Asosiy mavzular
7 july 2019

«So‘ngaklar singragan sog‘ir shaytanat…»

«Ozodlik ohanglari» audiokitobi o‘zbek modern she'riyatining asoschisi Rauf Parfi she'rlari bilan ochiladi. «Eltuz» nashri bu kitobdan o‘rin olgan she'rlarni e'lon qilib borishga qaror qildi. Ularni o‘qish barobarida tinglash ham mumkin.

2007 yili Soros jamg‘armasi ko‘magida chiqarilgan bu loyiha an'anaviy kitoblardan farq etadi.

«Unda tirik ovozning hozir, shu yerda xitob etishi muhim. Chunki bu ovoz qay bir hofizu shoirga tegishli bo‘lmasin, uning ayovsiz so‘zlari hozirgi hayot va hozirgi borliq haqidadir», deyiladi kitob mundarijasida.

O‘zbekiston turmasida necha yillardan buyon iztiroblar iskanjasida xo‘rlangan do‘stim, Ulug‘ Turkiston yozuvchisi Evril Turon sha'niga, asirlikdan ko‘chish ishonchi ila

Muhammad Solihga maktub

Toshturma. Hibsxona
2000 yil 11 noyabr

1.

Ko‘z-quloq ilg‘amas musibatdir bu,
So‘ngaklar singragan sog‘ir shaytanat,
Zulm – yovuzlikning eng so‘nggi haddi,
Eng so‘nggi og‘riqning qonli infog‘i.

O‘z ko‘zlarim ichra ko‘rdim, yashadim
Juvoldizlar, qamchinlar-la kesilgan,
Mijg‘ib kuydirilgan tanam ichinda.
Hadsiz haqoratning qa'rida yondim.

Nechun men bundamen? Ne sabab? Nechun?!
Horg‘in, so‘lg‘in quyosh uyg‘otar meni.
So‘ppayib oy botar bulut chokidan.

Nechun men bundamen? Nechun? Bilmadim
Yuzlarcha yuzlashdim o‘limim bilan,
O‘lim meni olmadi, Allohga shukur.

2.

Sizlagan sizlarim loyga botdilar,
Majhul sarob qo‘ynindadir olomon.
Imkonlar bog‘landi, jonlar bog‘landi,
Temir panjaralarga bog‘landi tilim.

Kim bilsin nechun? Qayda ul hakam?
Qayda Haqiqatning qurbi, qudrati?
Nahotki orzular, armonlar bilsa,
Ay, do‘stim, kelajak kelmasa nahot?!

Yo‘q! Yo‘q, fir'avnning ayanch lashkari,
Erkin vijdonlarni yutolmas zulm.
Iymon asirlarin ruhi o‘lmasdir.

Kuldi o‘layotgan dunyoning shakli.
Sizga yuragimdan bir kitob yozdim.
O‘lim olmadi meni. Kitobim bitmas.

Meni tark etma, ey, Jur'at, Jasorat,
Shul erur men uchun umri saodat,
Qovrilsam ishq, alam alangasida.

Dadaxon Hasan

Ayt, bulbul, bormidir ona maskaning,
Rostmidir, yolg‘onmi o‘sha cho‘pchak ham?
G‘oyat sodda erur kaloming saning,
Kuylaganing kuymi xolos yoki g‘am?

Boringda bormidir inja bir najot?
Hofizda Ishq, Alam, qo‘ldan ketgan Erk.
Bag‘riga sig‘dirar seni odamzot,
Hofizni bosishga bag‘irlari berk.

Sen uchunmi, ay Turkiston bulbuli,
Temir qafas to‘qir pastlar, nokaslar?
Ko‘kdan sado keldi – qo‘shiq G‘aroting,

Sochilsin Turonga erkin nafaslar,
Ochilsin gullarning Haqiqat Guli,
Uch, Ishq, Alam bo‘lsin sening qanoting.

Rauf Parfi
«Ozodlik ohanglari»,
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 august 2019
O‘zbekiston prezidenti keyingi 17 yil mobaynida ilk bor ta'tilga chiqdi. Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoevning 5 avgustdan qisqa muddatli ...
12 april 2018
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari degan lavozim shamsiyasi ostida siësiy tsenzurani amalga oshirib kelgan, aslida sobiq ...
20 november 2015
Paxta kampaniyasini yuritaëtgan koalitsiya bugun Jahon bankiga maktub yuborib O‘zbekistonda majburiy mehnat to‘xtamaëtgani borasida o‘z havotirini bildirdi. Hususan Jahon ...
14 december 2015
Shu kunlarda, Ozodlik radiosi va boshqa bir qator saytlar tarqatgan xabarlarga ko‘ra O‘zbekiston bo‘ylab MXX, militsiya va mahalla faollari ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...