UzPoster
8 june 2020

AQShdagi to‘polon va So‘xdagi janjal o‘rtasidagi o‘xshash tomonlar qaerda?

Runetda, uning ketidan esa o‘znetda AQShdagi voqealarning muhokamasi davom etmoqda. “Irqchi emasman, lekin do‘konlarni yoqishning qora tanlilar huquqlariga qanday aloqasi bor?” deb tushuna olmayotganlar hali ham juda ko‘p.

Ular o‘zlariga bu savolni berib, unga javob topolmayotgan bir paytda O‘zbekistonning o‘zida shunga o‘xshash voqea ro‘y berdi, lekin ko‘pchilik uning AQShdagi voqealarga o‘xshash jihatlarini payqamay qoldi.

O‘zi shunaqa bo‘ladi – o‘zing yashab turgan jamiyat kontekstida voqealarga boshqacharoq qaraysan, uni tushunishing osonroq bo‘ladi.

So‘xdagi voqealardan mendan yaxshiroq xabardorsiz. Katta to‘polon, janjal, urush. So‘xlik bir guruh odamlar kattakon janjalda, ommaviy mushtlashuvda ishtirok etdi.

O‘z xatti-harakatlari bilan ular, munday olib qaraganda, milliy nizo va davlatlararo mojaro keltirib chiqardi. Qonun buzildi: ular muammosini davlat idoralariga tinch yo‘l bilan aytmay, mushtlashuvga, agressiv harakatga kirishib ketdi, qo‘shni davlat hududini toshbo‘ron qildi.

Lekin ularni qamashmadi, javobgarlikka tortishmadi. Internet faollaridan hech kim mushtlashuv ishtirokchilarini qonun buzganlikda ayblamadi, jazolashni talab qilmadi.

Chunki so‘xliklarning ahvoli o‘zbekistonliklarga tushunarli – bu voqealarning sababini biz yaxshi bilamiz. Shuning uchun qandaydir jazo choralari o‘rniga kimsan bosh vazir borib, vaziyatni iziga solib qaytdi.

AQShdagi afroamerikaliklar harakati ham shunga o‘xshaydi, faqat miqyosi boshqacharoq. Diskriminatsiyadan, g‘ayriinsoniy muomaladan to‘yib ketgan aholi agressiv harakatlarga kirishib ketdi.

Birinchi misolda ham, ikkinchi misolda ham agressiv harakatlarni oqlab bo‘lmaydi, lekin ularning kontekstiga qarab boshqacharoq yondashilmoqda, alohida shaxslarni jazolash yo‘li bilan masalani hal qilib bo‘lmasligini tushungan elita portlashga sabab bo‘lgan ichki muammoni hal qilishga urinmoqda.

Yana bir qiziq parallel. So‘xlik bitiruvchilarga davlat grantidan universitetlarga kirishda 500 ta kvota ajratilibdi. Axir bu G‘arb davlatlaridagi teskari (ijobiy) diskriminatsiyaning o‘zginasi-ku: tarixan noteng munosabatlar tufayli jamiyatning boshqa qatlamlaridan taraqqiyotda qolib ketgan qatlamlarga ko‘proq imkoniyat beriladi, toki ular imkoniyatlarni tenglashtirib olsin va jamiyatning teng huquqli qismiga aylansin.

Tarixiy adolatsizlikni bartaraf qilish uchun universitetlarda, siyosatda, TVda, kinoda qora tanlilarga va ayollarga kvotalar ajratiladi.

Bu hamma uchun manfaatli – ortda qolib ketgan qatlamning hayoti yaxshilanib, noroziligi pasayadi, ilg‘orroq qatlamning qulog‘i tinch bo‘ladi, norozi qatlamning agressiyasidan qo‘rqmaydi.

So‘x chekka va noqulay joylashuvi tufayli ko‘p muammolarga ega. 500 ta grant o‘rni yordamida yetishtiriladigan kadrlar tumanning muammolarini hal qilishga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda kelajakda.

Ko‘proq bilimli kadrlar, yaxshi o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xodimlari bo‘lsa, ko‘p masalalar o‘z yechimini topishi mumkin. Mutlaq ob'ektiv adolat nuqtai nazaridan universitetga tug‘ilgan joyingga, irqingga yo jinsingga qarab emas, bilimingga qarab kirishing kerak, lekin kontekstual adolat ham bor – u mana shunday vaziyatlarda ob'ektiv adolatdan to‘g‘riroq va samaraliroq bo‘ladi.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
5 may 2015
Institutning birinchi kursida o‘qiganim 1980 yilda mang‘itlik shoir Mansur Axmedov bilan jo‘ra edik. Mansur Axmedov bir kuni menga Abdulla ...
12 april 2025
Andijon viloyati Izboskan tumanidagi masjid tahoratxonasida gaz portlashi oqibatida uch kishi halok bo‘lib, 10 kishi jarohatlangan. Bu haqda FVV ...
28 july 2025
26 iyul kuni Buxoroda soliq inspektori 400 AQSh dollari pora olgan vaqtida qo‘lga olindi.  U tezkor tadbir davomida DXX ...
14 april 2024
2016 yili Rioda, 2020 yil Tokioda bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Nozimaxon Kayumova Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi tomonidan disfilifikatsiya qilindi. ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...