Mett Deymon: Kino ko‘rish smartfonlarga ko‘chdi
Zamonaviy tomoshabinning diqqat-e'tibori pasaygani endi shunchaki taxmin emas, balki kinoindustriyani o‘zgartirayotgan faktga aylandi. Yaqinda mashhur aktyor Mett Deymon Jo Roganning podkastida Netflix va boshqa striming gigantlari stsenariy yozishga qanday yondashayotgani haqida hayratlanarli ma'lumotlarni ochiqladi.
Deymonning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda filmlar «ikkinchi ekran» (telefon) bilan band bo‘lgan odamlar uchun moslashtirib ishlab chiqilmoqda.
Netflix stsenariy mualliflaridan dialoglarni iloji boricha soddalashtirishni va syujetdagi muhim burilishlarni bir necha bor takrorlashni talab qilmoqda. Buning sababi oddiy, tomoshabin film ko‘rayotib, doimiy ravishda telefonidagi lentani «varaqlaydi».
«Stsenaristlarga syujetni dialoglar orqali bir necha bor chaynab berish topshirig‘i beriladi. Toki tomoshabin ekrandan ko‘zini uzib, telefoniga tikilib o‘tirganda ham, voqealar rivojini yo‘qotib qo‘ymasin», — deydi Deymon.
«Ilk 30 soniya» qoidasi: Kino strukturasining buzilishi
Ilgari filmlar sekin-asta rivojlanib, tomoshabinni voqealar ichiga olib kirardi. Hozir esa buning imkoni yo‘q. Inson diqqati hozirda dastlabki 30 soniya davomida yashaydi.
Agar filmning ilk daqiqalaridayoq eng qiziqarli, «portlovchi» sahnalar ko‘rsatilmasa, tomoshabin shunchaki boshqa kontentga o‘tib ketadi. Kino endi yaxlit asar emas, balki tezkor iste'mol qilinadigan mahsulotga aylanib qoldi. Sabr va diqqat yetishmovchiligi sababli, rejissyorlar filmni boshidan «sotishga» majbur.
Vizual sifatning qadri yo‘qoldi
Uchinchi muammo — tasvir sifati va operatorlik ishi. Mett Deymonning ta'kidlashicha, rejissyorlar endi murakkab va chuqur ma'noli kadrlar ustida bosh qotirishlariga hojat qolmayapti.
Ko‘pchilik filmlarni katta ekranda emas, balki telefon, planshet yoki noutbuklarda ko‘radi. Katta ekran uchun mo‘ljallangan san'at durdonalari kichik ekran uchun moslashtirilgan oddiy «kontent»ga aylanib bormoqda. Ranglar, detallar va keng ko‘lamli sahnalar kichik ekranda o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.
Kino sanoati tomoshabinning zaiflashgan diqqatiga moslashish orqali o‘z sifatini qurbon qilmoqda. Agar vaziyat shu tarzda davom etsa, yaqin kelajakda murakkab syujetli, chuqur ma'noga ega va badiiy jihatdan yuksak filmlar o‘rnini «ko‘chada eshitib ketish mumkin bo‘lgan» oddiy videolar egallashi hech gap emas.
