Asosiy mavzular
16 november 2017

Holva ichidagi achchiq qalampir

Sal avvalroq o‘zbek matbuotida Mehnat vazirligi va Migratsiya agentligi mas'ullari Rosssiyaga safar qilib, ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazgani, bo‘lajak migrantlar uchun ish shart-sharoitlari borasida muzokaralar olib borgani haqida bir qancha maqolalar chiqqandi.

Yaqinda esa «Eltuz»da mehnat migrantlari eksporti mamlakatimiz uchun strategik maqsad bo‘lmasligi haqidagi fikrlarni o‘qidik.

Darhaqiqat, mehnat migratsiyasi O‘zbekiston uchun, uning xalqi uchun majburiy qadam bo‘lib turibdi. Chunki bu jarayon ijobiy jihatlari bilan birga ko‘plab salbiy omillari bilan ham ahamiyatlidir.

Avvalo, O‘zbekistonda juda avj olgan va bugun ham davom etayotan ommaviy migratsiya millatning genofondini abgor qilayotganini esdan chiqarmaslik kerak.

Rossiyadan o‘lib kelayotgan yuzlab, balki minglab o‘zbeklar haqida ko‘p yillardan beri eshityapmiz. Bundan tashqari, noqulay mehnat sharoitlari, noinsoniy munosabatlar sabab qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz kasal bo‘lib qaytmoqda.

Ikkita yaqin tanishim bir necha yil Rossiyada ishlagandi. Ularning ikkalasi ham buyrak kasali orttirib kelib, oxir-oqibat yoshgina o‘lib ketdi. Ortida farzandlari qoldi, bevalari qoldi.

Bunday misollarni minglab keltirish mumkin bugun O‘zbekistonda va bu holatlar jamiyatga ham o‘z ta'sirini o‘tkazadi. Zero, otasiz qolgan farzandlar va beva qolgan yosh ayollar ham shu jamiyat a'zolaridir.

Bundan tashqari, oylar, yillar davomida ota-onasiz o‘sayotgan farzandlarning tarbiyasi oqibatlari ham ertaga jamiyatda shunday keskin aks-sado berishi mumkinki, bu yaxshilikka emasligi aniq.

Albatta, hozir migratsiyani tartibga olish juda muhim masala. Lekin har qanday holatda ham asosiy ish o‘rinlarini yurtimizning o‘zida yaratish choralarini ko‘rish kerak.

Germaniya yoki Yaponiya aholisining qariyotgani hisobiga migrant taklif etadi. Iqtisodiyoti tobora gurkirayotgan Janubiy Koreyaga arzon ishchi kuchi kerak.

Jadal rivojlanayotgan Polshaga Yevropaning taraqqiy etgan davlatlariga yo‘l olgan fuqarolari o‘rnini to‘ldiradigan ishchi kuchi lozim.

Ammo bugun prezidentning avvalgi o‘tmishdoshidan farq qiladigan ijobiy sa'y-harakatlari bilan xalq og‘irini yengil qilish, to‘g‘ri rivojlanish sari yuz tutayotgandek ko‘rinayotgan yurtimizga o‘zimizning mehnatkashlar kerak emasmi?

Axir ular orasida ham qanchadan-qancha malakali mutaxassislar bor-ku. Rivojlanishni istar ekanmiz, avvalo, ana shular uchun ish o‘rinlari yaratish zarur.

Tepada o‘tirgan amaldorlar faqat tanish-bilishlari, soqqasini cho‘zganlarni ishga olaversa, imkonsiz boshqa mutaxassislar chetga chiqib ketaversa, bugun ko‘zlanayotgan maqsadga erishish shunchalik qiyinlashib boraveradi.

Mehnat migrantlari eksporti bizga hozir qanchalik shirin ko‘rinmasin, bu holvaning ichiga achchiq qalampir qo‘shilganini ham unutmasligimiz kerak.

Shuhrat Omon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 october 2019
Tarixga Gorbachyov hurriyati deya kirgan 1985 yildan 1991 yilgacha bo‘lgan davrda o‘zbek jurnalistikasida ko‘tarilish paydo bo‘lgani kuzatildi. Oshkoralik, demokratiya ...
14 february 2019
O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi O‘zbekistondagi davlat xizmatchilarining majburiy mehnati haqidagi navbatdagi hisobotini e'lon qildi. “Biz, byudjet xodimlari qilmagan ish ...
10 may 2019
O‘zbekistonga oid ma'lumotlarni yorituvchi mustaqil ommaviy axborot vositalari va mamlakat huquq himoyachilariga qarshi internet orqali yashirin fishing va veb ...
27 january 2020
Qashqadarë viloyati Chiroqchi tumani IIB qidiruv bo‘limining besh nafar xodimi gumonlanuvchini so‘roq paytida urib o‘ldirib qo‘yganlikda ayblanib hibsga olindi. ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...