Ko‘zqarash
23 march 2020

O‘zbek rejissyori filmi kesilgani uchun «Milliy TV»ni sudga bermoqchi

O‘zbek kinorejissyori Sarvar Karimov 21 mart kuni o‘zining feysbuk sahifasida «Sarviqomat dilbarim» filmidagi o‘pishish sahnalari va ayrim titrlar kesib tashlangani uchun «Milliy» telekanalini sudga berish niyatda ekani haqida yozdi:

Qadrli “MilliyTV” telekanalining ayrim ijodkorlari. Sizlarni ilgari ham unchalik qattiq yaxshi ko‘rmasdim-u, kechagi ishingizdan keyin umuman yomon ko‘rib qoldim. Telekanalingizni butun ijodiy jamoamiz bilan yomon ko‘ramiz. Magazinchi G‘aybulla ham sizlarni yoqtirmaydi, o‘zi aytdi menga.

Kecha, ya'ni 2020 yil 20 mart soat 22:00 da men rejissyorlik qilgan “Sarvqomat dilbarim” filmi telekanalingizdan efirga uzatildi. Uyalmasdan, mendan ruxsat so‘ramasdan, bir og‘iz maslahatlashmasdan filmning eng muhim sahnalaridan biri bo‘lmish Ilyos va Asalning Issiqko‘l bo‘yidagi bo‘sa sahnasini kesib tashlabsizlar. Avvalambor, bu sahna syujet uchun o‘ta muhim. Qolaversa, aynan shu sahnada filmning g‘oyasiga xizmat qiluvchi kiyik obrazi ilk bora tomoshabin ko‘z oldida gavdalanardi. Bu kiyik metafora bo‘lib, baxt timsolini o‘zida ifoda etadi. Afsuski, sizlar metafora nima ekanini tushunmasangiz kerak. Aks holda uni kesib, yo‘q qilib tashlashga vijdoningiz yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi.

Shu o‘rinda sizlarga savol bermoqchi edim: nahotki odam shu qadar qo‘rqoq bo‘lishi mumkin? Ikki odam kadrda o‘pishsa, musaffo osmonimiz uzilib qaro yerga qulab tushadimi? Yoki o‘zbek o‘pishmaydimi? Yoki bu filmda uydan qochib, ko‘cha-kuyda o‘pishib yurish targ‘ib qilinganmi? Filmni ko‘rayotganda mundoq umumiy ma'no-mazmuniga ham ahamiyat berasizlarmi? Yoki aqlu farosatingiz faqatgina asarni alohida-alohida kadr darajasida ko‘rishdan uyog‘iga o‘tmaydimi? Filmning boshida katta qilib 16+ deb yozilgan bo‘lsa, jonivor kechasi 22:00 dan keyin berilayotagan bo‘lsa, nima muammo? Qolaversa, kinoni men tasvirga olganman, “O‘zbekkino” Milliy agentligi badiiy kengashi tasdiqlagan, shu sahnasi bilan O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya kinoteatrlari namoyish etgan, festival va tanlovlarda qatnashgan. Shunday ekan, siz nimadan qo‘rqasiz? Gap tegsa, menga tegadi, “O‘zbekkino”ga tegadi-ku! Sizlarga tegmaydi. Tegsa ham “Ana, rejissyordan so‘ranglar nega bunaqa uyatsiz kino olganini. Bizga “O‘zbekkino” berdi kinoni, biz qo‘ydik”, desangiz ham bo‘ladi-ku?! Nega bu qadar qo‘rqoqsiz? Nega bu qadar kalta o‘ylaysiz? Qilayotgan ishingizdan o‘zingiz uyalmaysizmi? Nahotki bir umr qo‘rqib, qaltirab, ikki pullik ishingizdan ayrilib qolish vahimasi bilan yashab, o‘lib ketaverasizlar? Siz ham odamsiz-ku, qul emas. Ongli mavjudotsiz-ku. Miya nimaga berilgan o‘zi? O‘pishish sahnasi “O‘tkan kunlar”da ham, “Shum bola”da ham bor-ku. Yoki bu filmlar ham uyatsizmi? Yoki Chingiz Aytmatov yomon yozuvchimi, uyatsiz, ma'naviyatsiz asarlar yozganmi? Kesmasangiz dunyo ostin-ustun bo‘lib ketar ekan, men bilan aloqaga chiqib, bir og‘iz maslahatlashsangiz bo‘lmasdimi?

Bundan tashqari, Ilyosning “Ilhom” teatrida foye bo‘ylab yurish sahnasini ham kesibsizlar. Chunki devorda rassom Sardor Erkinovning “Metamorfozalar” turkum kartinalari ilingan edi. Yarim yalong‘och erkak va ayollarni ko‘rib qo‘rqib ketgan bo‘lsangiz kerak-da. Shu sahna efirdan ketsa, o‘zbek millati parokanda bo‘lib, yoshlarimiz yoppasiga uyatsiz bo‘lib ketadi-ku axir, to‘g‘rimi?

Ammo eng achinarlisi, film yakunidagi titrlarni ham butkul kesib tashlabsizlar. Ya'ni bu bilan film uchun bir yil fidokorona xizmat qilgan yuz kishiga yaqin jamoaning mehnatini sariq chaqaga ilmagansizlar. Ilgari titrni yashin tezligida o‘tkazib yuborardingiz. Bunisiga ko‘nikkan edik. Efir vaqti falon pul, buni biz ham tushunamiz. Ammo yakuniy titrni butkul kesib tashlash qip-qizil surbetlik emasmi?

Xullas, men sizlardan xafaman va dushanba kuni yaxshi niyat bilan advokat yo‘llab, telekanalingizni sudga beraman. Zora, shu intsedentdan keyin qolgan telekanallarimizga ham insof tegib qolar va oz bo‘lsa-da kinoijodkorlarning mehnatini qadrlashni o‘rganishar. Lekin sizlarni baribir yomon ko‘raman. O‘zingizni o‘zingiz ham yomon ko‘rsangiz kerak. Tag‘in bilmadim…

Navro‘z bayrami bilan ham tabriklamayman sizlarni. Sizlar yomon odamsizlar!

PS: suratda 1936 yilda tasvirga olingan “Qasam” nomli ilk ovozli o‘zbek filmidan lavha.

Sarvar Karimov
Feysbuk sahifasidan

Tag‘in o‘qing
5 september 2016
Karimov o‘limi undan kasal va zaif bir jamiyat va uni shu ahvolga solgan rejim yashashda davom etayotganini namoyish qildi. ...
9 february 2022
2021 yil 3 fevral kuni toshkentlik faol Aleksey Garshin Samarqand shahri yaqinidagi ruhiy kasalliklar shifoxonasining yopiq bo‘limida majburiy davolanayotgan ...
4 january 2017
O‘zbek tili davlat maqomi olganidan 27 yil o‘tib ham, idora va shirkat nomlari rus tilida qolayotgani ajablanarli. Bundan ham ...
14 december 2020
Toshkentdagi COVID-19ga chalinganlar uchun maxsus qurilgan Zangiota-2 shifoxonasidagi kasallar yarmiga qisqargani aytilmoqda. «Bemorlar kamaygani» sababidan shifoxona xodimlarining oyligi kamaytirilgan. ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...