Asosiy mavzular
3 december 2018

O‘zidan chiqadigan gaz va elektrga yolchimayotgan xalq

“O‘z gazingni o‘zgaga berib, tappi yoqqan o‘zbegim”, deya sovet davrini yomonlagan xalqimiz o‘zining zamonaviy tarixida ham gazga yolchimayapti.

O‘zbekistonda aholi va sanoat korxonalarining gazga ehtiyoji ortib borayotgan, bu ehtiyojni qondirish katta muammoligicha qolayotgan bir paytda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi Xitoyga gaz yetkazib berishni yanada ko‘paytirish tadorigini ko‘ryapti.

Kompaniya mutasaddilarining ma'lum qilishicha, hozir “O‘zbekneftgaz” neft-gaz sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini ishlab chiqyapti. Bu kontseptsiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri esa “O‘zbekiston-Xitoy” gaz quvurining 4-liniyasini qurish bo‘ladi.

Bundan tashqari, kontseptsiyada tabiiy gazni chuqur qayta ishlash, ikkita neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish masalalariga ham asosiy e'tibor qaratilgan.

Bu rejalardan ko‘rinib turibdiki, mamlakat aholisini quvurlar orqali tabiiy gaz bilan to‘liq ta'minlash masalasi hali-beri hukumat uchun ustuvor vazifaga aylanadiganga o‘xshamaydi.

Buning natijasida sifatsiz, yonishidan ko‘ra tutashi ko‘proq bo‘lgan ko‘mirni yoqib, is gazidan zaharlanish holatlari ko‘paymoqda. Ko‘miri bo‘lmaganlar esa hali ham tappi yoqib kun ko‘ryapti.

Oqar gaz bilan ta'minlanmagan aholi punktlariga suyultirilgan gaz yetkazib berish borasidagi ishlar o‘lda-jo‘lda. Qog‘ozda ishlar besh, aslida esa gaz yo‘qligidan aholining fig‘oni falakda.

Bu yoqda elektr energiyasi bilan ta'minlashda ham ijobiy o‘zgarishlar kam. Hukumat esa Afg‘onistonga elektr yetkazib berishni ko‘paytirish tashvishini qilyapti.

Yaqinda Talimarjon issiqlik elektr stantsiyasidagi nosozlik sabab respublikaning juda ko‘p hududlarida o‘zi shunday ham katta muammo bo‘layotgan tok o‘chirishlar miqyosi bir necha barobar ko‘paydi.

Avtoritar boshqaruv usuli uchun tinimsiz tanqid qilinib kelinayotgan Imomali Rahmon birinchi navbatda o‘z aholisini ta'minlash uchun O‘zbekistonga elektr uzatish hajmini qisqartirsa, biz o‘zimizning xalqimizni o‘ylamay, uni “jafokash qo‘shni”ga pullash ilinjidamiz.

Natijada rivojlantiramiz deb og‘iz yirtayotganimiz kichik va o‘rta biznes bugun ishlamay o‘tiribdi. Chunki tok yo‘q.

Elektr bo‘lmasa, ishlab chiqarish bo‘lmaydi, ishlab chiqarish bo‘lmasa, odamlar ishsiz qoladi, ishsizlar oylik olmaydi, ro‘zg‘or qaqshaydi…

Bu zanjirli reaktsiya uzluksiz davom etadi. U xalqni yanada qashshoq qiladi, turmushni og‘irlashtiradi, mamlakat taraqqiyotiga g‘ov bo‘ladi.

Gaz o‘rniga tappi yoqqan, 21-asrda ham qora chiroqqa kuni qolgan xalqqa esa buyuk kelajak, farovon hayot va'da qilish hamon davom etmoqda.

Bu va'dalarni eshitib, sovet davridagi mashhur fantastik film esga tushaveradi. 25 yil davomida o‘sha kinodagidek “biz sizni baxtiyor qilamiz”, deb aqlimizni to‘mtoqlashtirib kelishdi.

Bugun ham biz shunday gipnoz ostidamiz go‘yo. Bizni baxtiyor qilmoqchi bo‘lganlarning o‘zlari baxtiyorlikka erishganiga ancha bo‘ldi.

Gazimizni Xitoyga, elektrimizni Afg‘onistonga sotganlar yanada baxtiyorlashib boraveradi, biz esa baxtiyor kunlarimiz kelishiga ishonib yashayveramiz…

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 january 2021
Andijon shahridagi avtobus bekatlaridan birida to‘shakka o‘ranib, ustidan tsellofan yopib o‘tirgan bir kishiga duch keldim. O‘sha kuni havo odatdagidan ...
24 september 2023
Qozog‘istonda chet el vatandoshini o‘g‘irlab yaqinlaridan pul talab qilgan besh o‘zbek uzoq muddatga qamaldi. Qarag‘anda shahar sudi 21 sentyabr ...
19 july 2024
Mana it quvgan gadoydek xaftayam zuvv etdi, o‘tdi ketdi. Yana sizlarning qoshingizdaman. Suhbati du anda mazzaku, deydi Xayëm. Yuz ...
28 february 2022
27-fevraldan 28 fevralga o‘tar kechasi Vena shahar maydoni namoyishchilar bilan to‘ldi. Ular Ukrainani qo‘llab quvvatlashmoqda. Tarixiy binolarda Ukraina bayrog‘i ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...