Catira
16 march 2018

«Myasorubka go‘shtni qiymalaydi» deb aytishga qo‘rqadigan «ekcpert»lar

Bobomurod Abdullaev ishi bo‘yicha 15 mart kuni o‘tgan sud majlisida Respublika sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, jurnalistga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilgani haqidagi iddao rad etildi.

Sud ishtirokchilari jurnalistning tergovda qo‘llangan qiynoqlar haqidagi bayonotini eshitib dahshatga tushishgani, sud tibbiy ekspertizasi xulosasi eshittirilgach esa hafsalasi pir bo‘lganini «Eltuz»ga bildirishdi.

«Menga ham bir vaqtlar qiynoqlar qo‘llanilgan edi, masalan, tergovda ustimdan qaynoq suv quyib yuborishgan, biroq Bobomurod sudda gapirgan qiynoqlar haqida eshitib dahshatga tushdim», deydi sudda ishtirok etgan, 10 yil qamoqda bo‘lgan sobiq siyosiy mahkum A'zam Turg‘unov.

Sud tibbiy ekspertizasi

Respublika sud tibbiy ekspertizasi xulosasi sud majlisi boshlanishi bilanoq hakam Zafar Nurmetov tomonidan o‘qib eshittirilgan.

Abdullaevning advokati Sergey Mayorov talabnomasi bilan 7 mart kuni chiqarilgan ajrimga ko‘ra o‘tkazilgan sud tibbiy ekspertizasi “Bobomurod Abdullaevning tanasida jarohat – qiynoq izlari mavjud emas”, degan to‘xtamga kelgan.

Sud tibbiy ekspertizasi Bobomurod Abdullaevning chap qo‘lida shish borligini tasdiqlagan, biroq uning qachon paydo bo‘lgani noma'lumligini bildirgan.

«Bobomurodga sud tibbiy ekspertizasi tayinlash to‘g‘risidagi talabnoma qondirilganida erta suyungan ekanmiz…», dedi mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulova «Eltuz» muxbiriga.

Qiynoqlar izi yo‘qolganmi?

Bobomurod sudda boshqa ayblanuvchilardan farqli ravishda «mutlaqo aybiga iqror emasligini», bu iqror undan muttasil qiynoqlar yordamida olingani haqida gapirgan.

Malohat Eshonqulovaning bildirishicha, Bobomurod 2017 yilning 28 sentyabrida uni 2-3 nafar baquvvat kimsa «Neksiya» avtomobiliga bosib olib ketishgani, yo‘lda uning boshiga qora qop kiygizishgani haqida gapirgan.

Uni shiftiga, devorlariga, hatto pollariga temir ilgaklar o‘rnatilgan yero‘laga olib kirishib, o‘ng qo‘lini devorga kishanlab qo‘yishgan.

“Meni o‘sha yerto‘lada yog‘och bilan, sintetik arqon bilan, plastmassa quvur bilan to‘xtovsiz, navbatma navbat kaltaklashdi… Ana shunday qiynoqlar davomida hushimni yo‘qotardim. Ular menga sovuq suv quyib, hushimga keltirishardi…», deya iqtibos keltiradi «Eltuz» suhbatdoshi Bobomurodning suddagi nutqidan.

Shuningdek, jurnalistning sudda bildirishicha, tergovchi To‘raqulov uni yechintirgan payti orqasidagi yaralarni ko‘rib, «Ermitaj bo‘lib ketibdi-ku, qaerda olding bu jarohatlarni?» degan.

Biroq sud tibbiy ekspertizasi xulosasida bu qiynoqlar ham mutlaqo inkor etiladi.

Ayblov xulosasi

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Bobomurodning qiynoqlarga oid iddaosini rad etgach, mahkama «eskichasiga», buning ustiga, rus tilida davom etgan.

Prokuror Bahrom Qobilov 100 varaqlik ayblov xulosasining asosiy qismini o‘qib bergan.

Bunga ko‘ra, «Bobomurod Abdullaev “O‘zbekiston xalq harakati” lideri Muhammad Solih bilan «o‘zaro jinoiy til biriktirib, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, davlatni ag‘darish, rangli inqilob qilishdek g‘araz maqsadni ko‘zlagan…

Usmon Haqnazarov taxallusi ostida davlat rasmiylarini, Karimov va uning oilasini xalq oldida obro‘sizlantirishga qaratilgan maqolalar yozgan…

Shavkat Ollayorov va Shavkat Salaev Bobomurodni hukumat sirlariga oid ma'lumotlar bilan ta'minlab turgan.

Hayotxon Nasriddinov ham Bobomurodning gumashtalaridandir…”

Bobomurod va Ollayorovdan boshqa sudlanuvchilar «aybini tan olishgan»

Qizig‘i shundaki, ayblov xulosasi bo‘yicha sudya Nurmetovning so‘roviga qoralovchi Bahrom Qobilov, sudlanuvchilar va ularning advokatlari «e'tirozlari» yo‘qligini bildirishgan… Birgina Bobomurod Abdullaevning advokati Sergey Mayorovdan tashqari.

«Eltuz» suhbatdoshiga ko‘ra, advokat Mayorov sudda ayblov tomoniga bir qancha e'tirozlari borligini bildirgan.

Sudya Nurmetovning panjara ortidagi sudlanuvchilariga yuzlanib, «aybingizni tan olasizmi?» degan savoliga Ravshan Saloev «qisman tan olaman», deydi. Hayotxon Nasriddinov esa «tan olaman», deya javob beradi. Shavkat Ollayorov «tan olmayman», deydi.

«Bobomurod Abdullaevning «mutlaqo tan olmayman», degan jumlasi esa o‘tirganlarning qarsaklari bilan olqishlandi», deya bildiradi Malohat Eshonqulova.

Advokat Mayorov jamoatchilikka o‘z pozitsiyasida qat'iy qolayotganini bildirdi.

«Biz o‘z fikrimizda qat'iy qolamiz, shubhasiz, qiynoqlar bo‘lgan. Aksincha bo‘lganida Bobomurod Abdullaev bu haqda eng mayda detallarigacha batafsil gapirib bermagan bo‘lar edi», dedi advokat Mayorov suddan keyin jurnalistlar va diplomatlar bilan suhbatida.

Mahkama so‘nggida sud o‘z ishini 26 martda davom ettirishi aytilgan, «Eltuz» nashri Bobomurod Abdullaev sudi bilan bog‘liq jarayonlarni kuzatishda davom etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 april 2025
1994 yili akam Shuhrat, ukam G‘ayrat va men Urganch shahrida mustaqil telestudiya tashkil etgan edik. Ochilgan kunidan buyon uni ...
15 may 2023
Toshkentda olti sotix yer maydoni hujjatlarini rasmiylashtirishga 600 mln so‘m so‘ragan shaxs ushlandi. Oldinam firibgarlik jinoyati uchun sudlanib ësh ...
2 august 2018
Yevropada yashay boshlaganim qochqinlikning o‘ninchi yili yakunlanarkan, bugun ilk bor yarim asrlik umrim ortiga qaramoqchi bo‘ldim. Jo‘n ma'noda esa ...
17 november 2016
Internet va media sohasi O‘zbekistonda dunyoda eng keskin nazorat qilinadigan davlatdir. «Freedom House» har yili o‘tkazadigan Dunyo bo‘yicha Internet ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...