«Vodiyda o‘lish taqiqlangan» 7 qism
Muhammad Solih
«Mustaqillik deklaratsiyasi»
Amerikaga sayohatimdan sevinganlar qatorida g‘azablanganlar ham bo‘ldi. Bu sayohatdan qaytganimda «erk»chilar «Birlik» rahbari Po‘latovning KGB bilan birlashib, «Erk» provokator partiya, u bizni SSSRdan ajratib, demokratiyadan mosuvo qilmoqchi, bizga mustaqillik kerak emas, bizga demokratiya kerak!» deya hamma yerda shallaqilik qilayapti», deyishdi.
Men KGB va uning «Birlik»dagi uzantilarining bu fitnalariga, tuhmatlariga e'tibor bermasdan, «Erk» partiyasining tom istiqlol g‘oyasini xalq orasida yoyishga kirishamiz, dedim. Darrov Partiyaning Markaziy Kengashini chaqirib, vazifalarni taqsimladik va ishga tushdik.

Bu qisqa davrda Tiranishimiz sur'at bilan masofa qayd etdi. Yuz yil kutganimiz ozodlik shabadasi ko‘ksimizga tegdi. Biz «Erk» partiyasi tomonidan tayyorlangan O‘zbekistonning «Mustaqillik Deklaratsiyasi»ni Sovet O‘zbekistoni Oliy Kengashiga taqdim etdik.
«Mustaqillik Deklaratsiyasi»ni depuatatlarga tarqatish va uni targ‘ib qilishda Erk partiyasining Oliy Kengashdagi millatvakillari Imom Fayzi, Nasrulloh Said va Oygul Mamatovalar katta g‘ayrat ko‘rsatdilar.
Bu tarixiy hujjat 1990 yil 20 iyun kuni deputatlarning ko‘pchilik ovozi bilan o‘sha Oliy Kengashda qabul etildi. Bu tarixiy aktsiyaning debochasi shunday:
«MUSTAQILLIK DYeKLARATsIYaSI” OSTONASIDA
1990 yil 19 iyun kungi Oliy Kengash sessiyasidagi chiqishlarning O‘zbekiston matbuotida bosilgan obzoriga qarang, ularda Mustaqillik mavzusidan asar ham yo‘qligini ko‘rasiz.
90-yillar oxiriga kelib, bu tarixiy haqiqatni yashirishga urinayotgan bir muttaham guruh paydo bo‘ldi.
«Birlik» harakati nomidan gapirib, o‘zbek xalqini «mol» deya haqorat qilgan Abdurahim Po‘latov va «Mustaqillik Deklaratsiyasi» qabul qilingan paytda deputat bo‘lgan Jahongir Mamatov kabilar bugun bu tarixiy hujjatni “biz tayyorladik”, deyishgacha boryapti.
Mamatov o‘zining «yolg‘onnoma»laridan birida «bizga «Erk» va «Birlik»dan ikkita deklaratsiya keldi”, deydi. Holbuki,”Birlik” boshida turgan Po‘latov u paytlar «biz Moskvadan ajralsak, demokratiya to‘xtab qoladi, bizga mustaqillik keragi yo‘q», deya hayqirib yurganini hamma biladi. Mamatov ham bu haqiqatni juda yaxshi biladi. U o‘z yolg‘onini «Erk»ning rolini pasaytirib ko‘rsatish uchungina tarqatadi xalqqa.
Holbuki, butun deputatlarga “Erk”partiyasi tayyorlagan «Mustaqillik Deklaratsiyasi» nusxasini 18 iyunda shaxsan men tarqatdim.
Bu sessiyada kamina – hali «Mustaqillik Deklaratsiyasi» muhokamaga qo‘yilmasdan oldin – «Mulkchilik haqidagi qonun» loyihasi muzokarasida so‘z olib, mavzuni asos g‘oyamiz Mustaqillik tarafga burdim.

«Sovet O‘zbekistoni» gazetasi bu nutqimdan uzuq-yuluq olgan kichik parchani so‘zma-so‘z keltiraman:
«Muhammad Solih Qonunning kirish qismida O‘zbekiston mulki daxlsiz ekanini aytish bilan cheklanishni taklif qildi, moddalar yuzasidan bir qancha konkret tuzatishlar kiritdi.
Bugungi muhokama bizda hozircha aniqlik yo‘qligini ko‘rsatmoqda, deb ta'kidladi u.
Moskvaning qosh-qovog‘iga qarab turamiz: u yerdagilar qovoq uyushsa, biz ham xo‘mrayamiz, agar jilmayishsa darrov og‘zimizning tanobi qochadi. Biz na iqtisodiy, na siyosiy nuqtai nazardan mustaqilmiz.
Vaholanki, jumhuriyat taqdiri shu zalda o‘tirganlarga ham bog‘liq ekanini, agar bu yerdagilarning har biri mustaqil bo‘lmasa qabul qilinayotgan qonunlarimiz millatimiz, jumhuriyatimiz Mustaqilligini ta'minlayolmasligini yodda tutishimiz lozim»…

