Multimedia
31 march 2021

Qo‘yli-2. Panjsher darasidagi tuzoq

Qo‘ylidan kelgan ovozli lavhadagi uzundan uzoq tafsilotlarga to‘la hikoyadan tushunganlarim quyidagicha. Qo‘yli harbiy xizmatni Afg‘onistonning Panjsher darasida joylashgan 108-motoo‘qchi diviziyada o‘tagan. Na ruscha¸ na tojikcha va na tuzukroq o‘zbekcha bilmaydigan Qo‘yli boshida ko‘p qiyinchilik ko‘rgan:

“Ëmon qiynaldim lekin. Bir kuni Gulim degan shopir bola bilan tanishdim. U Ruxa degan qishloq yaqinidagi komdiv blindajiga oziq-ovqat tashirdi. Gulimning to‘la ismi Gulimbet edi. Gurlanlik bola. Mening ahvolimni ko‘rib, ichi uvishdi. Gulim ruscha yaxshi gaplashar va tojikcha ham bilardi. Armiyaga Sharqshunoslik instituti ikkinchi kursidan chaqirilgan edi. Komdiv adyutantiga ayttirib, meni Ruxa qishlog‘iga oldirdi. Ahvolim yaxshilandi.

Bir marta vertolyotda daraning usti bilan uchib, Panjsher darësini yuqoridan ko‘rdim. Nishon ko‘rsatuvchilik (navodchiklik) qila boshladim. Oti nishon ko‘rsatuvchi bo‘lgani bilan ishim hammollik edi. Og‘ir artilleriya snaryadlarini tashirdim. Bir kuni soqolli ikki afg‘on tojigi kelib, komdivga aytadigan gapimiz bor, dedi. Gulim gaplashdi ular bilan. Men bu ikki tojikka konvoy bo‘lib, avtomat bilan hamrohlik qildim.

Komdiv blindaji bir qaraganda tog‘ning bir qismiga o‘xshaydi. Hamma ëg‘i tosh. Ikki tojikni ichkariga olib kirdik. Men orqasida turibman. Ular tojikcha gapirdi, Gulim rus tiliga tarjima qildi. Men hech narsa tushunmadim.

Gulimning aytishicha, ular Ahmadshoh Mas'ud qurol-yaroq ombori haqida ma'lumot sotmoqchi ekan. Benzin bilan ishlaydigan ikkita elektr dvijok va 10 kalashnikov avtomati evaziga ular kartadan Ahmadshohning ombori ko‘rsatib berishdi. Komdiv ma'lumotni olib bo‘lib, bu ikki tojikni qamab qo‘ydi. Gulimning aytishicha, razvedka qo‘shimcha tasdiqlasa, so‘ragan narsasini berib, ularni qo‘yvorishar ekan.

To‘g‘risini aytsam, shu ikki tojik menga ëqmadi. Shubhali edi ular. Lekin razvedka bu ikki tojik ko‘rsatgan yerda ombor borligini tasdiqladi. Tojiklarga javob berildi. Komdiv bu omborni egallash uchun 120 kishilik batalonni ikkiga bo‘lib jo‘natdi. Bir qism askar pastdan yurar, bir qismi esa yuqoridan ularni kuzatar edi.

Men pastdagi qism ichida edim. Dara bo‘ylab yurardik. Har ikki soatda ustimizdan vertolyot uchib, shartli signal olib qaytib ketar edi. Armiyaning tushyonkasini yeb, ichim qotib qolgan edi o‘sha kunlarda. Batalon dam olishga to‘xtagan joyda kattaroq bir ariqqa beton lotok ko‘prik qilib qo‘yilganini ko‘rdim.

Ariqda suv yo‘q edi. Men shu beton lotokning ichiga kirib, lash-lushlarga to‘la askarlik ishtonimni yechib hojat qilishga o‘tirdim.

Lotok teshigidan dam olaëtgan askarlar ko‘rinib turardi. Kombat Aksenov daraxtga suyanib sigaret chekardi. Aksenov yaxshi odam edi. Menga ko‘p yaxshiligi tekkan. Aksenovga qarab turib otam Shixnazar akani esladim. Negadir Yo‘lli voenkom va xiënatda ushlab olganim xotinim Ullibiyini eslab xo‘rligim keldi.

