Catira
21 september 2017

Eskirgan tayanch tirgaklar mo‘rt bo‘lsa…

Bo‘lmadi. Ko‘pchilik ziyolilarning kutgani bo‘lmadi. O‘zini 26 yildan buyon mustaqil deb biladigan, ko‘ksiga urib bu bilan g‘ururlanadigan davlatning rahbari BMT minbaridan turib yana o‘zga tilda nutq irod qildi.

Arman prezidenti chiqdi, armanchalab chuldiradi. Tojik prezidenti chiqdi, tojikchalab nutqini qoyillatdi.

O‘zbekning yurtboshisi chiqdi, ko‘pchilikning yuragidagi armonni yanada alangalatdi. Tojiklarning peshvoi millati o‘z tilini boshqa tillardan ustun ko‘rdi.

Armanlarning har kuni tanqidga uchrayotgan prezidenti tilga kelganda mard ketdi. Armanilarning ko‘ksini sarbaland qildi.

Islohotchiligi, xalqparvarligi, «xalq bilan muloqoti» uchun madhiyalarga ko‘mib tashlangan o‘zbek prezidenti tilga kelganda qovun tushirdi.

Balki uni maslahatchilari chuv tushirgandir? Balki buning biror siyosiy sabablari bordir? Hoynahoy marhum prezidentning ruhi kimlarnidir cho‘chitgandir?

Nima bo‘lganda ham «maqtalganning qilgan ishini ko‘r», qabilida bo‘ldi bu yog‘i.

BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev o‘zbek tilida ma'ruza qilishi kutilyapti, deb yozgan «kun.o‘z» tilini tishlab qoldi.

Prezidentimiz olamshumul muammolar haqida so‘z yuritdi, deya o‘zining bashorati amalga oshmaganini yopishga urindi.

Nima desin? E-e, qovun tushirdi-ku, desinmi? Unday desa ertaga ishlay oladimi? Bu sayt-ku, hech bo‘lmaganda «o‘zbekcha gapiradi», deya shunga undashga uringandi.

Mahalliy «boshqalar» esa Yulduz Usmonovaning avvalgi podshohi zamonida bo‘lganidek shunga ishora qilishga ham jur'at etmadi.

O‘zbekning yana bir umidi o‘ldi. O‘lganda ham g‘ururni chilparchin qilib o‘ldi. O‘lganning ortidan gapirmaydi, deydilar. Lekin bu gaplar o‘lgan umid haqida bo‘lmasa kerak…

Ayrimlar bu holatni sharmandalikka yo‘ydi. Aslida sharmandligimiz faqat shumikin? BMT minbaridan turib, majburiy mehnatni yo‘q qildik, dedik. To‘liq erkin konvertatsiyaga o‘tdik, dedik.

Yoshlar huquqlari to‘g‘risida xalqaro konventsiya qabul qilishni taklif etdik. Yoshlarimiz, talabalarimiz shu kunlarda ommaviy ravishda paxtaga jo‘natilgan bir paytda bunday ko‘zbo‘yamachilik qilishimiz sharmandalik emasmi?

O‘zbekiston prezidenti BMT minbaridan turib mamlakat hukumatining asosiy faoliyati bugungi kunda «mamlakatning yangi qiyofasini shakllantirishga» qaratilganini aytdi.

Mamlakatimizning «yangi qiyofasi» davlat tiliga, yumshoqroq aytganda, bepisandlik, yolg‘onni haqiqat sifatida gapirish asosida shakllanadigan bo‘lsa, bunday «yangi qiyofa»ning mohiyatida, botinida eski tuzumning tayanch tirgaklari saqlanib qolsa, xalqning amalga oshayotgan o‘zgarishlar samarasiga bo‘lgan ishonchiga putur yetadi!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 july 2017
1 avgustda O‘zbekistonda Oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun imtihon o‘tadigan joylarga bu yil videokameralar o‘rnatiladi, abiturientlardan barmoq izlari olinadi. ...
31 march 2021
Shu o‘rinda Qo‘ylining gapini bo‘lib qisqacha ma'lumot bersam. Qo‘yli asir olinib Bozorak qishlog‘iga olib kelinadi. Oldiniga 10 kun kartserda ...
7 february 2023
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidan. Qiziltepa QFY turg‘uni Nigora ...
19 january 2017
Yangi saylangan prezidentning g‘ayrat-shijoati, ya'ni ketma-ket yig‘ilishlar o‘tkazayotgani, farmonlar qabul qilayotgani gazetalarni, shular qatorida partiya nashrlarini ham ancha shoshirib ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...