Asosiy mavzular
14 october 2016

Demokratiyadan uzoqdagilar O‘zbekistonda uning ekspertlariga aylanishdi

«Xalq so‘zi» gazetasi (12.10) yurtimizda 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovini kuzatish uchun Markaziy saylov komissiyasi YeXHT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, MDH ijroqo‘mi, Islom hamkorlik tashkiloti, Jahon saylov organlari uyushmasi kabi xalqaro tashkilotlarni taklif etganini yozdi.

Gazetaning bildirishicha, MSK taklifga binoan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi uch kunlik tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan. Missiya milliy qonunchilikni, saylovoldi jarayonining umume'tirof etilgan xalqaro norma va standartlarga muvofiqligini o‘rganishni maqsad qilgan.

E'tiborni tortadigan jihat mazkur missiya tarkibidir. Uning tarkibi byuroning saylov departamenti boshlig‘i belaruslik Aleksandr Shlik va departament maslahatchisi ozarbayjonlik Ulvi Axundludan iborat.

Aytish kerakki, bu har ikki vakil ham o‘z mamlakatlaridagi saylov ochiq, oshkora va demokratik tamoyillar asosida o‘tishi bilan maqtana olmaydi. Shuning uchun ular O‘zbekistondagi saylov bilan bog‘liq jarayonni qanday baholar ekan, degan xavotir keladi ko‘ngilga.

Ozarbayjon va Belarusdagi saylovlar demokratik o‘tishi ularning xohish-irodasiga bog‘liq emasligini e'tirof etgan holda, O‘zbekistonga jo‘natilgan missiya tarkibini ko‘rib, beixtiyor o‘xshatmasa uchratmas, degan o‘zbekona maqol esga tushadi.

«Xalq so‘zi»da e'lon qilingan yana bir maqola mavzusi ham saylov bilan bog‘liq. Unda O‘zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi haqida gap boradi.

Yozilishicha, bu yig‘ilishda O‘zbekiston liberal demokratik partiyasining 8-s'ezdini avval belgilanganidek 14 oktyabrda emas, 19 oktyabrga ko‘chirish haqida qaror qabul qilingan.

Bunga ijroqo‘mning 16 sentyabrdagi yig‘ilishida s'ezdda partiya ustaviga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalasini kiritishga qaror qilingani, ammo hozir bu yuzadan juda ko‘p takliflar kelgani bois ularni tahlil qilishga qo‘shimcha vaqt talab etilishi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Partiya ustaviga qanday o‘zgartishlar kiritilishi aniqlashtirilmagani bois, ular O‘zLiDeP vakili bo‘lmish muvaqqat prezident va ayni paytda amaldagi bosh vazirning bo‘lajak saylovdagi ishtiroki bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, degan taxminni ilgari surish mumkin.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 march 2023
Qrim yarim oroli Rossiya armiyasi nazorati ostida 2014 yilning 18 martida o‘tkazilgan referendum natijasiga ko‘ra Rossiya tarkibiga qo‘shib olindi. ...
4 october 2021
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudida 4 oktyabr kuni uch shaxs – Mirishkor tumani Chandir qishlog‘ida yashovchi Jonqul Navro‘zov, ...
10 december 2019
Har yili 10 dekabr Inson huquqlari kuni sifatida nishonlanadi. 1948 yil ayni shu kuni tarixiy hujjat – Jahon inson ...
17 january 2026
Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni bayram qilingan oqshomda qonli voqea sodir bo‘ldi. Olingan ma'lumotlarga ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...