Asosiy mavzular
26 january 2021

Ota: “Qizimni bo‘yi yetguncha to‘yma-to‘y olib yuraman, buning uyat joyi yo‘q”

Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi 38 yoshli Dilmurod Abdurahmonov 5 yoshli qizi Afro‘zani ikki yildan buyon to‘yma-to‘y olib yurgan. Buning uchun u “O‘zbekkontsert”ning Farg‘ona bo‘limidan litsenziya ham olgan. 

Qizcha to‘ylarga bir million, tug‘ilgan kun va shunga o‘xshash bazmlarga besh yuz ming so‘mga boradi.

Qizchaning to‘ylarda raqs tushishi tasvirlangan videolar ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketganidan so‘ng uning otasini ayovsiz haqorat qilganlar ham ko‘p bo‘ldi. 

– Qiz meniki, uni o‘zim bilan olib yurish-yurmaslikni o‘zim hal qilaman, – dedi uning otasi Dilmurod Abdurahmonov “Eltuz” bilan suhbatda. –  Tirikchiligimiz shu to‘ylardan tushadigan pullar evaziga bo‘lib turibdi. 

Internetda qizimga rahmi kelib tarafini olayotganlar unga bir burda non berarmikin. Berolmaydi. Qizimni bo‘yi yetgunga qadar to‘ylarda olib yurmoqchiman. Keyin o‘zi biladi, balki san'at sohasidan ketar, balki boshqa sohadan. Buni o‘zi tanlaydi.

Afro‘za qatnashgan to‘ylar videolarida ko‘rinishicha, qizcha raqs paytida bolaga xos bo‘lmagan beo‘xshov xatti-harakatlar qiladi va davradan pul yig‘adi. Otasi uni boshqarib turadi. 

Bu videolarni ilk marotaba internetga joylagan andijonlik Sardor Bektemirov “Eltuz” bilan suhbatda videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishni qizning otasi iltimos qilganini bildirdi. 

“Bu videoni joylaganimizga besh oydan oshgan. Dekabr oylari oxirlarida Dilmurod aka videoni kanaldan o‘chirib tashlashni so‘radi. Men o‘chirdim. Keyin IIBdan ham telefon qilishdi. 

Buni nega tarqatib yuborganimga izoh so‘rashdi. Bo‘lgan voqeani aytib berdim. Vaziyatni tushuntirdim. Meni jarimaga tortmoqchi ham bo‘lishdi”, deydi Sardor.

“Eltuz” Afro‘za bilan suhbatlasha olmadi. Ota qizining intervyu berishini istamadi. 

Videoni ko‘rib, bola huquqlari bu yerda qay darajada toptalyapti, nega shu vaqtgacha ota bu ishini to‘xtatmadi, degan savollar paydo bo‘ladi. 

Qo‘qon shahri IIB xodimi 2020 yil dekabr oyida bu holat o‘rganilib, otaga zarur ko‘rsatmalar berilgani, agar bu holat yana kuzatilsa, qonuniy chora ko‘rilishini ma'lum qildi.

“Eltuz” Madaniyat vazirligidan ham munosabat olishga muvaffaq bo‘ldi. 

“Tomonlar litsenziya tartibini buzmasa, biz uni bekor qila olmaymiz. Biz ularning litsenziya shartlarini bajarishini nazorat qilamiz. Yosh bolalarga litsenziya berish mumkin emas, degan narsa yo‘q bizda”, dedi vazirlik xodimi. 

Mehnat huquqlari bo‘yicha ekspert Umida Niyozovaning aytishicha, BMTning bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyasiga muvofiq, agar bolaning yoshiga mos rivojlanishiga, sog‘lig‘iga va ta'limiga salbiy ta'sir etmasa, uning ishlashiga taqiq yo‘q. 

Bolalar ota-onalarning xayriyaga muhtojlik ob'ekti hisoblanmaydi, balki kattalarning barcha huquqlariga ega. 

“Ko‘rinishidan, Afro‘zaning otasi uning talantidan, birinchi navbatda, pul ishlash maqsadida foydalanmoqda. Bolalar huquqlarini himoyalovchi mahalliy organlar bunday faoliyat bolaga jabr bo‘lmayayotganiga ishonch hosil qilishlari kerak”, dedi Umida Niyozova.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 april 2025
Berlinda sobiq senator korruptsiya uchun shartli jazoga hukm qilindi Berlin, 2025 yil – Germaniya poytaxtidagi sud Berlindagi sog‘liqni saqlash ...
18 december 2019
Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi 16 dekabr kuni toshkentlik 35 yashar Amir Sharifullinning noma'lum shaxslar o‘g‘irlab ketib kaltaklashgani, ...
9 december 2019
Majburiy mehnat byurosining Pastdarg‘om tumani bo‘limi boshlig‘i Ilhom Hamdamovning 7 dekabr kuni o‘z vazifasidan ozod etilishini mamlakatdagi hokimiyat tanazzulining ...
26 may 2020
Dissertatsiya qo‘lyozmasi toshqinda yaroqsiz holga kelganini iddao qilgan 28 yashar sirdaryolik Kamola Abrorxonovaga prezident topshirig‘i bilan doktorlik darajasi berildi. ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...