Asosiy mavzular
26 september 2025

«Gulnor» 7 qism (Sariq mo‘ylovli turk professori)

Axmad Beyjon Erjilasun

Turk hay'ati Muhammad Solih va uning do‘stlarini boshqa ko‘rmadi. Ishtvan Mandoki qo‘ng‘irni ham ko‘rishmadi.

So‘nggi muhim voqea turklarga ozariylarning mehmondorchilik takldi. O‘rxon Nodiyning o‘zbek ma'murlaridan olgan xabariga ko‘ra, ozariy olimlari KGB agentlari bo‘lishi mumkinligi haqida bo‘ldi. Shunga qaramay, ularning taklifini rad qilishmadi. Ammo ehtiyotkor harakat qilib, ozariylar bilan muhim narsalarni gaplashmaslikka ahd qilishdi.

Ozariylarning taklif qilgan yeri bar-restoran edi, suhbatlashishga mos joy emasdi.

Ingichka mo‘ylovli, uzun bo‘yli Oydin Mamedovning ko‘zlari chaqnardi. U suhbatni falsafiy yo‘nalishga solmoqchi bo‘lib ko‘rdi, ammo buning uddasidan chiqa olmadi. Turklar shovqindan quloqlari bitganini baxona qilishdi, biroq sir boy berishmadi.

Gulnor bu yerga kelmagandi, lekin bu uchrashuv haqida raport yozdi.

Ikkinchi muhim voqea, Gulnorning professor Oysha Qilich bilan O‘g‘uzni Toshkent bozoriga olib borgani bo‘ldi. O‘g‘uz bunga ikki sababdan sevindi: ham Oysha xonim bilan suhbatlashish imkoni tug‘ilgan, ham unga o‘zbek xalqi bilan bevosita ko‘rishish imkoni paydo bo‘lgan edi.

Bozor rang-barang edi. Sabzavot va mevaning ko‘pligi O‘g‘uzni sevintirdi. Moskva ko‘chalarida chirigan uzum uchun navbatda turgan odamlarni eslab, o‘zbeklarning omadli ekanidan g‘ururlandi. Buni Gulnorga so‘yladi. Gulnor o‘zbeklarning Moskvaga uchoqda meva olib borib sotishlarini aytdi.

Oysha Qilich bir necha metr atlas sotib oldi. Porlagan ranglar yuqoridan pastga chizgi-chizgi bo‘lib to‘kilardi. O‘zbek ayollarining bosh oyoq kiygan atlas ko‘ylaklari ularga alohida o‘zlik bag‘ishlardi.

Mehmonlar kasseta sotayotgan sayyor sotuvchi oldida to‘xtashganda ularni odamlar o‘rab olishdi. Gulnor bundan bezovtalandi. O‘g‘uz esa sevindi. O‘g‘uz savollarga bir hasrat bilan javob berardi.

Oysha xonim va O‘g‘uz bir necha kasseta sotib olishdi. Gulnor “bu yerda uzoq turmasak yaxshi bo‘lardi”, deganidan so‘ng, mehmonlar yo‘lida davom etishdi. Katta ko‘cha kanorlarida kabob va palov sotayotgan ko‘chma do‘konlar bor edi. U yerdan olgan shashlik O‘g‘uzga tadbir ziyofatida yeyilganidan lazzatliroq tuyuldi.

Gulnorning raporti esa har kungidan ancha batafsil bo‘ldi.

Samarqand sayohati bir yarim kun davom etdi. O‘g‘uz o‘zini tarixning ichida yashayotgandek his qildi. Bibixonim madrasasi hovlisidagi chinni parchalaridan birini Gulnorning ruxsati bilan o‘ziga oldi. 

O‘g‘uzning firuza va yashil ranglarga burkangan registon o‘rtasida yurib boqishlari  Gulnorning diqqatini tortmagandi. Biroq Amir Temurning qabri ustida turklarning qo‘l ko‘tarib fotiha o‘qishi o‘zbeklarni ham, xorijiy sayyohlarni ham hayron qoldirdi. 

