Dayjest
30 december 2016

O‘zbekistonning rasmiy xabarlar sayti chiroq yo‘qligi uchun ishlamay qoldi

Kun.uz sayti 27 dekabr kuni elektr energiyasidagi uzilishlar tufayli bir necha bor ishlamay qolganini ma'lum qildi.

Sayt bunga ba'zi bir mansabdor shaxslarning loqaydligi sabab bo‘lganini bildirgan.

«Tahririyatimiz bir necha bor mutasaddi tashkilotlar bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdi. Natijada sansalorlikka duch kelindi, ya'ni bir amaldor shaxsga qo‘ng‘iroq qilsak, u boshqa birini bizga ro‘kach qilishdan bo‘shamadi. Yakunda tashkilotning mas'ul shaxslaridan biri bizga bir soat ichida hammasi izga tushishi borasida va'da berdi», deb yoziladi bu haqdagi maqolada.

«Ma'lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ba'zi bir mavzelarda elektr ta'minoti bir necha soat davomida bo‘lmagan. Bu holat oddiy fuqarolarga naqadar qiyinchilik tug‘dirishi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Eng qiziq tomoni shundaki, bu holatlarga o‘zimiz ham ko‘nikib qoldik», deya qo‘shimcha qiladi sayt.

Yozilishicha, mutasaddi tashkilot vakili Toshkent shahrining har bir tumanida qishki kunlarda bir haftada ikki bora ikki soatga elektr ta'minotini o‘chirib qo‘yishga ham buyruq berilganini aytgan.

Sayt maqolada ko‘tarilgan muammoga mamlakat prezidentining Konstitutsiya kunidagi ma'ruzasida aytilgan gaplarini qalqon qilib, u aholi murojaatlari bilan ishlashda sifati jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tish zarurligini ta'kidlaganini eslatib, bu borada amaldorlar «o‘z zimmasiga katta mas'uliyat yuklatilganini unutmasligi lozimligi»ni uqtiradi.

«Kun.uz tahririyati elektr ta'minotidagi uzilishlar faqatgina o‘zining faoliyatiga salbiy ta'sir etgani uchungina bu mavzuni ko‘tarmadi. Bizning maqsad – mansabdor shaxslarning mas'uliyatini yanada oshirishga chaqirishdan iboratdir», deydi sayt.

Ta'kidlash kerakki, so‘nggi vaqtlarda mahalliy nashrlarning ayrimlarida O‘zbekistonda mavjud elektr taqchilligi to‘g‘risidagi kichik-kichik lavhalar ko‘payib qoldi.
Lekin bu lavhalarda mavjud muammoning ildizlarini ochiq tahlil qilish, davlatning unga yechim topishga ojizlik qilayotgani, chiroq yo‘qligi xalq hayoti va iqtisodiyot rivojiga qanchalik salbiy ta'sir etayotgani masalasi ko‘tarilayotgani yo‘q.

Kun.uz dagi maqoladan xulosa shuki, bu muammo poytaxtni ham qamrab olyapti, demakki tobora chuqurlashib boryapti. Shunday ekan, viloyatlardagi elektr taqchilligi muammosi hali beri hal etilmasligini ochiqchasiga tan olish vaqti yetmadimikin?

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 november 2016
O‘zbekistonlik 31 yashar yigit firibgarlikda ayblanib AQSh tarafidan xalqaro qidiruvga berildi. 2000 yilda Green Card yutib AQShda istiqomat qila ...
2 august 2019
Bir guruh o‘zbek faollari 25 iyul kuni AQSh, Yevropaning qator mamlakatlari va O‘zbekiston hukumatlaridan Gulnora Karimova va uning noqonuniy ...
16 october 2025
Toshkent viloyatida uch yarim tonna eshak suyagi IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Ushbu “mahsulot” kutilganidek Qashqadaryodan keltirilgan. “Kimga boryapti bu ...
20 april 2017
O‘zbekistonlik tahlilchi Anvar Nazirning Eltuz muxbiriga bildirishicha, yaqinda Toshkentda hokimiyat darajasida o‘tgan komissiya yig‘ilishida kirilga qaytmaslik, lotin alifbosini saqlab ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...