Ko‘zqarash
3 june 2020

AQShdagi namoyishlar o‘znetda liberallarga qarshi jazava qo‘zg‘atdi

Bir narsaga e'tibor qaratdim: AQShda bo‘layotgan voqealarga e'tibor rus internetida juda yuqori; runetda bu voqealarni anarxiya deb qoralash, afroamerikaliklarni arzimagan voqea bahona qonunbuzarlik va zo‘ravonlik aktsiyalari uyushtirishda ayblash avjida.

Rus internetida G‘arbdagi liberal trendlarga qarshi keskin kayfiyatlarni ko‘pdan beri kuzataman: feminizm ham qoralanadi, qora tanlilarga nisbatan ijobiy diskriminatsiya ham qoralanadi, Yevropa muhojirlarni qabul qilayotgani ham qoralanadi, xullas, har yerdan yomonlik qidirish avjida. Runet ketidan o‘znetda bunday kayfiyatdagi odamlar ko‘payib qoldi. Namoyishlarni diskreditatsiya qilishga, sababsiz zo‘ravon qilib ko‘rsatishga qaratilgan yolg‘on-yashiq xabarlar-u, ataylab uyushtirilgani haqidagi fitna nazariyalari ham urchib ketdi.

Menimcha, bu kabi aksilliberal fikrdagi odamlar AQShdagi, G‘arbdagi asl vaziyatni to‘liq bilmay turib, o‘z realligidan kelib chiqib xulosa qiladi. Lekin AQSh va Yevropa tarixidan va bugunidan kelib chiqsa, qora tanli aholining kurashi ma'nisiz va arzimas narsa emas. Uning chuqur o‘tmishi va sabablari bor.

AQShda irqchilik hamon tirik. Politsiya xodimlari qora tanli odamlarga o‘ta ishonchsizlik bilan qarashi va arzimas sabab bilan o‘ldirib yuborishi ko‘p kuzatilgan holat.

Juda mayda va isbotlanmagan qonunbuzarlik uchun o‘ldirilgan Jorj mana shunday munosabat qurboni. Ko‘chalarga chiqqan afroamerikaliklarning tuyg‘ularini, g‘azablarini tushunsa bo‘ladi. Gap inson hayoti, inson qadri, ko‘p millionlik jamoa g‘ururi va normal muomalaga munosibligi haqida ketmoqda.

Inson qadri bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Bir kun kelib u o‘ziga nisbatan ishlamagan qonunlarni va tartiblarni hurmat qilmay qo‘yishi mumkin.

Yana bir jihat. Jorj Floyd o‘limi odamlarni junbushga keltirgan trigger-ivent bo‘ldi. Lekin aktsiya ishtirokchilarining orasida irqchilik, yomon muomala qurbonlari oz emas. Ularni o‘ldirishmagan, lekin kamsitishgan, haqoratlashgan, kaltaklashgan, adolatsiz qamashgan, ishdan haydashgan.

Ular faqat Jorj Floyd uchun emas, o‘zlari uchun ko‘chaga chiqmoqda. Ular – faqat qora tanlilar emas. Ular orasida oq tanlilar ham bor. Politsiya xodimlarining ham kattagina qismi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlayapti, ularni tushunyapti.

Albatta, namoyishchilar uyushtirgan zo‘ravonlik aktlarini oqlab bo‘lmaydi. Bunday hissiyotli aktsiyalarga zo‘ravonlik ishqibozlari ham qo‘shilib oladi, qolaversa, jahl chiqqanda aql ketadi.

Lekin bu – harakatning mohiyati emas. Namoyishchilarning ko‘pchiligi adolat xohlaydi, xolos. Ularning aksariyati tinchlikka chaqirmoqda, qora tanlilarga odamday muomala qilinishini, o‘t ochilmasligini talab qilmoqda.

Tinchlik va murosa, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik hamisha eng yaxshi va eng to‘g‘ri yechimdir, lekin, afsuski, odamlar bu yaxshi yechimga oson yo‘l bilan yetib bora olmaydi doim ham.

Eng muhimi – jamiyatda fikr ifodalash erkinligi bo‘lishi kerak, ba'zida hissiyotga berilib, ba'zida jahl qilib, odamlar pirovardida bir-birini yaxshiroq tushuna va hurmat qila boshlaydi.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
16 february 2017
Rossiya matbuoti, 14 fevral kuni Kaliningrad aeroportida yonida 15 kg quruti bo‘lgan O‘zbekiston vatandoshi ushlangani haqida xabar berdi. Ma'lum ...
27 march 2025
Turkiyada bo‘layotgan namoyishlar haqida o‘zbek segmenti nima deb valdirasa – valdiradi, aljirasa – aljiradi. Indamay, kuzatib bordim. O‘zbekistonda nechta ...
26 october 2020
Ijtimoiy tarmoqlarda populistlar tomonidan Frantsiya mahsulotlariga boykot e'lon qilish haqida chaqiriqlar paydo bo‘lmoqda. Kelinglar, bu tadbirdan kimga qanaqa zarar ...
21 july 2016
Avval ham aytganmiz, «Qishloq hayoti» ajoyib gazeta. Qishloq odamlariga, dehqonlarga ekinni qachon ekish, go‘ngni qachon qaerga ishlatish borasidagi qiymati ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...