Ko‘zqarash
23 september 2020

Inson umri poënli, qo‘shiq umri poënsiz

Shuhrat Qayumov men tanigan, men muloqotda bo‘lgan san'atkorlarning eng yaxshisi, madaniyatlisi edi. U kishi bilan ilk marotaba Kattaqo‘rg‘onda kontsert berganida tanishgandik. Shundan so‘ng bir necha marta u kishidan intervyu olgandim.

Yodimda u kishi bilan bog‘liq faqat yaxshi voqealar qolgan.

Bir kuni «Tasvir» gazetasi uchun intervyu olmoqchi bo‘lib qo‘ng‘iroq qildim. Shuhrat Qayumov o‘sha kuni «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasining yubileyida ishtirok etayotgan ekan. «Sharifa, bo‘shab sizga qo‘ng‘iroq qilaman», dedilar.

Men u kishini kutib o‘tirdim. Aytganlaridek, kechki 6 lardan o‘tganda qo‘ng‘iroq qildilar. O‘sha paytda «gazetniy korpus»ning yonida «Demir» supermarketi va shu nomda qahvaxona bor edi. Meni o‘sha yerga olib bordilar.

Ofitsiant qizga «Margarin qo‘shilmagan tort bo‘lsa, olib keling», dedilar. Bir necha marta uchrashib, suhbatlashgan bo‘lsak ham hech qachon qahvaxonaga kirmagandik.

«Sharifa, sizga bir sirni aytmaymi», dedilar jilmayib va davom etdilar. «Shu paytgacha men birorta jurnalistni qahvaxonaga olib kirmaganman. Birorta jurnalistga tort olib bermaganman. Siz mening qo‘limdan tort yeyayotgan birinchi jurnalist bo‘ldingiz», dedilar. Shuhrat Qayumovning o‘sha gapidan juda xursand bo‘lib ketgandim.

Ikkinchi voqea, adashmasam, 2014 yilda bo‘lgandi. Bu paytda men qishloqda yashayotgandim. Maktabda ishlardim. Bizga tumandagi «Vodiy» to‘yxonasiga Shuhrat Qayumov kelar ekan, deb bilet sotishdi. Odatda majburiy bilet sotishlariga qarshi bo‘lardim. Lekin bu safar 6 ta bilet oldim. Va uydan ayamni, ikkita ammamni, kelinoyimni chaqirdim. Biz Shuhrat Qayumovning kontsertiga bordik. Jimgina oxirgi qatorda o‘tirib kontsert ko‘rdim. Va tadbir oxirida Shuhrat Qayumovning oldiga borib hamma qatori suratga tushmoqchi bo‘ldim.

Shuhrat Qayumov meni ko‘rdilar-u, «Iee, Sharifa, siz bu yerda nima qilib yuribsiz, nega ko‘rinmay ketdingiz? Nega bir yo‘qlab bormayapsiz», dedilar. Men qishloqda yashayotganimni aytdim. Juda shoshib turgan shekilli orqa eshikdan chiqib ketayotgandilar. «Shuhrat aka, ayam siz bilan rasmga tushmoqchilar», dedim shosha-pisha. «Iee, darrov olib keling ayangizni, hoji ona bilan rasmga tushaman-da. Sizdek qizni tarbiyalagan onangizni ko‘rish menga ham faxr», dedilar.

Yonidagi sheriklari eshikni yopib, meni o‘tkazmayotgandi, o‘zlari eshik oldiga kelib ayam ikkalamizni ichkariga olib kirib ketdilar. Ayamdan ham hol-ahvol so‘radilar, meni rosa maqtadilar. Ayam bilan birga rasmga ham tushdilar. «Toshkentga borganda biznikiga olib o‘ting ayangizni, juda nurli ayol ekanlar. Umida opangiz bilan kutib olamiz. Telefon nomerimni yozvoling. Qachon borsangiz, eshigimiz ochiq», deya xayrlashdilar.

Bugun u kishining vafotini eshitib mana shu voqealarni yana bir marta esladim. Uzoqdagi yaqin, olisdagi qadrdon bo‘lib qolgan bir yaxshi insondan ayrilganimni tushundim.

Biz sizni yaxshi ko‘rardik. Endi faqat qo‘shiqlaringizni eshitib sizni yodga olamiz.

Jurnalist Sharifa Murod esdaliklari edi

Tag‘in o‘qing
18 august 2020
O‘zbekiston paxta sektorini xususiylashtirish jarayonidagi xatarlar Power Briefs turkumining O‘zbekistondagi paxta sektorini xususiylashtirish jarayonida asosiy rol ajratilgan klasterlar tizimiga ...
18 october 2015
Assalomu alaykum aziz hamyurtlar! Men bu voqeani sizlarga aytmasam bir umr bo‘ynimda qarz bo‘lib qoladi. Shu sababli uzoq o‘ylab ...
24 april 2016
Bundan 5 yil oldin Toshkent shahar xokimligi Chexiyadan 20 ta tramvayni donasiga bir million AQSh dollari to‘lab sotib olgan ...
14 july 2025
Rassom og‘a doim bolasini o‘ris bog‘cha va maktabga berganlarni qoralaydi. Bu fikrga to‘liq qo‘shilaman. Doim bolalarimni faqat o‘zbek bog‘cha-maktabga ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...