Uzbek Forum: Dildora Hakimovani darhol ozod qiling!
Dildora Hakimova ishi O‘zbekiston sudlov tizimidagi shafqatsizlik va tizimli nuqsonlarni ochib berib, milliy qonunlar va xalqaro inson huquqlari majburiyatlariga ochiqdan-ochiq bepisandlikni namoyon qilmoqda. Biz darhol chora ko‘rilishini talab qilamiz!
Dildora Hakimova kim?
Dildora — qashqadaryolik 41 yoshli o‘qituvchi va bloger, inson huquqlari himoyachisi va ijtimoiy adolat uchun kurashgan faol. U Qashqadaryo viloyati ta'lim tizimidagi korruptsiya holatlarini fosh etib, advokat yollashga qurbi yetmaydigan fuqarolarga ariza-shikoyat tayyorlashda yordam bergan va sudlarda jamoatchilik kuzatuvchisi sifatida qatnashgan.
Shubhali hukm va nomutanosib jazo
2024 yil fevral oyida Dildora hibsga olinib, tergov hibsxonasiga joylashtirildi. U bloger, faol, o‘qituvchi va boshqa tanishlaridan iborat yana olti nafar ayblanuvchilar bilan birga Jinoyat kodeksining 165-moddasi («bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib tovlamachilik») bo‘yicha taxminan 1000 AQSh dollari miqdorida tovlamachilikda ayblanib, olti yil ozodlikdan mahrum etildi. Hukm asosan muqaddam intizomiy chora qo‘llanib ishdan bo‘shatilgan sobiq maktab direktori ko‘rsatmasiga tayanadi; bu yerda shaxsiy adovat va qasoskorlik omillari bo‘lishi mumkin. Sud ayblanuvchilarning «jinoiy guruh» sifatida harakat qilgani haqidagi da'volarni rad etganiga qaramay, baribir ularni «oldindan til biriktirib» tovlamachilik qilganlikda aybdor deb topdi. Dildoraning apellyatsiya shikoyatlari rad etilishi bu adolatsizlikka yana hissa qo‘shdi. Uning ishi O‘zbekistonda quyi bo‘g‘in faollarini tizimli tarzda ta'qib qilish holatlariga misol bo‘ladi.
Dildora va yangi tug‘ilgan chaqalog‘iga nisbatan jiddiy huquqbuzarliklar
O‘zbekiston qator xalqaro majburiyatlarni buzdi, jumladan, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (ICCPR), Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (ICESCR), Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi konventsiya (CEDAW), Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiya (CRC), shuningdek «Nelson Mandela qoidalari» (Mahkumlarga munosabatning minimal standartlari) va «Bangkok qoidalari» (ayol mahkumlarga munosib muomala qoidalari) kabi nufuzli me'yoriy hujjatlar.
Sut bezi saratoni bo‘yicha hayotni saqlab qoluvchi tibbiy yordamdan mahrum etish:
• Dildora qariyb yetti yildan buyon sut bezi saratoni bilan kurashib kelmoqda va tug‘ruqdan so‘ng salomatligi keskin yomonlashdi.
• Hibsga olinganidan beri unga zarur onkologik davolanish ta'minlanmagani uning sog‘ligi va hayotini jiddiy xavf ostiga qo‘yadi.
• Keyingi tibbiy tekshiruv ayol holatining yomonlashganini tasdiqladi; u zudlik bilan onkologiya shifoxonasiga yotqizilib davolanishi kerak.
• U saqlanayotgan muassasa zarur ixtisoslashgan onkologik yordamni bera olmaydi.
• Zaruriy tibbiy davolanishni taqdim etmaslik CEDAW, ICCPR va ICESCRda kafolatlangan sog‘liqning eng yuqori imkoniyatdagi standartiga bo‘lgan huquq va jins belgisi bo‘yicha kamsitilmaslik printsiplarini buzadi. Azob-uqubat va shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala-jazoni taqiqlash tamoyili salomatlikning og‘ir holatlari qamoq muhitiga mos kelmaganida himoya choralarini ko‘rishni talab qiladi.
Homiladorlarga nisbatan gender sezgir saqlov choralari inobatga olinmadi:
– Dildora 2024 yil fevralda qamoqqa olinganida 12 haftalik homilador edi.
– U hech qanday antenatal ko‘riklar (UZI, qon tahlillari va h.k.)dan o‘tmadi, shuningdek vitamin qo‘shimchalari yoki parhez o‘zgarishlari ham ta'minlanmadi.
