Asosiy mavzular
26 march 2016

Arman baliqchisining sudida AQSh elchilari so‘roqqa tutildi

Sud majlisidan chiqayotgan AQSh elchixonasi vakillarini tashqarida Jizzax viloyat televideniyasi muxbirlari Dilmurod Abduraximov va tasvirchi Umid Nosirovlar kutib olishdi.

Muxbirning “Nega endi Amerika elchixonasi jixodchi ekstremistlarning maxkama jarayoniga qiziqib qoldi? Nega endi IShIDga aloqador jinoyatchilarni ximoya qilyapsiz?” kabi savollari naqadar g‘alati jaranglamasin, Anton Kuper va xuquqbon Surat Ikromov ularga batafsil javob berishdi.

Intervyuni kuzatib turishgan Aramais Avakyan, Furqat Jo‘raev, Bektemir Umrzoqovlarning yaqinlari, “Biz xam gapiramiz! Bizga so‘z bering! Xammasiga Paxtakor xokimi G‘ofur Qarshiboev aybdor! Bolalarimiz jixodchi emas!” deya qichqirishgan bo‘lsada, muxbir ularga qarab xam qo‘ymagan..

Jizzax viloyat teleradio tashkilotlarida ishlagan jurnalist sifatida shuni ayta olamanki, O‘zbekiston Ommaviy Axborot Vositalari muxbirlari joylardagi biron bir tadbirda qatnashayotgan xorijlik mexmondan o‘z ixtiyorlari bilan intervyu olmaydilar.

Mexmonni gapga tutish yoki tutmaslik xaqidagi ko‘rsatmani Milliy Xavfsizlik xizmati (MXX) idorasining xodimlari beradilar. Agar u mexmon diplomatik korpus vakili bo‘lsa, jurnalistning “siyosiy xushyorligi” eng kritik nuqtaga chiqadi. Ba'zi xolatlarda, xorijlik ishtirokchining nogaxon kamera ob'ektiviga tushib qolishiga xam ruxsat berilmaydi. Bexosdan tushib qolgan taqdirda xam, montaj jarayonida o‘sha kadrlar qirqib olib tashlanadi.

Nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo matbuoti va bir qator nufuzli xorij tashkilotlari nazariga tushgan “Araakis Avakyan ishi”ning Appelyatsiya maxkamasiga yetib kelgan AQSh elchiligi vakillari, kutilmaganda maxalliy muxbirlarning nishoniga aylanganligi, mazkur sud majlisi Milliy Xavfsizlik Xizmatining (MXX) nozik nuqtalaridan biri ekanini bildiradi.

Aynan shu idoraning xodimlari 3 va 4 sentyabr kunlari kuppa kunduzi 5 nafar yigitni ko‘chadan o‘g‘irlab ketib, ularni yerto‘lada 40 kunga qadar xibsda saqlashgan va shafqatsizlarcha qiynoqqa solib, yaqinlariga xibs xaqida xabar berishmagan. Eng qizig‘i, MXXning “shovvozlari” shu qadar rolga kirib ketishganki, erinmasdan Qozog‘istonga borib, u yerdan “Biz Qozog‘istondamiz, shu yerdan jixodga ketamiz” mazmunida SMS yozib, xibsxonada qiynoqlar tufayli qon qusayotgan yigitlarning qarindoshlariga jo‘natishgan. Boshlanishidan viloyat MXX idorasi va viloyat Ichki Ishlar Boshqarmasi, shuningdek viloyat va shaxar Prokuraturalari vakillari tomonidan o‘ylab chiqilgan reja bo‘yicha amalga oshirilgan “Aramais Avakyan ishi” bo‘yicha xukm 19 fevral kuni o‘qildi va kutilganidek, fermer Aramais Avakyan boshchiligidagi 4 nafar yigit Konstitutsion tuzumga tajovuz, Qo‘poruvchilik kabi qator og‘ir moddalar bilan 6 yildan 12 yilgacha qamoq jazosiga xukm etildi.

