoblar “chaqirilmagan mehmonlar”dan xursand emasdilar go‘yo. Notanish qo‘llar ularning tinchligini buzgandi. Ular Muhammad Solihning yumshoq barmoqlariga ko‘nikkan, sirlarini unga ochishga o‘rgangandi go‘yo.
Solih eshikni bekitdi. Ovoziga sirli tus berib, professor Ahmad Beyjonga dedi:
– Bizga “Turkchilik asoslari” kerak.
O‘g‘uz yanglish eshitdim, deb o‘yladi. Komil xo‘ja bilan So‘nar Oydamir ham shunday o‘ylashdi. O‘rxon Nodiy javondan olgan kitobga boqib, hech narsa eshitmadi. Brendemoen esa mezbon so‘zlarining oxirini kutayotgandi. Professor Eryigit yanglish eshitmaganini tasdiqlab olish uchun:
– Qaysi “Turkchilik asoslari”ni nazarda tutayapsiz? — deb so‘radi.
– Ziyobekning kitobi. Bizga mutlaqo kerak, — deb javob berdi Muhammad Solih.
Mehmonlar yanglish eshitishmagandi. Muhammad Solih Ziyo Ko‘kalpning “Turkchilik asoslari”ni so‘rayotgandi.
Ahmad Beyjon doma yana:
– Pochta bilan yuborsak bo‘ladimi? — deb so‘radi.
– Yo‘q, pochta bilan bo‘lmaydi, qo‘ldan yuborishingiz kerak, — dedi Muhammad Solih.
Professor Ahmad Beyjon turkiyalik do‘stlarning O‘zbekistonga qachon kelishi mumkinligini bilmasligi, lekin kim kelsa u bilan o‘sha kitobni yuborajagini aytdi.
O‘g‘o‘z ko‘z qiri bilan Brendemoenga qaradi. Uning yuzida muhim bir gapga guvoh bo‘lganligidan asar ham yo‘q edi.
O‘rxon Nodiy esa qo‘lidagi kitobni varaqlashda davom etayotgan edi. U hech narsa eshitmagandi. Kitobni qo‘yib, o‘tirganlarga yuzlandi:
– Men Moskvada professor Najibning uyiga bordim, o‘z o‘g‘liday kutib oldi, – dedi u.
O‘rxon Nodiyning hikoyasi uzayib ketdi. Muhammad Solih bir oz diqqat bo‘ldi. O‘g‘uz buning suhbatdan emas, suhbat orasida bir bo‘shliq topish uchun ekanligini sezdi. Nihoyat bu bo‘shliqni topgan Muhammad Solih mehmonlarni pastga tushishga da'vat qildi.
(Boshi o‘tgan sonlarda. Davomi bor)
