Asosiy mavzular
14 april 2021

Xatirchilik fermerning qabri ochildi, ammo ekspertiza xulosalari yaqinlariga ko‘rsatilmayapti

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 2021 yilning 2 fevral kuni fermer Muzaffar Muhammadievning qabri ochildi. 55 yoshli fermerning jasadi o‘tgan yili 6 noyabrda uyining oldidagi katta ariqdan topilgan edi. 

Tuman sud tibbiy ekspertizasi chiqargan dastlabki xulosada marhum alkogol ichimlik iste'mol qilgani, ariqqa yiqilib, nafas yo‘liga suv ketishi oqibatida o‘lgani qayd etilgan.

Marhumning yaqinlari mahalliy ekspertiza xulosadan norozi bo‘lib murojaat qilganidan keyin respublika darajasidagi ishchi guruh kelib, mayit qayta ekspertizadan o‘tkazilgan. 

29 fevral kuni marhumning akasi Hamro Mustafoevga Respublika sud tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi direktori Alisher Iskandarov imzosi bilan ekspertiza xulosa bilan tanishishin mumkinligi haqida xat kelgan.

Ammo Mustafoevning “Eltuz”ga aytishicha, shu vaqtga qadar viloyat prokuraturasi marhumning yaqinlariga ekspertiza xulosalarini ko‘rsatmagan.

Xatirchilik fermer Muzaffar Muhammadiev 2020 yil 5 noyabrda uyidan tanishlari tomonidan ovqatlanishga borish maqsadida olib ketilgan. 6 noyabr kuni uning o‘ligi xonadonidan uncha uzoq bo‘lmagan Qahramon arig‘idan topilgan.

Marhumga tegishli “Sherali Bobur 2018” fermer xo‘jaligiga 49 yilga ajratilgan yer maydonining tuman hokimi qarori bilan 3 nafar fuqaroga o‘tkazilishi o‘zaro kelishmovchiliklarga sabab bo‘lgan.

Marhum fermer 5 noyabr kuni Navoiy viloyati ma'muriy sudida o‘z da'vo arizasi bo‘yicha ishtirok etgan. Ayblanuvchi tomon – o‘sha vaqtdagi tuman hokimi G‘afur Aliev sudda ishtirok etmagan va sud boshqa kunga qoldirilgan. O‘limidan ko‘p o‘tmay esa marhum fermer sudda g‘olib, deb topilib, tuman hokimi ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Fermerning o‘limi bilan bog‘liq tergov ishi bir muddat qo‘zg‘atilib, keyin yana to‘xtab qolgan. So‘ng marhumning yaqinlari tuman, viloyat IIBlari, Bosh prokuratura va prezidentgacha ariza bilan murojaat qilgan.

Murojaatlar samarasi o‘laroq, mahalliy ekspertiza xulosalaridan qoniqmagan marhumning yaqinlari mayitni qaytadan ekspertiza qildirishga erishadi.

Navoiy viloyati prokuraturasi mulozimining “Eltuz”ga aytishicha, shikoyatchilarning arizasiga binoan marhum fermerning qabri ochilgan va bu bo‘yicha tergov olib boryapti. 

Sud hukmi e'lon qilinmaguncha boshqa qo‘shimcha ma'lumot taqdim eta olmasligini bildirgan prokuratura vakili holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani tasdiqladi. 

Uning ta'kidlashicha, dalillar va arizachining murojaatidan kelib chiqqan holda ish yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi “j” bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha tergov davom etmoqda.

Marhumning akasi Hamro Mustafoevning so‘zlariga ko‘ra, bu ish bo‘yicha Toshkentga 5 marta borib kelgan. Jinoyat yashirilib, ishlar yana bosdi-bosdi bo‘lib ketishdan qo‘rqyapti.

“Bu ishlarning boshida tuman hokimi G‘afur Aliev turibdi,– deydi Hamro Mustafoev. – Boshidan ish oldinga siljimadi. Orada hokim ishdan ketsa ham bu ish ko‘tarilmadi. 

Mahalliy sud ekspertizasining dastlabki xulosalaridan qoniqmadik. Respublikaga murojaat qildik. Ishchi guruh kelib, 2 fevral kuni mayitni qayta ekspertizadan o‘tkazdi. Xulosalarni viloyat prokuraturasiga topshirdi. 

Bizga ma'lum qilishlaricha, xulosada ukamning suvga tushib ketib o‘lmagani, undan oldin joni uzilgani, so‘ng suvga tashlangani aytilgan. Ishni tezlatishlari bo‘yicha viloyat va respublika prokuraturasiga qayta-qayta murojaat qildik. 

Ammo na ish oldinga siljiydi, na bizni jarayon qanday ketayotganidan boxabar qilishadi. Hatto advokatimiz so‘ragan hujjatlarni ham berishmayapti. Holat ijtimoiy tarmoqqa chiqib ketishidan cho‘chishayotgan ekan”.

“Eltuz”ga yaqin manbaning xabar berishicha, Navoiy viloyati prokurori Baxtiyor Ahmedov yaqinda hayfsan olgan. Uning ish faoliyatidan norozilar ko‘pchilikni tashkil etadi. 

Bosh prokuraturaga uning ustidan kelib tushgan murojaatlar orasida navoiylik fermerlarning arizalari ancha ko‘p. Biroq ishlar oldinga siljimayapti. 

Chunki klasterdan norozi fermerlar soni qanchalik ko‘p bo‘lmasin, bu tizim o‘zini oqlasa ham, oqlamasa ham shaxsan prezidentning tashabbusi hisoblanadi. Marhum Muzaffar Muhammadiev yaqinlari ham fermerning o‘limiga yer bo‘yicha muammolar sabab bo‘lganini iddao qilishmoqda.

Tag‘in o‘qing
25 july 2016
Shu tariqa yigirmanchi asrda boshlanib yigirma birinchi asrda ham 15 yil yashagan video-vasvasaga nuqta qo‘yiladigan bo‘ldi. Yaponiyaning Sony shirkati ...
22 september 2023
RT: Aziz do‘stim. Ko‘zlari intizor singlim. Mehribon opajonlarim. Duogo‘y onaxonlar. Yuzidan farishta ëqqan otaxonlar, akalar, ukalar mana rassom akangiz va'z ...
22 october 2025
O‘zbekistonning Toshkent viloyatida voyaga yetmaganni zo‘rlagani uchun sudlangan erkak koloniyadan qochib, yana bir bolani zo‘rladi. Ijtimoiy tarmoqdagi «Nemolchi.uz» guruhiga ...
26 april 2021
Zamonaviy o‘zbek turkshunosligining yirik vakili Andrey Kubatin 2020 yil 29 oktyabrda koronavirus xastaligidan vafot etgandi.  2017 yilda olim Jinoyat ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...