Jahon tillari Universiteti tyutorlari rotatsiyadan norozi
Yangi o‘quv yili boshlanish arafasida Jahon tillari universitetida yana anarxiya va qonunsizlik avj olgani universitet jamoasi orasida norozilik bildirilmoqda. Ularning Eltuzga yo‘llagan shikoyatiga ko‘ra rektor maslahatchisi Zikirov Odiljon Obidjonovich mart oyida lavozimga tayinlangan kunidanoq universitet tyutorlarini nishonga ola boshlagan.
Ta'tildan oldin rektor buyrug‘i bilan tyutorlar yoppasiga ishdan bo‘shatildi. Majlislarda avrab-aldab tyutorlarni «bir yillik shartnoma»ga o‘tkazibolishgan edi. Ushbu harakat Odiljon Zikirov tavsiyasi bilan amalga oshirilgani iddao qilinmoqda.
«Bir yillik shartnomaga ko‘ra tyutorlarning mehnat huquqlari ancha cheklangan. Masalan, avgust oyida barcha tyutorlar majburan o‘z hisobidan ta'til olishdi. Endi rektor rotatsiya degan nag‘mani boshladi.
Tyutorlarning fakultetlari noqonuniy o‘zgartirib yuborildi. Kim norozi bo‘lsa rektor maslahatchisi Odiljon Obidjonovichning qahriga uchraydi.» deydi o‘z ismini ochiqlashni istamagan Universitet o‘qituvchisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra Jahon tillari kafedra mudiri yakuniy imtihonlar payti ommaviy pora yiqqani masalasi hali unutilgani yo‘q. Rahbariyat esa yana yangi yangi fintlar chiqarmoqda.
Rektor o‘quv yili boshida universitet tyutorlarining fakultetlarini o‘zgartirib «istamasang, bo‘shab ket» qabilida ish ko‘rmoqda. Bunday rotatsiya endi har yili amalga oshirilishi kutilmoqda.
Talabalarning, jamoaning fe'l-atvorini bilish, talabalar bilan kurator sifatida til topishish uchun kamida ancha vaqt talab etiladi. Tyutorlar har yili qo‘nim bilmas bo‘lib fakultet o‘zgartiraversa, talabalar bilan tanishuvdan ortib haqiqiy ish qachon boshlanadi?
«Ilhom Tuxtasinov shu dargohga kelganidan beri har o‘quv yilini mana shunday tushkun kayfiyatda boshlaymiz. Avvalgi rahbariyat quyi pog‘onadagi xodimlarni qadrlar edi. Ish yuklamalari qat'iy belgilangan, ishda tartib bor edi. Masalan, hozir ham boshqa davlat universitetlarida bunday qo‘nimsizlik, tyutorlar rotatsiyasi degan gaplar yo‘q. Odiljon Zikirov esa DXXda qo‘llaydigan odamlarim bor deb tizimni istagancha o‘zgartiryapti» – deydi ishsiz va joyi noma'lumligidan muallaq qolgan Universitet jamoasi vakillari.
Talabalar orasida ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashga mas'ul rektor maslahatchisi qanday qilib kadrlar masalasiga aralashadi? (Lavozim nomining o‘zi bir sostav poezdga yuk bo‘larkan o‘ziyam) Nima bo‘lganda ham maslahatchining bunday vakolati yo‘q.
Hech qaysi davlat universitetida tyutorlar rotatsiyasi olib borilmayapti, shartnomalar o‘zgartirilmagan. Rektor Tuxtasinovga tyutorlarni sarson qilish nima zavq yoki foyda beradi? Ham yillik rotatsiya, ham mehnat shartnomasida haq-huquqlarning cheklanishi jamoaning hafsalasini pir qildi.
«Tyutor hadeb almashaverilishini bilgan talabalar na gapga kiradi, na topshiriqlarni bajaradi. Faqat kompyuterda kamera kuzatib o‘tiradigan rektor bu jihatlarni qaydanam bilsin? Mana nechi oylardan buyon Odiljon Zikirovning qosh-qovog‘iga qarayapmiz. Uning o‘zi rektorning odami – Tuxtasinov bilan Samarqand chet tillari institutida birga ishlagan.
Odiljon Obidjonovich Samarqand chet tillari universitetida ham ayni shunday uzuuuun nomli lavozimni egallagan. O‘zi yangi rektor barcha muhim lavozimlariga Samarqandlik ulfatlarini tayinlab guruhbozlikka yo‘l qo‘ymoqda» deya yozadi rotatsiyadan hafsalasi pir bo‘lgan Universitet tyutori.
Uning so‘zlariga ko‘ra Jahon tillari universitetida almashtirib bo‘lmaydigan kadr yo‘q qabilida ish ko‘riladi – malakali o‘qituvchi xodimlar allaqachon xususiy universitetlarni tanlashmoqda. Bu ketishda universitet ta'limdagi pozitsiyasini xususiy sektorga boy berishi muqarrar.
Eltuzdan oliy ta'lim yoshullisi Qo‘ng‘irotboy to‘raga savol: Ilhom To‘xtasinov rektorlik kursisiga o‘tirganiga uch yil bo‘ldi – rotatsiya fursati haliyam yetmadimi? Eltuz O‘zbekiston Oliy ta'limiga oid muammolarni yoritishda davom etadi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Video yuzasidan izohlar qoldiring.
