Yakkasaroyda maktab, Qilichmozor va Zangiotada chiqindi muammolari
Eltuz portaliga yog‘ilayotgan shikoyatlar oqimini yoritishda davom etamiz. Navbatdagi beshta maktub O‘zbekistonning Toshkent, Namangan, Jizzax va Andijon viloyatlaridan kelgan kelgan. Dastlabki shikoyat poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi 144 maktabdagi ahvol yuzasidan. O‘tgan yil maktabning yangi binosi qurib bitkazilganiga qaramay sinflar u yerga ko‘chirilmagan. O‘quvchilar eski maktab binosida ikki smenada o‘qishga majbur bo‘lishmoqda.
«Toshkent shahar Yakkasaroy tumani 144-maktabning orqa tomoniga sinflar yetishmasligi bahonasi bilan yangi, 4 qavatli, 40 ta sinfga mo‘ljallangan bino 2024 yilda qurildi. Biroq, hozirgi kungacha ushbu yangi binoga o‘quvchilar ko‘chirilmagan.
Yangi binodan sinflar ajratilib, ota-onalardan pul yig‘ilib sinflar jihozlandi, stendlar o‘rnatildi. Hozirda esa o‘quvchilar eski binoda sinflar yetishmovchiligi sabab ikki smenada o‘qishga majbur bo‘lmoqda. Yangi binoga esa atigi 3 ta sinf ko‘chirilgan, ular oddiy sinflar emas, balki pullik (kommersiya) sinflar. Ya'ni, 40 ta sinfga mo‘ljallangan yangi binoda faqat pullik sinflar tahsil olmoqda.
Maktab direktoridan nima uchun barcha o‘quvchilar yangi binoga ko‘chirilmaganligi so‘ralganida, hokimiyat ruxsat bermaganligi vaj qilib ko‘rsatilmoqda. Oddiy sinflarga ruxsat yo‘q, pullik sinflarga ruxsat bor – bu nimani anglatadi?
Endi o‘rta maktablar ham sotilib, pullik bo‘ladimi? Nega vazirlik buni nazorat qilmaydi? Hokimiyatning bunga qanday aloqasi bor? Nega yosh avlod ongida «pullik» va «pulsiz» tushunchalari shakllantirilmoqda? Shu bizning ta'lim tizimimizmi?» deya shikoyat qilmoqda yakkasaro yliklar.
Keyingi maktub Namangan viloyatining Pop tumanidan. Pilol mahallasi yo‘llari asfalt qilinmagan.
«Assalomu alaykum, hurmatli admin.
Biz, Namangan viloyati, Pop tumani «Pilol» MFY aholisi nomidan juda qattiq iltimos bilan murojaat qilmoqdamiz. Bizning MFY hududida 300 ta xonadon bor. Ochiq byudjet orqali yo‘lni ta'mirlashga hech qachon g‘olib bo‘lolmayapmiz, chunki mahalla aholisi juda oz.
Sizdan iltimos, hokimiyat tomonidan bizning yo‘llarimizni asfaltlab berishda yordam bering. Tumandagi ba'zi markaziy ko‘chalar tuman hokimining tashabbusi bilan byudjet hisobidan asfaltlanmoqda. Bizning qishloq mahalla ko‘chalari esa juda yomon ahvolda.
Qishda loy, yozda tuproq chang bo‘lib ketadi. Ko‘chalarda yurish keksalar va bolalar uchun juda qiyin bo‘lib qoldi. Shuning uchun sizlarga murojaat qilmoqdamiz – iltimos, Pilol MFY ko‘chasini asfaltlab berishsin!»
3
Uchinchi murojaat Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani maktab pedagoglaridan kelgan. Maktab direktori va tuman Adliya bo‘limining o‘qituvchilarga moddiy yordam ajratish haqidagi qarori bajarilmayapti.
«Assalomu alaykum, hurmatli Eltuz jamoasi.
Biz, Jizzax viloyati G‘allaorol tumani umumiy o‘rta ta'lim maktabi pedagoglari, o‘zimizni qiynayotgan muammo yuzasidan murojaat qilmoqchimiz.
Bundan to‘rt oy oldin bizga moddiy yordam berish to‘g‘risida maktab direktori buyrug‘i va G‘allaorol tuman Adliya bo‘limining tegishli buyrug‘i chiqarilgan edi. Biroq, bugalteriya tomonidan hisob-kitob ishlari hali-hanuz amalga oshirilmagan. Ular turli bahonalar bilan mablag‘ ajratishni rad etib kelishmoqda.
Oylik maoshimiz ro‘zg‘orimizdan ortmayapti, o‘z sog‘lig‘imizni tiklash uchun esa ko‘pchiligimiz qarz olib davolanmoqdamiz.
Shu sababli, biz huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ushbu shikoyatimizni tezroq ko‘rib chiqib, amaliy yordam ko‘rsatishini so‘rab qolamiz.» deya shikoyat yo‘llamoqda G‘allaorollik maktab o‘qituvchilari.
To‘rtinchi murojaatni Andijon viloyati Jalaquduq tumani Qilichmozor mahallasi aholisi Eltuzga yo‘llagan. Ular Andijon Tezkor Tozalik MChJ xizmatining sifatsizligidan nolishmoqda.
«Assalomu alaykum, Eltuz portali.