Gulnor O‘g‘uzga qo‘shilib, qo‘lini fotihaga ko‘tarmoqchi bo‘ldi, ammo ko‘tarmadi. Bunday harakatni boshliqlariga izohlashda qiynalishi haqida o‘yladi. Lekin qo‘lini ko‘tarmasdan, ichida fotiha o‘qish istagi keldi, bundan Gulnorning o‘zi ham hayratlandi. Ilk da'fa O‘g‘uzning jozibasiga asir bo‘ldimmikin, degan fikr ham keldi ko‘ngliga. Buni kechirish mumkin emasdi. U o‘z mamlakati va davlatini sevadi. Bunday fitna xayollardan uzoq bo‘lishi kerak. U o‘z raportida turk hay'atining fotiha o‘qigani va O‘g‘uzning olgan chinni parchasini ham ipidan-ignasigacha tasvirladi. Lekin xayoliga kelgan xiyonatchi fikrlar haqida yozmadi.

***

Konferentsiya tugadi. Mehmonlar uy-uylariga jo‘nab ketishdi. O‘zbeklar Moskva, Olma ota va Bokudan kelgan mehmonlar bilan ham ahil bo‘lib qolishgandi. Ovro‘podan kelgan mehmonlar ham ularga endi u qadar begona emas edi. Biroq Turkiyadan kelgan olimlar hay'ati O‘zbekiston uchun bir voqealik edi. 

O‘zbek ziyolilari bu haqda keyin ham ko‘p gapirishdi. Gulnorning holati esa boshqacharoq edi. Moskvadan va Bokudan kelganlarning fikrlari, yurish turishlari uning uchun yangilik edi. Turkiyadan kelganlar esa o‘zlarini tutishlari, kiyinishlari bilan ekspluatator kapitalistik tuzum mansublari ekanliklarini darrov namoyish qilishgandi. 

Lekin Gulnor yana shuni ham sezgandi-ki, ularda tashviqotchilik ruhi yo‘q edi. Ularning fikrlari har xil va buni erkin ifoda eta olishardi. “O‘zbek turki” yoki “ozariy turki” kabi iboralar panturkistik terminologiyaga oid bulishiga qaramay, turklar ularni kundalik so‘zlari kabi ishlatishaverardi. Goh-goh “o‘zbek turki” demasdan, “o‘zbek” yoki “o‘zbek turkchasi” demasdan, “o‘zbekcha” deb ham bemalol aytaverishardi. Shunday ekan, nahotki, turk hay'ati a'zolarining hammasi josus bo‘lsa?

Gulnor loaqal bir nechtasining mutlaqo josus emasligini anglagandi. Lekin O‘g‘uzni u “agent emas” deya olmasdi. Taniqli, dongdor olimlarning ichiga bir aspirantning qo‘yilishi shubhali edi. O‘g‘uzning kam gapirib, atrofdagilarga quloq solishi bu shubhani yanada kuchaytirardi. Faqat mavzu dostonlarga kelganida yoki Gulnor bilan yolg‘iz qolganidagina O‘g‘uz tilga kirardi.

Gulnorni eng ko‘p bezovta qilgan nuqtalardan biri “turk” so‘zi edi. “O‘zbek” va ”turk” so‘zlarini yonma-yon qo‘yish mumkinmi? Gulnorning bilgani shu mesxeti turklari edi. 1944 yili O‘zbekistonga kelib, o‘zbeklardan ham yaxshiroq yashay boshlagan uddaburron kishilar. Ular ilmiy sotsializmga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan bir kapitalist ucharlar edi. Shular bilan o‘zbeklarni qiyoslash Gulnorning g‘ashini keltirardi.

Qorlig‘ashov Gulnorga yangi vazifa berdi. Gulnor Muhammad Solih va uning do‘stlari bilan yaqin bo‘lib, ular haqida ma'lumot berib turadigan bo‘ldi. Ularga yaqinlashish uchun zaminni Qorlig‘ashov tayyorladi. Yozuvchilar Uyushmasidagi odamlari orqali Muhammad Solihning she'riyat kechasini uyushtirdi. Gulnor uchrashuvda tinglovchi sifatida qatnashdi.