«Mustaqillik Deklaratsiyasi» millatvakillarining qattiq bosimi bilan qabul qilindi. Lekin O‘zbekiston rahbari Islom Karimov, o‘sha kuni oqshom Andijon viloyatiga jo‘nab ketdi. Bu xususda «Yo‘lnoma» deb atalgan kitobimdan olingan bir tafsilot:
«Deklaratsiya deyarli bir ovozdan qabul qilinganidan sarosimaga tushgan Karimov, buni O‘zbekiston matbuoti, radio-televideniesida e'lon qilishni ta'qiqladi. O‘zi Mirsaidov bilan Farg‘ona vodiysiga ketdi.Deklaratsiya qabul qilingan kuni, 20 iyun saot sakkizda men uyda o‘tirib, O‘zbekiston TVsidan bu muhim voqea to‘g‘risida xabar kutdim. Moskva qisqa xabar berdi, ammo Toshkent bermadi. Mirsaidovga telefon qildim. Uning Karimov bilan Farg‘onaga ketishganini, u yerdan Qirg‘izistonga o‘tishajagini aytdilar. Toshkent Kompartiya bo‘limi kotibi Adham Fozilbekovni mashinasidagi telefon orqali topdim. (Fozilbekov u paytlarda hukumatga eng yaqin odamlardan edi).
Oliy Kengashda qabul qilingan hujjat haqida xabar yo‘qligiga u ham hayron bo‘lganini aytdi. Men unga «iltimos, Karimovga yetkazing, agar Deklaratsiya ertaga matbuotda e'lon qilinmasa, biz Toshkent markazida ko‘pmingkishilik miting uyushtiramiz», dedim. Fozilbekov bu gapni Karimovga yetkazajagini aytdi.

Adham Fozilbekov
Soat o‘nlarda telefon jiringladi. Mirsaidov ekan. Iltimos, shovqin qilmay turinglar, bu ablah Yefimovning ishi bo‘lsa kerak, hammasini hal qilamiz, dedi va, mana, Islom akaning o‘zi gaplashmoqchi, deb, trubkani Karimovga berdi. Karimov, biz ertaga kechqurun qaytayapmiz, batafsil gaplashamiz bu masalani, dedi. Gaplashadigan hech gap yo‘q, butun dunyo ko‘rdi, Oliy Kengash O‘zbekistonning Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qildi, bu haqda Moskva xabar berdi, biznikilar esa jim, dedim. Ertaga ertalab xabar chiqmasa, biz ko‘chaga chiqamiz, deya tahdidni takrorladim. Karimov ertaga tushdan keyin televidenieda xabar berilajagini va'da qildi. Nega «tushdan keyin»ligini anglamadim. Balki, Karimov Moskvadan ketgan xabarning reaktsiyasini kutib, shunga ko‘ra harakat qilishni o‘ylagan bo‘lishi mumkin.
Har holda, 21 iyun kuni tushdan keyin Oliy Kengash qabul qilgan O‘zbekiston Mustaqilligi Deklaratsiyasi muhokamasi va unga ovoz berish jarayoni yozib olingan televizion ko‘rsatuvini TV namoyish qila boshladi. Lekin matbuotda ikki kun kechikib chiqqan Deklaratsiyaning nomi «Deklaratsiya o nezavisimosti Uzbekistana» o‘rniga «Deklaratsiya o suverenitete Uzbekistana», deb xoinlarcha o‘zgartirilgandi. Zotan, SSSR konstitutsiyasida barcha sovet jumhuriyatlari shundoq ham «suveren» hisoblanardilar».
DYeKLARATsIYa HAQIDA XOLIS GUVOHNING KUNDALIGIDAN
Endi «Mustaqillik Deklaratsiyasi» qabul qilinishi jarayoni haqda betaraf shaxsning e'tirofini o‘qing. Bu O‘zbekistonda taniqli olim Vosil Qobulovning e'tiroflaridir. Bu hujjatni olimning yonida ishlagan, uning shogirdi Qudrat Do‘stmuxammad o‘zining faysbuk sahifasida yoyinladi.