Biz, Andijon viloyati Jalaquduq tumani Qilichmozor mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi, muhim masalada murojaat qilmoqchimiz. Sizlar orqali tegishli tashkilotlarga yetib borishiga umid qilamiz.
Mahallamiz Andijon Tezkor Tozalik MChJ bilan qattiq chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha shartnoma tuzgan ekan. Biroq hech bir xonadonda ushbu shartnomaning nusxasi mavjud emas. Shunga qaramay, bizga qarzdorlik yozib kelinadi va uni to‘lashga majbur bo‘lamiz.
Shuningdek, ko‘rsatilayotgan xizmat sifati juda yomon. Chiqindilarni olib ketish muddati noaniq — ba'zan oylar davomida umuman kelishmaydi, ba'zan esa faqat bizning murojaatlarimizdan so‘ng harakat qilishadi. Shunga qaramay, qarzdorlik to‘liq oy uchun hisoblanadi. Masalan, mart oyida ayrim ko‘chalarga umuman chiqindilarni olib ketish uchun kelishmadi.
Yangi qonunga ko‘ra, chiqindidan qarzdorlik mavjud bo‘lsa, elektr energiyasi uchun to‘lov qabul qilinmaydi. Bu esa aholining katta qismini elektrsiz qoldirishi yoki majburan nohaq qarzni to‘lashga majbur qilishi mumkin.
Shu sababli, biz Bosh prokuraturadan va Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotidan ushbu muammoni nazoratga olishlarini, aholi manfaatlarini himoya qilishlarini so‘rab qolamiz.» deya sim yozishmoqda qilichmozorlik eltuz obunachilari.
So‘nggi maktub ham chiqindi va infratizilma muammolari yuzasidan. Murojaatni Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Nihol mahallasi turg‘uni yo‘llagan.
«Assalomu alaykum, Eltuz!
Men Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Nihol mahallasidan yozmoqdaman. Bizning mahallamizda chiqindi masalasi juda og‘ir ahvolda, odamlar qaerga murojaat qilishni ham bilmaydi.
Ikki yil oldin chiqindi xizmati bir yil davomida ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, hisob yopilmagani sababli qarzdorlik yozilib, aholiga to‘latilgan. Bu muammo bo‘yicha harakat qildik, lekin sudga yo‘naltirishdi va oxir-oqibat oddiy xalqning o‘ziga bu qarz to‘latildi.
2024-yilning oktyabr, noyabr, dekabr va yanvar oylarida xizmat ko‘rsatilmagan. Shu bois, mahalla aholisi o‘z hisobidan maxsus mashina chaqirtirib, chiqindini pul evaziga olib ketishga majbur bo‘ldi. Fevral oyidan esa chiqindi xizmati qayta paydo bo‘ldi, ammo to‘rt oy davomida ko‘rsatilmagan xizmat uchun ham qarzdorlik hisobga qo‘shilgan. Bunga e'tiroz bildirsak, «qaytariladi» deyishdi, biroq kecha MIB orqali majburiy undirish boshlangani haqida xabar keldi.
Bu xizmat bizga kerak emas edi, agar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, uning nazorati ham tashkil etilishi kerak emasmi? Mahalla raisiga murojaat qilsak, bizni eshitmaydi, muammolarni hal qilish o‘rniga e'tibor bermaydi.
Hozirgi kunda chiqindi uchun Toshkent viloyatida har bir kishidan 6 700 yoki 7 700 so‘m olinmoqda. Lekin biz qaerga murojaat qilishni ham bilmaymiz. Viloyat rahbari, bosh vazir, tegishli vazirliklar qaerda? Nega xalq ustidan kulib, chiqindi masalasini hal qilmasdan turib, bizdan pul undirmoqdasizlar? MIBga topshirilgan ushbu qarzlar qaytarilsin, xizmat ko‘rsatilmagan oylar uchun to‘lovni talab qilish adolatsizlikdir.
Bundan tashqari, mahallamizdagi trotuarlar ikki yil oldin suv quvuri yotqizish maqsadida buzib tashlangan. Ammo na suv keldi, na trotuarlar tiklandi. Hech kimning bu masala bilan ishi yo‘q. Nahotki biz shunchalik beparvo bo‘lib qoldik? Yoki yuqoridagi amaldorlar bunga ko‘z yumishyaptimi? Kimdir davlat mablag‘ini olib, «suv quvuri o‘tkazamiz» deb yo‘llarni buzdi-yu, hech narsa qilmasdan ketdi. Natijada esa yana oddiy xalq loy kechib yurishga majbur bo‘ldi. Oldingi holati bundan yaxshiroq edi!
Tegishli idoralar bu masalaga jiddiy e'tibor qaratib, chiqindi va infratuzilma muammolarini hal qilishi shart!» deya yozmoqda Zangiotalik Eltuz obunachisi.
Va bu sizga bugun o‘qib eshittirganimiz beshta maktubning so‘nggisi edi.
Ko‘rsatuvimizga kelayotgan izoxlarda ko‘pincha biz bilan qanday bog‘lanish mumkinligi to‘g‘risida so‘rashadi. Bilmaganlar uchun yana bir bor eslatamiz. eltuz portali interaktiv tarzda telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. Murojaatlar uchun u yerga maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kun davomida biz bilan qoling. Kanalimizga obuna bo‘ling.
