Ko‘zqarash
22 july 2017

O‘zbekiston amaldorlari nima uchun Vatanni bunchalik yomon ko‘rishadi?

E'tiroz bildirishga urinib ham ko‘rmang, chunki bu bugunning haqiqati.

O‘zbekistonning qaysi viloyatiga bormang, paxtazorda yurgan, ko‘cha supurayotgan, tezak, qog‘oz, baklashka yig‘ib yurgan o‘qituvchini ko‘rasiz.

«Nega maktabda emassiz? Nega bolalarga dars o‘tish o‘rniga ko‘cha supurayapsiz?» deyman.

«Xokim bovani buyrug‘i» deydi o‘qituvchi hadik bilan.

Avlodlarimizga ilmu ma'rifat tarqatuvchi insonni dalaga, ko‘chaga xaydagan xokim xalq dushmani bo‘lmay kim?

«Adabiyot darsida, kecha nimani o‘tdinglar?» deb so‘rayman 8 sinfga boradigan (o‘qiydigan emas boradigan!) jiyanimdan.

«Hech narsa o‘tmadi kecha muallimamiz. Chunki u kishi bir haftadan buyon chopiqda» deydi jiyanim.

«Adabiyot darsichi?» deyman xayron bo‘lib.

«Matematika domlamiz o‘tdi kecha adabiyotni. Ilgari kuni biologiya domlamiz o‘qitgan edi» deydi jiyan…

O‘z mamlakatini va uning kelajagini o‘sha xokimchalik yomon ko‘radigan odam Afrikadayam bo‘lmasa kerak..

«Prezident viloyatimizga kelarmish bir oydan keyin!». Xamma ko‘chada! Eng birinchi qatorda yana o‘qituvchilar! Ular kechasi va kunduzi ariqlar, yo‘l chetlarini yog‘ tushsa yalaguday qilib tozalashadi. Allaqayoqdan ochilib turgan gullarni keltirishadi va davlat boshlig‘i yurib o‘tadigan ko‘chalar chetiga suqib chiqishadi.

Gullarni «hokim bova»ning puliga olib kelishadimi? Yo‘q! O‘qituvchining maoshidan ushlab qolishadi.

Maorifchisi mana shunday xor bo‘lgan yurt yana qayda bor? O‘z mamlakatini bundan ham ortiq darajada yomon ko‘rish mumkinmi?

«Ertalab soat 9 da pochta oldiga avtobus keladi. Xammamiz shu avtobusda Do‘stlik tumaniga ketamiz dalaga. Kech soat 5 gacha g‘o‘zani chopiq qilamiz. Yosh o‘qituvchi qizlarimiz bor, issiqdan behol bo‘lib qolishadi. Bizni kollejni o‘zidan 12 ta o‘qituvchi boramiz chopiqqa. Bir oy chiqib berasizlar deyishdi. Chiqmasak nima bo‘ladi deysizmi?… Ishdan xaydashadi. Keyin qayoqqa boramiz? Hokim hammamizni dorga osadi-ya!»

O‘z vatanini, uning kelajagini shu hokim kabi yomon ko‘rish uchun odam kim bo‘lishi kerak?

Butun O‘zbekistonda shu axvol. O‘zbekistonning bugungi o‘qituvchilari mahalliy hokimlarning «qutqaruvchi kamari»ga aylanib qolishgan.

Gaz va elektrdan qarzi borlarni ro‘yhatga olishga – 10 ta o‘qituvchi!

Kam ta'minlangan oilalar xonadonidan xabar olishga – 15 ta o‘qituvchi!

Metallomga – o‘qituvchi!

Archa ko‘chati tarqatishga – o‘qituvchi!

Palon tumanga chopiqqa (terimga) – o‘qituvchi!

Viloyatga Oliy Majlisdan komissiya kelyapti – o‘qituvchilarni maoshidan ushla!

Viloyatda Sport musabaqalari o‘tkaziladi – o‘qituvchini maoshini yig‘!

O‘zbekistonda bolalar ilm olishmayapti. Bu kechaning haqiqati edi. O‘zbekistonga yangi prezident kelgach, afsuski bu haqiqat bugunga ko‘chdi. Bu ketishda ertaga ham bolalarimiz shu haqiqat bilan uyg‘onishadi.

Traktorchining obro‘sini o‘qituvchining obro‘sidan yuqori qo‘ygan marhum qiziqchi Hojiboy Tojiboev millatimiz kelajagiga qurt tushganiga ishora qilgandi.

Hammamiz xiringlab qo‘yaqoldik.

Hozir ham, avlodimizga Navoiydan, Amir Temirdan, Al Xorazmiy va Beruniydan dars o‘tishi kerak bo‘lgan muallimning qaysidir fermerning ho‘jaligida ikki bukilib g‘o‘zani chopiq qilayotganini ko‘rsak, tirjayib o‘tib ketaveramiz…

Bizlarga nima bo‘ldi o‘zi?

Ulug‘bek Ashur
mustaqil jurnalist, Vankuver
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 january 2025
O‘zbek siësiy boshqaruvining ërqin yulduzi Ra'no Abdullaeva 90 ëshida o‘ldi. Ra'no Habibovna Abdullaeva o‘z ish faoliyatini oddiy o‘qituvchilikdan boshlagan ...
12 april 2015
Sizga aeroportda yoki o‘zbek chegarasining boshqa qismida deklaratsiyalar to‘ldirishga to‘g‘ri kelganmi? – deya savol beradi jurnalist Qudrat Bobojonov. To‘g‘ri, ...
21 march 2019
Sharqning ko‘pgina mamlakatlarida Navro‘z bayrami sifatida nishonlanadigan 21 mart yilning kun va tun teng keluvchi sanasi hamdir. Bu kun ...
16 june 2021
Avtobusni traktor shatakka olgan holda ketyapti. Yo‘lda avtobus haydovchisi salonga yarim yalang‘och raqqosa qizlarni chiqarib oladi… “Abdulla G‘arib prodakshn”, ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...