Asosiy mavzular
16 february 2021

Xatirchi hokimidan norozi dehqonlar adolat istamoqda

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida o‘nlab fermer, bog‘bon va dehqonlar hokimlik tomonidan imzolangan yer bilan bog‘liq hujjatlarni noqonuniy, deya iddao qilishmoqda. 

“Tasmachi” MFYda turg‘uni Habibullo Mamadiyorovning “Eltuz”ga aytishicha, 2019 yil avgustda tuman hokimi G‘ofir Aliev “Xatirchi eksport klaster” MChJ rahbari Erkin Qahhorov va uning ukasi Shomirza Qahhorovga yerlarni noqonuniy rasmiylashtirib bergan. Natijada o‘nlab dehqonlar yeridan ajralgan. 

Eng qizig‘i, auktsionda yutib olingan yerlar – dehqonlarning 25-30 yillik tokzorlari ham Erkin Qahhorov va uning ukasi Shomirza Qahhorov nomiga o‘tib ketgan.


Shu hududda yashovchi Yorqin Xudoyqulov “Eltuz” bilan suhbatda tuman hokimi qonunlarni mensimasligi, birovga qarashli yerlarni noqonuniy ravishda boshqa boshqalarga rasmiylashtirib berayotganini bildirdi. 

– Prezident xalq bizdan rozi bo‘lsin, deb bong urayotgan vaqtda tuman hokimi yuzlab xalqni yeridan ayirdi,- dedi Habibullo Mamadiyorov. – Mayli, qonunni buzmay shu ishlarni amalga oshirganda, biz qarshilik qilmas edik. Qo‘llab-quvvatlar edik. Afsuski, bu ishlar noqonuniy sodir etilmoqda. 

Ma'lum bo‘lishicha, 2006 yil kolxozlar tugatilib, 2006 yil 9 yanvarda prezidentning meva-sabzavot va uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha maxsus qarori chiqqan. 

Mazkur qarorga muvofiq, o‘sha paytda odamlar yerlarni auktsionda xarid qilgan. Bu yerlar endi hokimto‘raning “yordami”da hech qanday tendersiz “Xatirchi eksport klaster” MChJ rahbari Erkin Qahhorov tomonidan o‘zlashtirib olinayotir. 

“Tender to‘g‘risida odamlarni ogohlantirmadi. Klaster tashkil etkanmiz, deb yil boshida ishchilardan xabar olmasdan, yig‘im vaqti hosilning yarmini berasan, yer meniki, deb turib oldi. Qarshi chiqqan odamlarning hosilini majburan tortib oldi. 

Men ham qarshilik ko‘rsatdim. Axir mineral o‘g‘it olishga, parvarishlashga, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishga, suv ta'minotiga biror amaliy yordam ko‘rsatmasdan hosil talab qilishi qay darajada to‘g‘ri? 

Xatirchi uzumlarini va meva sharbatlarini chetga eksport qilishni xohlasa, bizdan uzumlarni sotib olsin, qayta ishlasin. Dehqonlarning bir burda yeriga ko‘z olaytirmasdan, yalanglikdan yer olib tokzorlar bunyod etsin. 

Bu yerlarni obod qilishning o‘zi bo‘lmagan. Suvsiz 10 gektar yerga 96 million so‘m pul sarflab maxsus suv inshootlari qurdirganmiz. To‘rt-besh xo‘jalik birlashib tokzorlarni yaratganmiz”, dedi Habibulla Mamadiyorov.


Hudud dehqonlari ushbu muammo yuzasidan Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burhonovga, Oliy sudga, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga va boshqa ko‘plab tashkilot va shaxslarga murojaat qilgan. 

Ammo ularning aksariyati “ishni tegishli tartibda Xatirchi tumani sudi ko‘rib chiqsin” mazmunidagi maslahatdan naryog‘iga o‘tmagan.


Mirishkorlar esa Xatirchi tumani sudi ham, prokuraturasi ham tuman hokimidan o‘tib hech narsa qila olmasligi, holatni xolis o‘rganmasligidan nolimoqda. 


“Eltuz” tuman hokimligidan vaziyat bo‘yicha hech qanday munosabat ololmadi. 

Bundan ikki oy oldin xatirchilik marhum fermer Muzaffar Mustafoevning yaqinlari uning o‘limida hokimning qo‘li borligi, bu maxsus uyushtirilganini iddao qilgandi. Fermer o‘limidan oldin yerlarni noqonuniy sotayotganlikda ayblab, hokimni sudga bergan edi.

Tag‘in o‘qing
3 october 2022
2022 yil 28 sentyabr kuni Payariq tumani “Yakkasaroy” MMTP hududidagi “Oqqush zamin dalasi” fermer xo‘jaligiga tegishli paxta egasining roziligisiz ...
28 november 2023
SSSRni alqashga qaratilgan, kommunistik ruhda suratga olingan kinolar O‘zbekfilm arxivida juda ko‘p. Go‘yoki Rossiya bosib olmaganda O‘rta Osiyo qoloqligicha ...
25 june 2020
O‘zbekiston inson huquqlari forumi (Uzbek Forum) tashkiloti e'lon qilgan yangi hisobotda majburiy mehnatni bartaraf etishda erishilgan sezilarli olg‘a siljish ...
22 december 2025
Keyingi yilning nomi «Kitob o‘qiydig‘onlarni yelkasiga shappotlash» yili deb atalarkan.  Oy chiqsa ham, kun chiqsa ham kitob bosadiganlarga chiqadi ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...