Koshki rus tilini bilsam¸ Aksenov akaning oldiga borib dard to‘ksam, deb orzu qilardim. Negadir shu odam meni tushunsa kerak, deb o‘yladim. Shu payt Aksenov silkinib ketdi. Uning qoq peshanasiga o‘q tekkan edi. Men buni aniq ko‘rdim. Peshanasidan tizillab qon oqdi. Keyin to‘s-to‘polon qiy-chuv boshlandi…”

Asirlik

Qo‘ylining uzundan uzoq hikoyasini bo‘lib, aniqroq ma'lumotni o‘zim ëzib qo‘ysam. Demak, komdivga qurol ombori haqidagi bilgini “sotgan” ikki afg‘on tojigi aslida dushman agentlari ekan. Afg‘onlar avvaliga yuqorida ketaëtgan 60 askarni qirib tashlashgan. Keyin mergan kombat Aksenovni otib o‘ldirgan. Oxirida tepadan o‘q uzib, pastdagi 60 askarni ham o‘ldirishgan. Beton lotok ichiga hojat chiqarish uchun kirgan Qo‘yli batalonning omon qolgan yagona askari edi. Yana Qo‘yli hikoyasini eshitamiz:

“Men o‘tirgan joyimda qotib qoldim. Bomba portlab, lotokning bir tarafini tosh-tuproq bosib qoldi. Qaltirab, qo‘rqib, oëq ustida hojat qilgancha o‘tiribman. Qo‘rqqan paytda odamning qotib qolgan ichi bo‘shab, hojati rohat kelar ekan. Shunga ham shukur.

Keyin o‘q ovozlari tinchidi. Men esa o‘tiraverdim. Birpasdan keyin baqir-chaqir ovozlar eshitildi. Bir- biriga gap bermay baland ovozda gapiraëtganlar Ahmadshoh Mas'udning tojik jangarilari edi. Bitta jangari lotokning og‘ziga kelib orqasi bilan turib oldi. Men qo‘rqqanimdan nafasimni ichimga yutganman. Agar bu jangari lotokning ichiga bitta granata irg‘itsa, kunim bitardi-qolardi.

Afg‘onistondagi tojik jangarilari ninzya kabi devor ortida odam borligini sezadi, degan gap yurardi. Shu gap to‘g‘ri chiqdi. Menga orqasini o‘girib turgan qora soqolli jangari ilkis burilib menga, avtomat qaratib, “dastho bolo sho‘raviy”, dedi. Men baqrayib turaverdim.

U osmonga qarab o‘q uzib, sheriklarini chaqirdi. O‘nlab tojikning bir-birini bo‘lib baqir-chaqir qilganidan quloqlarim bitib, boshim qattiq og‘ridi. Meni lotokning ichidan sudrab chiqishdi. Ustimdan kulishdi. Men daraxt tagida o‘lib ëtgan odamlar ichida gurlanlik Gulimni ham ko‘rib ezilib ketdim.

Jangarilar bo‘lsa, bir ruscha biladigan odam topib kelib, meni so‘roq qilishdi. Ammo ruscha deyarli bilmaganim uchun javob bera olmadim. Jangarilardan biri g‘alati o‘zbek tilida gapirganda juda oz tushungan bo‘ldim”.

Shu o‘rinda Qo‘ylining gapini bo‘lib qisqacha ma'lumot bersam. Qo‘yli asir olinib, Bozorak qishlog‘iga olib kelinadi. Oldiniga 10 kun kartserda saqlanadi. Keyin esa tosh tashib, mudofaa istehkomi qurishda qul qilib ishlatiladi. Yana Qo‘ylidan eshitamiz:

“Soch-soqolim o‘sib ketgan. Afg‘onlar kiyadigan telpak kiyvolganman. Ertalabdan kechgacha tosh tashiyman. Hech kim meni otimni aytib chaqirmaydi. Hamma meni asiri sho‘raviy ëki mahbusi sho‘raviy, deb chaqiradi. Tojiklar namoz o‘qiganda men ham ularga taqlidan ëtib turadigan bo‘ldim. Musulmon musulmonni o‘ldirmaydi, degan zaif umid bor edi menda. Qishloqda o‘ris asirlar ham namoz o‘qirdi”

Faysbukda hujjatli proza ëzaëtib, kutilmagan faktlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishiga o‘rganib qolganman.

