Document UZ
28 december 2025

Ichimlik suvi narxi oshmoqda: Ijtimoiy yuk kimning yelkasida?

So‘nggi 2–3 yil mobaynida O‘zbekistonda ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlar bosqichma-bosqich oshirildi. Ayrim hududlarda bu o‘sish 20–30 foizni, markaz va sanoatlashuvga qarab  40 foizgacha yetgani kuzatildi. 

Rasmiy izohlarga ko‘ra, narx oshishi infratuzilmani yangilash, suv ta'minoti tizimini barqarorlashtirish va xizmat sifatini oshirish maqsadida amalga oshirilgan. Ammo masalaning ikkinchi – ijtimoiy adolat tomoni ham borki, ushbu masala jiddiy savollarni keltirib chiqaradi.

Ichimlik suvi – oddiy tovar emas. U inson hayoti, salomatligi va kundalik turmushi bilan bevosita bog‘liq hayotiy resursdir. Odamlar ichadigan, taom tayyorlaydigan, gigiena uchun foydalanadigan suv hajmi, aslida, mamlakat miqyosida sarflanayotgan umumiy suv zaxiralarining juda kichik qismini tashkil etadi. 

Mutaxassislar ta'kidlaganidek, aholi tomonidan kundalik ehtiyoj uchun ishlatiladigan suv – dehqonchilikda isrof bo‘layotgan suv oldida dengizdan tomchi ham emas.

Asosiy muammo shundaki, suv tanqisligi haqida gap ketganda, e'tibor ko‘pincha aholiga qaratiladi. Narx oshiriladi, hisoblagich o‘rnatish majburiy qilinadi, to‘lov intizomi qattiq nazoratga olinadi. Biroq eng katta yo‘qotishlar aynan qishloq xo‘jaligida – ochiq kanallar, eski ariqlar, samarasiz sug‘orish usullari orqali yuzaga kelayotgani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Hali ham millionlab kub metr suv dalalarda yerga singib ketmoqda yoki bug‘lanib xavoga sovurilmoqda. 

Xo‘sh, nima uchun suv tejash siyosati eng avvalo oddiy xalq cho‘ntagi hisobidan keltirilishi kerak. Soliqlar, kommunal to‘lovlar, elektr energiyasi va gaz narxlari oshib borayotgan bir paytda, aholini yana suv puli bilan qisish qay darajada to‘g‘ri? Ayniqsa, kam daromadli oilalar, pensionerlar va ko‘p bolali oilalar uchun bu yuk og‘irlik qiladi.

Davlatning ijtimoiyligi aynan shunday masalalarda namoyon bo‘lishi kerak emasmi?  Ijtimoiy davlat tushunchasi faqat shiorda emas, amalda ham aholining eng asosiy ehtiyojlarini himoya qilishni anglatadi. Ichimlik suvi esa insonning eng zarur ehtiyojidir. O‘sha «trendga» chiqqan videodagidek » Suv bor –  hayot bor» dir. Uning narxining oshishi esa shuncha bo‘layotgan islohotlarning bir yerlarga kirib ketishdek gap…

Albatta, suv ta'minoti tizimini saqlash, ta'mirlash va modernizatsiya qilish mablag‘ talab qiladi. Lekin bu xarajatlarning asosiy yukini aholi yelkasiga yuklashdan oldin, dehqonchilikdagi isrofni kamaytirish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, yirik suv iste'molchilari uchun aniq va adolatli hisob-kitob tizimini joriy qilish kerak. 

To‘g‘ri, ichimlik suvi narxining so‘nggi yillardagi oshishi iqtisodiy zarurat sifatida izohlanishi mumkin. Biroq bu jarayon ijtimoiy adolatga putur yetkazmasligi kerak. Zero, davlatning ijtimoiyligi aynan shu yerda -insonni bir tomchi suvdan mosuvo qilmasligi bilan o‘lchanadi.

Tag‘in o‘qing
31 december 2020
Yangi yil arafasida Farg‘ona va Navoiy shahri markaziy maydonlariga o‘rnatilgan archalar yonib ketdi. eltuz.com
13 april 2024
Diniy ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib, ularni moliyalashtirgani aniqlangan Dilshod Qodirov qidiruvga berildi. 1969 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Dilshod Hojimurodovich ...
28 june 2016
Bu haqda bayonot tarqatgan «Ezgulik» jamiyatining bildirishicha, jazo muddati uzaytirilgan G‘anixon Mamatxonov hozirda huquq faoli Kattaqo‘rg‘ondagi 7-sonli tergov izolyatorida ...
5 october 2018
26 avgustgacha prezident devoni deb yuritilgan tuzilma endilikda prezident administratsiyasi deb atalmoqda. Shu adminstratsiya rahbar o‘rinbosari, prezident matbuot kotibi ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...