Rassom Tuz: Chukivar Bitmish musibati
Turkiyaning Oqdengiz bo‘lgasida yaqin do‘stim yashaydi. Zo‘r yigit. Palovni qo‘lda yeydi, ichsa faqat Absolyut vodkani ichiga muz solmay ichadi. Saylov paytida saodat partiyasiga ovozini sotadi. Hozir amlokchilik qiladi (uy olib sotadi), oldin esa politsiyada ishlagan.

Ësh o‘g‘il bolani zo‘rlagan imomni so‘roq qilaëtganda beshinchi qavat derazasidan pastga uloqtirib yuborgani uchun ishdan quvilgan.
«Imomni o‘zi derazadan sakrab joniga qasd qildi» deb hujjatlashtirishgani uchun do‘stim qamalmay qolgan.
Oilada sakkizinchi o‘g‘il. Akalari komunist. U tug‘ilganida akalari unga Chegevara degan ism qo‘yilishini istashgan.
O‘sha Kuba ozodligi uchun Amerikaga qarshi kurashgan argentinalik inqilobchi ismi.
Bir qog‘ozga Chegevara deb ëzib otaning qo‘liga tutqazishgan. Ota nufus idorasiga borib o‘g‘liga metrika olib kelish uchun yo‘lga chiqdi. Qo‘lida Chegevara degan ëzuvli qog‘oz. U tushgan avtobus go‘riston ënidan o‘tganda ota o‘lganlar haqqiga duo qilay deb qo‘lini ochgani zaxoti ism ëzilgan qog‘oz shamolda uchib avtobus tomidagi ochiq lyukdan chiqib zim g‘oyib bo‘ldi.
Nufuz idorasi mudiri «ismi nima bo‘ladi bolaning» deganda ota aniq eslay olmadi.
«Chukivarmi¸ chukivarami shunga o‘xshash edi. Katta o‘g‘lim ëzib qo‘limga tutqazuvdi yo‘qotib qo‘ydim»
«Cho‘jiq arkakmi?» (bola o‘g‘ilmi) deb so‘radi mudir va tasdiq javobini olgach «Erkak bo‘lganden keyin chuki bo‘ladida. Ismini Chukivar deb ëzamiz. So‘y odi na edi? (familiyasini so‘radi)
1936 yilda Turkiya G‘arb uslubidagi familiya tizimiga o‘tganda do‘stimning katta bovosiyam familiya olishga borgan. Familiya bir birini takrorlamasligi shart bo‘lgan. Qishloqdagilar bovodan oldin familiyalarning barcha variantlarini olib bo‘lishgan edi.
– Topdingmi so‘y odi? (familiya topdingmi)
– Bitmish (hammasi tugab bitibdi. Menga qolmabdi)
– Tamom seni so‘y oding Bitmish bo‘lsin.
Xullas Araraat tog‘i etagidagi Odil Javoz qishlog‘idagi bovoning familiyasi «Bitmish» bo‘ldi.
Do‘stim ham shu tariqa Chukivar Bitmish degan ism sharifga noil bo‘ldi.
Bir oy oldin Antaliyaga dam olishga borganimda meni kutib olish uchun aeroportga chiqdi.
– Xomush ko‘rinasan?
– So‘rama obiy, boshim dardda.
– Yana bittasini derazadan uloqtirdingmi?
– Koshki shunday bo‘lsa. Bundan batari. Bo‘shoniyurum, obiy. (Xotinim bilan ajrashyapman) Ertaga mahkama.
Chukivarni xotinini yaxshi taniyman. Ismi Buket. Silifka tarafdagi Gulnor degan qishloqdan. Aslida qishloqning nomi Gulnor Kerimli ammo odamlar qisqa qilib gulnor deyishadi. Bu ismning qamoqda ëtgan o‘zbek prezidenti qizi Gulnoraga aloqasi yo‘q. Faqat shaklan bir xil.
Buket yanga bulg‘ur palov bilan qorni ëriqni zo‘r pishiradi. Uyiga borsam atay men uchun go‘ja pishirardi. Uyim joyim deydigan o‘rta barmog‘imday xotin.
– Obiy, ëqalandim (qo‘lga tushdim) dedi Chukivar.
Bu do‘stim suriyalik arab qiz bilan to‘shakda yalang‘och ëtganida xotini poylab kelib peshanasiga pistolet tiragan ammo tepkini bosishga jur'at topolmay, uvillab yig‘lab anavi arab qizni tagiga bosib tepkilab urib tashagan.
Ertasiga unga dalda bo‘lish uchun mahkamaga (sudga) birga bordim. Sud «Adolat saroyi» degan katta yumaloq bino koridorlari bo‘ylab tizilgan sanoqsiz xonalardan birida bo‘ldi.
– Sen xotiningga hiënat qilganingni tan olasanmi? Nega gulday turk xotining bo‘la turib arab bilan ëtding? dedi qizil ëqali qora jubba kiygan sudya.
– Tan olaman, ammo nega shu ishni qilding deb so‘ra dedi Chukivar birodar.
– Nega shu ishni qilding pazavak?
– Chunki arablarni sevaman. Nega sevasan deb so‘ra
– Nega?
– Arablarni sevish uchun uch sabab bor. Birinchisi Qur'oni karim arabcha. Ikkinchisi, janobi payg‘ambar Muxammad Mustafo afandim arab. Uchinchisi, jannat tili arab tilidir.
Sudyaning ensasi tirishib Chukivarni gapini eshitmaëq ishni xal qildi qo‘ydi.
Chukivar ajrashdi. Endi mol mulkini yarmisini xotiniga bo‘lib beradi, uch bolasi uchun aliment to‘laydi.
– Xukm qat'iy. Shikoyat qilsang sen manyakni qamab qo‘yaman. Tur daf bo‘l, dedi sudya.
Ajrashgan Chukivar bilan «Kukla» degan restoranda o‘tiribmiz. Turklar o‘rislarga o‘xshab qo‘g‘irchoqni kukla derkan. Oldimizda Absolyut vodka.
– Hakam so‘lchi. (sudya kommunist) Shuning uchun xotinimni gapini inobatga oldi. Meni faqat ëtqizib sikmagani qoldi. Turkiyani Otaturk shu ahvolga keltirdi.
Sen baxtlisan, chunki O‘zbekistonda Otaturk bo‘lmagan. Man internetda o‘qib o‘tiraman. O‘zbek xotinini urib mayib qilsayam xotin shikoyatchi bo‘lmas ekan. Yana o‘zbeklar sunnatga ko‘ra to‘rttagacha uylanadi. Istasa xotini qolib qo‘shni xotinni tagiga bosadi. O‘zbek xotin chidarkan.
Chunki kitobni taniydi, janobi haq yo‘lida sabr qiladi.
O‘zbekistonda chiroyli bokira qizni har qanday bomj ëki har qanday manyakka erga berib tashar ekan ota onasi. Ëniga mebelam qo‘shib berarkan. Bizda teskarisi. Men Buketni olish uchun uch yil yurdim. Har gal «iqtisodiy axvoling yaxshimas» deb to‘yni ortga surishdi. Ular aytgan standartga yetishay deb uy oldim, ichini to‘shadim. O‘zbekistonda unday talab yo‘q.
Chukivar birodarning gapi tugamadi ammo vodka tugadi. Yana bir shisha zakaz qildik. Chunki busiz vaziyatni tushunishga qiynaldik.