Hikoyani ëzish chog‘ida Qo‘ylini tanigan ikki shorlovuqlik men bilan aloqaga chiqdi.

Ulardan biri o‘zini Qo‘ylining qarindoshi Tangribergan deb tanishtirdi:

“Dayravarsin (rahmatli) Shixnazar otaning kichkina singlisining o‘g‘liman. Tangriberganman. Qo‘yli doim «Eltuz»da chiqibdi, deganga men sizga ëzdim”.

Tangriberganning aytishicha, Qo‘ylining tirik qolib asirga olinganini hech kim bilmagan:

“1983 yili Qo‘yli o‘ldi, degan xat keldi. Yo‘lli voenkomning o‘zi olib keldi qoraxatni. Dayravarsin Shixnazar otam Yo‘lli voenkomni hassasi bilan urib haydab chiqardi. Keyin Qo‘yli doyimning o‘ligi solingan «gruz 200» temir tobut keldi. Ikki askar olib keldi tobutni.

Ochmaysizlar ichini. Tobut bilan ko‘masizlar, deb mahkam turishdi. Shixnazar otam bu ikki askarni ichirib piën qildi. Askarlar uxlab ëtganda kongiltir (tsinkoviy) tobutni ochishdi. Ochsak, ichida o‘lik yo‘q. To‘rt dona videomagnitofon. O‘n besh dona dovcha rang zar o‘tgan yapon ro‘moli va qora salafan xaltalarda unga o‘xshash bir narsa chiqdi.

Geroin ekan keyin bilsak. Shixnazar otam gorkom bovoni chaqirdi. Uyni KGB bosdi. Tobutni qaytarib olib ketishdi. Tobutlar almashib ketganmish. Qaysidir general afg‘ondan kontrabandani «gruz 200» ichida chiqarishni yo‘lga qo‘ygan ekan. Shu fosh bo‘ldi”.

Tangriberganning aytishicha, Qo‘ylining otasi Urganchga borib, “bolamning ë o‘lik-tirigi, yo daragini bilib beringlar”, deb arz qilgan. Sal o‘tib Mudofaa vazirligidan yana bir xat kelgan. Qurolli feld'eger keltirgan bu xatda Qo‘ylining Panjsher darasida qahramonlarcha halok bo‘lgani ëzilgan edi. 1983 yil oxiriga borib Shixnazar otaning uyiga yana bir temir tobut keladi. Tobut ustiga ëpishtirilgan qog‘ozda «108-motoo‘qchi diviziya oddiy askari Sayilxonov Qo‘ylining jasad qoldiqlari», deb ëzilgan edi.

Shixnazar aka eski tryukni qo‘llab, tobutga hamrohlik qilib kelgan ikki askarni ichirib mast qiladi. Tobutni ochib ko‘rishsa, tosh-tuproq aralash odam suyagi va jasad qoldiqlari bor edi. Shixnazar ota aza ochib, o‘g‘lining janozasini o‘tkazadi. Yana Qo‘ylining qarindoshi Tangribergan gapiradi:

“Qo‘yli doyimni urushga yuborgan Yo‘lli voenkomni o‘zi yugurib yo‘rtib marmardan qabr toshi buyurtirdi. Doyimning rasmini qabr toshiga o‘ydirdi. Baynalmilal jangchi oilasi deb Shixnazar otani poëk ro‘yxatiga qo‘shdi. Maktabdagi pioner otryadiga Qo‘yli doyimning otini qo‘yishdi».

Rassom Tuz

(davomi bor)

Tag‘in o‘qing
30 december 2020
Xalq hukumatning isitish mavsumiga shu qadar sust tayyorgarlik ko‘rganidan g‘azabda. Rasmiylar esa bunga javoban vaziyat haqida xabar berishga urinayotganlarni ...
8 march 2021
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev 2021 yilgi prezident saylovida Shavkat Mirziyoevdan boshqa loyiq nomzodni ko‘rmayotganini aytdi. Prezident Shavkat ...
9 january 2026
Bir kuni Afandidan so‘rashibdi: — Afandi, nega doim eshagingizga teskari qarab minasiz? Afandi javob beribdi: — Men emas, eshagim ...
24 april 2018
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi munosabati bilan 24 aprel kuni Xorazm viloyatida minglab talaba va o‘quvchi ko‘chalarga chiqarilib, ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...