«Vodiyda o‘lish taqiqlangan» 5-qism
KGB MOJAROLARINI ESLAGAN AMYeRIKALIK OLIM
1989 yil avgust oyida Amerikalik turkolog do‘stim Devin Devisdan bir maktub oldim. Uning asl nusxasini yoshlarga bergandim, ular bu xatni “Birlik” xalq harakati qoshidagi O‘zbekiston yoshlarining erkin uyushmasi nashri “Erkin So‘z”ning 3-sonida chop etishgandi.
Varaqada bosilgan maktubga yoshlar tahririyati shunday izoh yozgan:
«Biz o‘zimizga loaqal birorta o‘zbekcha harfli mashinka topa olmay o‘rischa harflarda yozib, buning ustiga O‘zbekistonda yashab turib, jumhuriyatimizning davlat tili masalasini hal qilolmay yurgan paytimiz chet elliklar o‘z ishlarini o‘zbekcha kompyuterlarda bitirsa ajablanarlimi? Bundan bir yilgina avval “O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tili bo‘lsin!” degan shiorni ko‘rishsa, ba'zilarning “quyonchig‘i” tutib qolardi. Endi bo‘lsa, bu shiorni aytaverib biz ham charchadik.
Siz yaxshisi, amerikalik olim Devin Devisning o‘zbekistonlik do‘sti Muhammad Solihga o‘z shaxsiy kompyuterida o‘zbek tilida yozgan maktubini o‘qib ko‘ring. O‘zbekistondagi birorta o‘ris yoki o‘zbek shunday shirin tilda, ravon tilda gapira olarmikan? Biz o‘z tilimizga ega bo‘lolmayotgan bir paytda amriqolik bir olim shoir Muhammad Solihga o‘zbek tilida maktub yo‘llabdi. Marhamat, aziz o‘quvchi, bu xat mustaqillik harakatining 80-yillari haqida oz bo‘lsa-da, tasavvuringizni boyitishi mumkin”.
“Aziz do‘stim Muhammad!
Salom! Uzoq vaqt mendan eshitmagansiz, hech bir xat ham olmagansiz; shuning uchun uzr aytmoqchiman. Afsuski, bu xat qisqacha bo‘ladi. Leningradga borib, ertaga tong bilan bu yerdan jo‘naydigan do‘stim orqali yubormoqchiman. Sizdan ham uzoq vaqt bo‘lib, hech bir xat olmaganman, lekin Bill Vud va Bill Firman orqali xabardor bo‘lib qoldim. Balki eng yaxshisi shundaki, gazetalarda, jurnallarda, hatto televizorda she'ringiz, boshqa yozishlaringiz yo Siz haqingizda xabar ko‘ra olaman.
“New-York Times” gazetasida so‘zlaringizni o‘qib, do‘stim deb sog‘indim, quvondim. Siz uchun quvondim, so‘zlaringiz uchun quvondim, oshkoralik uchun quvondim, menga baxt deb sanab, Siz bilan tanishib do‘stlashganim uchun quvondim, Ayniqsa, bundan besh yil burun, O‘zbekistonga kelishim vaqtida sharoitlarni eslab quvondim. Albatta, xushyor bo‘lib quvondim, balki Farg‘ona vodiysida, hatto Xitoyda yaqinda bo‘lgan hodisalar tufayli tashvishlanyapman, lekin har holda yangi sharoitlarni uzaytirib, takomillashtirishga intila olmoqchisiz deb umidim bor.
Ayniqsa, biror kishining (otini unutgan ekanman, balki Quruq jonli (“Pravda Vostoka” gazetasi xodimi Yu.Krujilin nazarda tutilmoqda – tahr.) yolg‘on, aldoqli maqolasini o‘qiganimda eski uslubdagi hujum qaytib kelgan ekan (yo to‘g‘risi, haligacha chiqarilmagan ekan) deb bezovta bo‘ldim. Javobingizni o‘qiganimda, joyim bormi yo yo‘qmi, xursand bo‘lib qoldim, yashasin deb aytdim.
Mendan so‘rasangiz, odatimcha juda band bo‘lganman. Kechgan yilda yoz oylarini Hindistonda o‘tkazdim, turli shaharlardagi kitobxonalarning forscha, arabcha va turkcha qo‘lyozmalari bilan tadqiqotlar qildim. Yaqinda Kubraviya tariqati haqida bir maqolam bosib chiqarildi, lekin ilmiy yozishim uchun vaqtim yetarli emas ekan. Oilamda hammasi tinch, qizimdan faqat xursandlik bilib olaman.