Noxaq jazodan norozi sudlanuvchilarning yozgan Appelyatsiya shikoyati 23 mart kuni ko‘rib chiqildi. Ushbu maxkamani kuzatish uchun Toshkentdan kelgan nomdor xuquq ximoyachisi Surat Ikromov va AQShning O‘zbekistondagi elchiligi vakillari Anton Kuper va Mamed Askerovlar, ushbu jinoyat ishi jilovini qo‘lda tutgan viloyat MXX idorasi xodimlari uchun “bosh og‘rig‘i” bo‘lgani turgan gap. Chunki ushbu appelyatsiya maxkamasida, MXX xodimlari sira xam kutmagan xolat yuz berdi: 4 nafar sudlanuvchi sudda tergovdagi noinsoniy qiynoqlar xaqida ochiq gapirib berishdi, kaltakdan ko‘kargan badanlarini sudga va yig‘ilganlarga ko‘rsatishdi. O‘zlarining “Jixodchi” va “Qo‘poruvchi” emasliklarini, bu ishlarning barchasi MXX tergovchilari tomonidan to‘qib chiqarilganini oshkor qilishdi. Va bu gaplar sud zalida o‘tirgan Amerikalik mexmon qulog‘i ostida jarangladi.
Biroq, yigitlarning qiynoqlar xaqida oshkora gapirganlari, sud raisiga ta'sir qilmadi: Appelyatsiya sudi avvalgi xukmni o‘z kuchida qoldirdi.

Sudlanuvchilarning yaqinlari navbatdagi bosqich respublika Oliy sudi deb aytishyapti.

Ularga sabr va matonat tilayapmanu, bugun O‘zbekistonda “terrorchi”, “IShID”chi, “diniy ekstremist” kabi ayblovlar bilan qamoqlarda yotganlarning yaqinlarini maxallalarda taxqirlash kampaniyasi avj olayotganini ko‘rib, “O‘zbekistonga 35 yillar qaytib keldimi?” deb o‘ylab qolaman. Ularni maxalla kuydan ajratib yakkalayotgan, ko‘chirib yuborish ishlariga bosh qosh bo‘layotgan maxalla raislariga insof tilagim keladi.

Aramais Avakyanning rafiqasi Shirin Tursinova bilan telefondagi suxbat chog‘ida u menga shunday deb qoldi.

“Andronik (Aramaisni o‘g‘li) tog‘alari va amakilari uyga kelsa ularni maxkam quchoqlab, bag‘ridan tushmayapti. Xattoki menga xam kelmayapti. Kechalari yig‘lab chiqadigan bo‘ldi. Qizim xam ichikib ketdi. Dadasining rasmiga qarab gaplashib o‘tiradi. Yig‘lab yuborgim keladi, lekin ko‘z yoshlarimni bolalarim ko‘rmasin deyman. Bizni shu kuyga solganlar ikki dunyo ro‘shnolik ko‘rmasin!”…

Ulug‘bek Ashur
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 april 2019
Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva 15 aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi rahbari o‘rinbosari etib tayinlangani ortidan matbuotda ...
2 november 2025
Uchko‘prik tumanida hokimlik atrofidagi harakatlar korruptsiyaning endi pishig‘i yetib qolgan bosqichini ko‘rsatmoqda. Davlat topshiriqlari shaxsiy biznesga, prezident nomidan qilingan ...
21 march 2016
«Toshkent shahar hokimining 18 mart kuni imzonlagan 244-sonli qaroriga ko‘ra, “Navro‘z” umumxalq bayrami o‘tkazish vaqtida yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta'minlash ...
14 february 2019
Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi bog‘chalarda bolalarga go‘sht o‘rniga ichak-chavoqlardan tayyorlangan ovqatlar berilmoqda, deya bildirdi bog‘cha mudiralaridan biri “Eltuz”ning Farg‘onadagi ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...