Ko‘zqarash
9 april 2019

O‘rnimizga kelayotgan robotlar

Yaqinda bir hamkasbim yangi tendentsiya, jurnalistlar o‘rniga robotlar kelayotganidan gap ochib qoldi. Bu allaqachon matbuotda qo‘llanilayotgan amal ekan.

Dolzarb xabarlarni to‘plash va tarqatishdan tashqari, ular mavzuni bizdan ko‘ra ancha mukammal, xolis, chuqur va keng tahlil qilish, muhimni nomuhimdan ajratishga ham qodir ekanlar.

U menga juda chiroyli terilib, sahifalangan maqolalarni ko‘rsatdi. Ular chindan ham o‘qisa o‘qigulik edi.

“Bugungi kunda to‘liq robotlashtirilgan saytlar bor va ularning daromadi oddiy matbuotnikidan ancha unumdor”, dedi u.

“Demak, endilikda vaqtli nashr egasiga faqat start tugmasini bosish-u, o‘qiganlar sonini sanash qolarkan-da”, dedim.

“Yo‘q, ularni robotning o‘zi sanaydi, turli kontentlar, reklama va materiallarning chiqish vaqtlarini, undan keladigan daromad va xarajatlarni ham o‘zi belgilaydi”,- e'tiroz bildirdi hamkasbim.

Qoyilman! Shu ma'nodaki, men bu ishlarning birortasiga ortiq davogarmasman. Matbuotda ishlab ko‘rgan odam sifatida, gapning ochig‘i, bu ishlarning hammasini robotga qo‘shqo‘llab topshirishga rozi bo‘lardim.

Tag‘in, men ishlaydigan saytga sheflik qiladigan robot yozganlarimga odamlardan ko‘ra xolisroq baho beradi.

Robotlashtirilgan zamonaviy gazetada (u mutlaqo qog‘oz shaklida bo‘lmasligi mumkin) yozganlarim, albatta, o‘rnini topadi, deb o‘yladim.

Chunki men ancha ambitsiyali, o‘ziga ishongan jurnalistman.

Biroq robot muharrirning shubhalari menikidan kuchliroq. Uning o‘z e'tirozlari bor. U nimani bosish, nimani bosmaslik haqida mendan ko‘ra qat'iyroq tasavvurga ega.

Tasavvur qiling, puchga chiqarilgan maqolangni chop qilish evaziga sen hech qachon endi intellektual fikr sohibi bo‘lgan robot muharrirga yarimta quyib berolmaysan yoki qabulxonadagi robot kotiba ham hech qachon mehribon so‘zu bitta konfet evaziga bebaho asaringni bir qavat yuqori tokchaga o‘tkazib qo‘yishga rozi bo‘lmaydi.

“O‘quvchisi bo‘lmagan narsalarni yozishning nima keragi bor”, e'tiroz bildiradi robot muharrir shisha ko‘zlarini lo‘q qilib. Garchi uning pachakilashib o‘tirishga vaqti ham yo‘q. O‘rningga kelgan temir muxbir esa “detlayn”ga to‘liq va mukammal amal qilib, o‘zi tuzgan xabar kontentlarini praym-taymga tiza boshlaydi. U temir muharrirning ishongan tog‘i.

Biz esa odamlarmiz. Bir-birimiznikidan farqli o‘laroq, turli g‘oya odamlarimiz. Har birimizning o‘y-xayolimiz va yozganlarimiz o‘zimizga mukammal ko‘rinadi, ularni eshitishni istashmasa, ayuhannos solishga tayyormiz. O‘quvchi nimani o‘qish ishtiyoqida ekanini esa biz hech qachon zamonaviy robotlar bilganchalik bilmaymiz.

Ibratli tomoni, o‘rnimizni robotlarga bo‘shatib berarkan, nihoyat o‘quvchilarning bizdan ko‘proq nimani istagani, nimani kutganlarini bilib olamiz. Bu sizu biz o‘ylagandan boshqacharoq bo‘lishi mumkin, biroq robotlargina tusha oladigan bu saviyaga illo-billo biz hech qachon tusha olmaymiz.

Qudrat Bobojon,
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 april 2019
Shu yilning 20 mart kuni Xalq ta'limi vazirligi saytida “Farg‘onaning Quva tumanidagi 50-maktab yer maydoni va qo‘shimcha bino o‘quv ...
2 september 2025
Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jaevni pora bilan qo‘lga olinganiga oid hokim advokati iddaosi asosidagi Eltuz materiali e'lon qilinganidan ko‘p ...
27 october 2023
Eltuzga etib kelgan videoda Andijon viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi xolat aks etgan. Voqea 17 oktyabr kuni soat 19:50 da ro‘y bergan. Videoda bemorlar saf ...
5 april 2018
O‘zining uch yashar o‘g‘lini bo‘g‘ib o‘ldirib, daraxtlar ostiga tashlab ketgan andijonlik Saidaxon Tillavoldieva 3 aprel kuni Toshkentda hibsga olindi. ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...