Kreg Kennedi va Bill Vud va Bill Firman bilan tanishganingizdan juda xursandman; Siz uchun ulardan hech bir tashvish, notinchlik kelmaydi deb umidvorman, balki bu sharoitlarda shunday tashvish mendan kelgan deb anglayman, bunday zararli do‘st ekanimni sezib aybdor ekanman.
Menimcha, aloqador bo‘lmoq yaxshiroq, lekin bezovtalikning imkoniyati bor bo‘lsa ham uzr aytgim keldi. Fikringizcha, Siz tomonga yanagi marta kelishim bilan har qanday bezovtalikka uchraysiz yo uchrayman?
Arab harflar, rasmiy til va boshqa masalalar haqida bahslar menga juda qiziqarlidir; lekin menimcha, faqat harflarnigina qayta ko‘rish yetarli bo‘lmaydi. Shunday harflarni yaratgan madaniyatning ma'naviy, ruhiy, hatto diniy dunyosini yana marta, chuqurroq qayta qarash shart ekan. Bu “dunyo” ajdodingiz merosining muhim qismidir. Menimcha, bu qismni qabul qilganlarni “xurofot” yo “majburiy” deb ayblamoq faqat katta xatogina emas, dushman xalqning ishi. Kelasi yil yozda bizda O‘rta Osiyoda ekologiya masalalari haqida konferentsiya o‘tkaziladi; kelishingiz mumkin bo‘ladi, deb umiddamen. Rasmiy taklifnoma pochta orqali yuboriladi.
Mana kompyuter bilan yozilgan xat, ko‘ra olyapsiz; menimcha, men ishlagan harflar (o‘, q, g‘, h) programma orqali taxminlangan harflardan yaxshiroq. O‘zbek tilini yomon yozishim uchun kechirasiz, iltimos; yangi kompyuterim bilan yozilgan bo‘lsa ham, shunday mexanizm o‘zbekcha ravonligimga yordam bermaydi! Texnika yaxshi, lekin notiqligim haligacha yaxshi emas; afsuski, kompyuter tilimni biyron eta olmaydi.
Qiladigan iltimosim shuki, mendan boshqa do‘stlarimga sa-lomlar, yaxshi istaklarimni yetkazsangiz; oilangizda tinchlik, omonat uchun havaskorman. Va Sizdan yana bevosita xabar olib, eshitgim keldi; xat yozib turing, do‘stim. Va Xudo xohlasa yo Siz bizga, yo biz Sizga kelish mumkin bo‘ladi. Har holda Sizni unutmaganman, shuningdek, meni ham unutmagansiz deb ishonaman. Sizni quchib, Devin Deweese”.
1989
Devin Devisning xatida shu jumla diqqatga sazovor: “Kreg Kennedi va Bill Vud va Bill Firman bilan tanishganingizdan juda xursandman; Siz uchun ulardan hech bir tashvish, notinchlik kelmaydi deb umidvorman, balki bu sharoitlarda shunday tashvish mendan kelgan deb anglayman, bunday zararli do‘st ekanimni sezib, aybdor ekanman.Menimcha, aloqada bo‘lmoq yaxshi, lekin bezovtalik extimoli bo‘lsa ham uzr aytgim keldi. Fikringizcha, Siz tomonga yanagi marta kelishim bilan har qanday bezovtalikka uchraysizmi yo uchraymanmi?»
Devin 1984 yil Toshkentdan ketgandan keyin meni KGB chaqirib so‘roqqa tutgani va menga xamkorlik taklif qilgani, keyin esa bizga qarshi tazyiq boshlangani haqda har holda undan keyin kelgan amerikalik do‘stlardan eshitgani uchun «kelsam sizga yoki menga qiyin bo‘lmaydimi» deb fikr so‘rayapti. Ayni paytda Krujilin-Xisamovlarning menga qarshi maqolasi va mening ularga javobimni ham o‘qib, tahlil qilayotganini ham yashirmaydi.
O‘ZBYeK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BYeRILDI
1989 yil bahoriga kelib, «Birlik» harakati tashkilot sifatida butun o‘lkada o‘z borligini ko‘rsata boshladi.