Gulnor suhbatdan keyin sirli savollari bilan Muhammad Solihning diqqatini tortdi. She'rda metaforaning roli haqida ayyorlarcha savollar bergan Gulnor Muhammad Solihda satr ostidan ma'no izlaydigan odam taassurotini qoldirdi. Uchrashuv so‘ngida Muhammad Solih “siz bilan uchrashib turaylik”, dedi. O‘sha kundan beri Gulnor Muhammad Solihning uyida bo‘ladigan suhbatlarning doimiy mushtariysi bo‘ldi.

Gulnor Muhammad Solihning uyida bo‘lgan suhbatlardan turklar bilan bo‘lgan aloqaning butun tafsilotlarini o‘rganib, Qorlig‘ashevga raport yozdi. Kontora endi Muhammad Solihning turklardan “Turkchilik asoslari” kitobini so‘raganini ham bilar edi.

***

Sariq, muylovli odam asli qipchoq edi. U xalqaro madaniy aloqalar shartnomasi doirasidagi dastur bo‘yicha Sovet Ittifoqiga kelgandi. Toshkentda ham ikki kun bo‘lishi kerak edi.

Qorlig‘ashov Gulnorga yangi vazifa sifatida bu sariq odam, professor Dursin Yildirimga “yo‘l ko‘rsatuvchi” bo‘lishni topshirdi. Sariq mo‘ylovli bu odam o‘sha Mojor professoriga juda o‘xshardi. Gulnor Ishtvan Mandokining so‘zlarini tinglagan kunini esladi.

Professor Yildirimni havo maydonida kutib olishdi. Uning yo‘g‘on ovozi Gulnorning diqqatini tortdi.

Mehmonxonada nomeriga kirib chamadonini qo‘yarkan, professor Yildirimning mo‘ylovi Ishtvan Mandokini eslatishini o‘yladi Gulnor.

Gulnor ikki kunlik programmani professorga ikki daqiqada tushuntirdi.

– Sizning programma doirasidan tashqarida biror istagingiz bormi? — dedi Gulnor.

– Tashakkur, — dedi professor, — yaxshi programma tayyorlabsiz, zotan men ham folklor olimlari bilan ko‘rishishni orzu qilgandim. Akademiyada ko‘risharkanmiz…

– Albatta, ertangi ziyoratingizda ular bilan sizni ko‘rishtiramiz, — dedi Gulnor.

– Alpomish dostonining plastinkalarini ham topsak yaxshi bo‘lar edi, — dedi professor Yildirim.

– Uni ham topamiz. Men istagingizni kerakli odamlarga aytib qo‘yaman, vaqtimiz oz, plastinkalarni topishda qiynalib qolmaylik…

Professor Yildirim bu qizning durkun qomati va shaxdam qadamlariga nazar tashladi. Qizning yashil ko‘zlari esa uning yanada ko‘proq e'tiborini tortdi.

Professor Yildirimning Sovet Ittifoqiga birinchi kelishi emas edi. Va bu “yo‘l ko‘rsatuvchi”larning aksariyati ayg‘oqchi bo‘lishini yaxshi bilardi. Shuning uchun ham Muhammad Solihni ko‘rmoqchi ekanini Gulnorga aytmadi.

Siz turk yozuvchisi Axmad Beyjon Erjilasunning Gulnor romani audiokitobi ettinchi qismini tingladingiz. Uni Qudrat Bobojon ovozlantirdi. Davomini Yutubdagi Eltuz kanalining kelgusi yoyinlarida kuzating.  

Tag‘in o‘qing
27 april 2020
Tarix takror sahnalardir. XVIII-XIX asrda Rossiya zodagon va bashanglari asosan frantsuz tilida gaplashishgan. Pushkinning tili frantsuzcha chiqqan va besh ...
22 july 2025
2024 yil oxirida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidovning huquqiy asosdan xoli buyrug‘i natijasida davlat byudjetiga 2 milliard ...
28 january 2021
Jahongir Otajonov va putincha siyosiy texnologiyalar. Otajonov partiyasini registratsiyadan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga bordi. Partiyasining nomi «Xalq manfaati», xuddi ...
26 january 2017
O‘zbekistonda Toshkent shahridan tashqari barcha hududlarda tabiiy gaz va elektr energiyasi ta'minoti abgor ahvolda ekani shu vaqtgacha hammaga ma'lum ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...