– 2024 yil 9 sentyabrda tug‘ruq paytida tibbiy xodimlar uning bir qo‘lini krovatga kishanlab qo‘yishgan. Bu «Bangkok qoidalari»ga bevosita zid: «Ayollarga nisbatan tug‘ruq paytida va tug‘ishi bilanoq hibsga olish vositalari qo‘llanmasligi shart». Yevropa inson huquqlari sudi bunday holatni nohush va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala deb baholagan.
Yangi tug‘ilgan chaqalog‘idan shafqatsiz ravishda ajratish:
– 2024 yil noyabrda qizalog‘i tug‘ilganidan bor-yo‘g‘i ikki oy o‘tgach, rasmiylar Dildorani chaqalog‘idan ajratdi; hozir bola otasi qaramog‘ida.
– Bu Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyaning 9-moddasiga zid: davlatlar bolani faqat uning manfaatlaridan kelib chiqibgina ota-onasidan ajratishi mumkin. Qo‘mita kichik yoshdagi bolalarning zaifligi va emotsional bog‘liqligini inobatga olgan holda uzluksiz aloqani tavsiya qiladi.
– Dildora saqlanayotgan Toshkentdagi jazoni ijro etish muassasasi uning oilasidan sakkiz soatlik yo‘l uzoq masofada joylashgan. Muassasada ona-bola uchun sharoit, hatto bog‘cha mavjud bo‘lsa-da, uchrashuv tartibi umuman yetarli emas: uch oyda faqat ikki kun oilaviy uchrashuv va oyiga bir marta 10 daqiqalik telefon qo‘ng‘irog‘i beriladi. Bu oilani og‘ir vaziyatga solib, zarur munosabatni cheklaydi.
– «Bangkok qoidalari» va «Nelson Mandela qoidalari» farzand manfaatlarini ustuvor deb bilib, bolaning onasi bilan qolishiga sharoit yaratishni davlatlardan talab qiladi. Amerika Inson huquqlari sudi ham emizikli bolalarning onasi bilan qolishi bola manfaatiga mos bo‘lsa, ota-onaga nisbatan qamoq jazosiga alternativ choralarga afzallik berish lozimligini ta'kidlaydi. O‘zbekiston Prezidentining 2022 yildagi «Ona va bolalikni himoya qilish to‘g‘risida»gi farmoni ham tug‘ilgan chaqaloqlarni qamoqdagi onalari bilan qolishini kafolatlaydi.
Chora ko‘rishga chaqiriq: Dildora Hakimova uchun adolat talab qilamiz!
O‘zbekiston hukumatiga:
– Dildora Xakimovani darhol ozod qiling! U hayotini asrab qoluvchi tibbiy yordamni olib sog‘ayishi va bolasi hamda oilasi bilan qayta uchrashishi kerak. Uning salomatligi keskin yomonlashgan, hayoti xavf ostida.
– Dildoraga chiqarilgan hukmni bekor qiling! U xalqaro odil sudlov standartlariga javob bermaydi, FSHHPning 19-moddasidagi so‘z erkinligi kafolatlarini buzadi hamda FSHHPning 14-moddasi talab qiladigan yetarli dalillar bilan qo‘llanilmagan.
– «Ona va bolalikni himoya qilish to‘g‘risida»gi 2022 yilgi Prezident farmonini to‘liq amalga oshiring! Tibbiy ta'minotni kafolatlang va yangi tug‘ilgan bolalarning qamoqdagi onalari bilan qolish huquqini ta'minlang.
Jamoatchilik va xalqaro hamjamiyatga:
– Ovozingizni balandroq ko‘taring! Dildora haqidagi hikoyani tarqating va O‘zbekiston hukumatidan hisobdorlikni talab qiling.
– Hukumatni xalqaro inson huquqlari standartlariga amal qilishga va faollarni himoya qilishga da'vat eting.
– O‘zbekistonda asosiy erkinliklarni himoya qilayotgan inson huquqlari tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlang.
Dildora Hakimovaning hayoti xavf ostida. U inson qadr-qimmati va hayotini asrab qoluvchi tibbiy yordamdan mahrum etilayotgan bir paytda befarq qarab turib bo‘lmaydi. Uni darhol ozod etilishini talab qilib, bizning safimizga qo‘shiling!
Bizga obuna bo‘ling: https://t.me/UzFoHR