Uning kuchayib borayotgani KGB ni sarosimaga solib qo‘ydi. KGB «Birlik» ichiga kiritilgan o‘z agentlarini ishga solib, harakat saflarida porakandalik yaratish uchun jiddiy ish boshladi. Bu ishda «Birlik» rahbari Abdurahim Po‘latovning fitnaga moyil xarakteri KGB ga qo‘l keldi. 1989 yil o‘rtalarida tashkilot rahbariyati ikki guruhga bo‘lindi.
Ayni shu mojorali kunlarda «Birlik» o‘zining eng ko‘p sonli mitingini o‘tkazdi.
Miting O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi talabi bilan Toshkent markazida, Lenin nomidagi maydonda o‘tkazildi.

Bu mitingda so‘zlaganim nutqdan(videodan olindi) parcha: «Men Til buyicha komissiya a'zosiman. Va bircha kengashda qatnaishib shuni ko‘rdimki, u yerda biz taklif qilgan narsalar bir sirli qo‘l bilan o‘zgartirilib, biz hammasini qaytadan boshlashga majbur bo‘ldik. Beshinchi modda, keyin 8 modda, yana 12 modda o‘zgartirilgan. 30 moddada til o‘rganish uchun yana 10 yil ko‘rsatilgan. 10 yil ko‘p vaqt. Agar rahbarlar o‘zbek
tilini o‘rganishlari uchun yana 10 yil kerak bo‘lsa bu juda ayanchli ahvol. Chunki chet eldan kelganlar bir yilda tilni o‘rganishmoqda. O‘zlari o‘zbek bo‘lgan rahbarlar bir yilda o‘rgana olishmas ekan-da!»…
Men so‘ng besh yil ichida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish xususida ko‘plab chiqishlar kilgandim. Buning tasiri bo‘lsa kerak, hukumat Oliy Kengashda tuzilgan Til komissiyasiga a'zo sifatida kiritdi. Har majlisda g‘avg‘o qildim. Mitingda tilga keltirganim mavzu shu g‘avg‘oning hisoboti edi.
Mehnatimiz bekor ketmagandi, Kremlning bosimiga qaramay mahalliy hukumati O‘zbek tiliga davlat tili berish qarorini olgandi.
Bu orada Birlik xarakatida ziddiyat davom etardi.
Shaxsan bir necha marta tashabbus ko‘rsatib, tashkilotdagi parchalanishni tuxtatishga urindim, ammo uddalay olmadim.
Aslida, «Birlik» oyokka turgandan keyin, siyosatdan uzoqlashishga niyat qilgandim, ammo endi «Birlik» parchalanib, bizning 1984 yildan beri olib borgan mujodalamiz samarasiz tugayotganini ko‘rib, bu maydonni tashlab ketolmasligimni ko‘rdim. Ahvolimizni ko‘rib, sokin adabiy ijodga qaytish orzuim chil-parchin bo‘lgandi. Siyosatda qolishga mahkum edim.
Davom etayotgan ichki janjallardan to‘lgan sabr kosamizni toshirgan so‘nggi tomchi «Birlik» rahbari Po‘latovning sharmandali harakati bo‘ldi. Uni Birlik harakatiga kirgani uchun Kompartiya a'zoligidan o‘chirishgandi. Po‘latov «meni kompartiyadan haydamanglar» deb miting o‘tkazdi. Kommunistik partiya umrini tugatayotgan bir bir davrda Po‘latovning komunistlikka qaytish uchun qilgan bu harakati ko‘pchilikni nafratlantirdi. Nihoyatida «Birlik» parchalandi. Undan ajralgan katta gurux ERK partiyasini ta'sis etdilar.
Qolaversa, Sovet Ittifoqidagi siyosiy konyunktura tez o‘zgara boshlagandi. «Qayta Qurish» davrida tashkil qilngan fuqoraviy jamiyatlar, «xalq harakatlari» o‘rniga chinakam siyosiy partiyalar tuzish tendentsiyasi yuz ko‘rsata boshlagandi. Xususan, Boltiq bo‘yi o‘lkalarida shunday partiyalar ta'sis etila boshlagandi.
O‘z-o‘zidan «Birlik»ning parchalanishi shunday bir siyosiy partiya tuzish uchun ijtimoiy zamin yaratgandi.
Muhammad Solih
davomi bor
