Asosiy mavzular
2 april 2018

Prezidentga atalgan shirin yolg‘onlar

So‘nggi vaqtlarda prezidentning viloyatlarga tashriflari davomida uni aldashga urinishlar avjiga chiqmoqda.

Internetda kuni-kecha Jizzaxga borgan prezident Shavkat Mirziyoev Zarbdor tumanida yana bir bor aldangani haqida xabarlar tarqaldi.

Ularga ishonilsa, Zarbdor tumanidagi “Zarbdor tekstil” MChJga kelgan prezidentga ishchilar deb tanishtirilganlar aslida hech qanday ishchilar emas, balki kollej o‘quvchilaridir. Bu o‘quvchilar bor-yo‘g‘i ishchi rolini o‘ynab bergan, xolos.

Bundan ilgari prezident Qashqadaryoga borganida yo‘l chetlarida qurilgan issiqxonalar uning ko‘zini quvnatishga xizmat qilgan edi.

Aslida esa ular qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiriladigan issiqxonalar emas, balki davlat rahbari uchun teatrlashtirilgan shouning dekoratsiyalari ekani ma'lum bo‘lgandi.

Shahrisabzdagi prezident tashrif buyurgan xususiy bog‘cha voqeasi esa komediyaga aylanib, xalq orasida ancha vaqt kinoyali kulgi bilan eslab yurildi.

Ma'lum bo‘lishicha, viloyatdagi yuqori mulozimlarning tashabbusi bilan xususiy bog‘chaning egasi qolib, bu rolga ingliz tilini biladigan, Zulfiya mukofotini olgan yosh maktab o‘qituvchisi tanlangan.

Prezident bu qizga mashina sovg‘a qilib ketganidan keyin bog‘chaning haqiqiy egasi va “vaqtinchalik shoh” rolini o‘ynab bergan zulfiyachi qiz o‘rtasida mashina talash mojarosi kelib chiqqan.

Mulozimlar bu “qovun tushirish”ni bosti-bosti qilish uchun ancha ter to‘kkani haqida latifalar to‘qilgani bor gap.

Keyinroq issiqxona ko‘rinishidagi dekoratsiyalar prezidentning Samarqand viloyatiga safari chog‘ida ham tayyorlagani haqida xabarlar chiqqan edi.

Davlat rahbarini xursand qilish uchun aldovdan foydalanish Islom Karimov davrining atributlaridan biri edi. Go‘yoki jamiyat faqat yolg‘onlardan iborat edi o‘sha davrlarda.

Birgina Karimovga hosil mo‘lligini ko‘rsatish uchun g‘o‘za chanoqlariga yelim bilan paxta yopishtirib chiqilgani voqeasini eslang. Hozirgacha bu voqea o‘sha davrning mohiyatini ochiq-tiniq ko‘rsatib beradigan holat sifatida keltirib o‘tiladi.

Endi esa Jizzaxdagi ko‘zbo‘yamachiliklar…

Qizig‘i shundaki, bunday aldovlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar elga oshkor bo‘lgandan keyin ham viloyatlardagi rahbarlar zarracha uyalayotgani yo‘q. Aksincha, prezidentni aldash harakatlari tobora ko‘payayotgandek.

Prezident har bir yig‘ilishida yolg‘on ma'lumotlardan qochish kerakligi, aldovlarni darhol payqab olishi, uni aldab bo‘lmasligi bot-bot takrorlaydi. Shunga qaramay, davlat rahbarini aldayverishadi.

Bu holatlarni ko‘rgandan keyin prezidentning meni aldab bo‘lmaydi, degan gaplariga ishonch susayib qoladi.

Xulosa chiqadiki, prezident rostdan ham aldanyapti yoki uning shirin yolg‘onga moyilligi bor.

Bahodir Sharif
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 february 2018
Andijon viloyat Ankologiya dispanseriga Oltinko‘l tumanidan ko‘krak bezi saratoni tashxisi bilan yotqizilgan bemorlar soni ko‘paymoqda. Aholisi 155 ming kishi ...
28 october 2020
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Frantsiya mollarini boykot qilishga chaqirdi. Tushundik. Xitoy mollariga boykot qilsak qandoq bo‘lar ekan, rais? ...
17 march 2021
The Diplomat nashri O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayoni tahliliga bag‘ishlangan maqola chop etdi. Uning muallifi Corissa Steiner O‘zbekiston rahbariyati avval ham iqtisodiyotni xususiylashtirishni ...
2 december 2019
Samarqandga bag‘ishlab suratga olingan bu film rejissyor N.Gavryushkin tomonidan «Goskino»ning 3-fabrikasida 1930 yili ishlangan, 2011 yili esa bir guruh ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...