Iqtibos:
1990 yilning 20 iyun kuni O‘zbekiston Oliy Kengashi sessiyasida qabul qilingan Mustaqillik Deklaratsiyasi haqida gapirganda, bu ulkan va tarixiy jarayonga hissa qo‘shganlarni iloji boricha eslash lozim, deb o‘ylayman. ERK demokratik partiyasi va uning rahbari Muhammad Solihning sa'y-harakatlariga baho berishda ojizman, lekin, chekkada turib yordam berganlar va qo‘llaganlardan ba'zilari haqida bilganlarimni aytishim mumkin. Shunday vatanparvarlardan biri – O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, Kibernetika ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining Bosh direktori, marhum VOSIL QOBULOV (1921 – 2010) edilar. O‘sha kezlarda Oliy Kengash deputati bo‘lganlar
Men 1997-98 yillarda ustoz bilan ko‘p muloqotda bo‘lib, kundalik daftarlarini o‘qib-o‘rganib chiqqanman. O‘ttizta qalin daftardan iborat “Kundaliklar”dan ko‘chirmalar qilib, matbuotda bir nechta maqola e'lon qilganman. Ularda mustaqillik Deklaratsiyasi haqida ham e'tiborga loyiq gaplar aytilgan, mana bugun, ko‘pchilikka ma'lum qilish fursati keldi. Daftarlarda qanday yozilgan bo‘lsa, iloji boricha o‘zgartirmasdan, sanasi tartibida keltiraman:
14 iyun, 1990 y., payshanba. Hozir hammani O‘sh voqealari, jumhuriyatlarning suvereniteti, O‘zSSJ Oliy Kengashining 18.06.90 y. da boshlanadigan sessiyasi tashvishlantirmoqda. Bu sessiyada yer mulkchiligi haqidagi qonun muhokama qilinadi. Deklaratsiya loyihasini tavsiya qilish fikrim bor.
15 iyun 1990 y., juma. Ertalab soat 7:30 da Angrenga yo‘l oldik. “O‘zbekenergoremont” tashkilotining dam olish zonasiga. Bu joy shundoqqina Angren suvining bo‘yida, sho‘rlik daryoning butun qirg‘og‘ini tashkilot va muassasalar bo‘lib olishgan. Uchrashuvning tashkilotchilari Anvar Karimov, Farhod Zunnunov, I.X.Ubaydullaev, Romen Zohidov, Yolqin, Erkin Qosimov, Tursunov (Husan), Tursunov (biolog), Mo‘minov N.O., Ibrohimov I.I., Irmatov M.I. va bir nechta yoshlar.
Avval Deklaratsiya masalasini qizg‘in muhokama qildik. Dushanba kuniga tayyorlab, Oliy Kengashga tavsiya qilmoqchi bo‘ldik.
Jumhuriyatning mustaqilligiga ko‘makdosh olimlarning ko‘ngilli jamiyatining birinchi ishchi yig‘ilishi shunday o‘tdi.
17 iyun, 1990 y., yakshanba.
Komilov M.ning otasi vafot etgan ekan (82 yoshda), butun umr muallimlik qilgan, ajoyib odam edi, ta'ziya bildirib keldik. Qaytib kelib, Deklaratsiya ustida ishladim.
RSFSRning Deklaratsiyasi chiqqan “Argumentы i faktы”ni olib kelishdi. Deklaratsiyani tugatdim. Zo‘r diqqatni talab qildi, bu ish.
18 iyun, 1990 y., dushanba.
Ertalab institutga kirib, Deklaratsiyaning qo‘lyozmasini qoldirdim, bir nusxasini olib, MK ga, Oliy Kengash sessiyasiga ketdim. Birinchi bo‘lib Muhammad Solihni ko‘rdim. Uning qo‘lida Deklaratsiyaning uchta varianti bor ekan. Shirinqulov, Mirsaidovlar kelishdi. Ular ham Deklaratsiya haqida…
Sessiya kun tartibining muhokamasi boshlandi. Muhammad Solih va boshqalar Deklaratsiyani kun tartibiga kiritishga uzoq harakat qilishdi. Ibrohimovga Deklaratsiyaning 63 deputat imzo qo‘ygan uchta variantini berishdi. Bo‘lmadi.
18 iyun, 1990 y., seshanba.
Oliy Kengash, soat 11:00, Erkin Jo‘raev qo‘mita raisi o‘rinbosari. Mulk qonuni ustida ish boshlandi. Muhammad Solih fikrlarini nazarda tutib, 25 moddaning 5- va 7bandlari olib tashlandi. Bu bandlarda Ittifoqning mulki qayd qilingan edi. Boshqa o‘zgarishlar kiritilmadi. Men ketdim. Yana hammaning ishonchi komilki, qonun o‘tadi…
Tungi soat ikkigacha televidenie orqali sessiyani ko‘rsatishdi. Nihoyat, oxirida aytildi: “62 deputat Sh.R.Mirsaidovga Deklaratsiya masalasida murojaat qilishgan va ularni kichik zolga, Mirsaidov bilan suhbat qilishga taklif qilishgan.”
20 iyun, 1990 y., chorshanba.
Sessiya boshlanishiga yetib borolmadim. Soat 11:30 da telefon qilib bilsam, Deklaratsiya muhokama qilinayapti ekan. Demak, Muhammad Solih, Shirinqulov va boshqalar niyatlarini amalga oshirishibdi. Oliy Kengashga yetib borganimda, Deklaratsiya qabul qilinishi munosabati bilan qarsaklar bo‘layotgan ekan. Nima qilish kerak? 70 ta olim imzo qo‘ygan Deklaratsiyaning variantini Shirinqulov orqali berishga to‘g‘ri keldi. Mirsaidov boshchiligida gruppa tuzilibdi… So‘ng, “Yer” haqidagi qonun muhokama qilindi. Uni akademik V.Q.Qobulov kiritgan bitta tuzatish bilan qabul qilishdi. Shunisiga ham rahmat.
26 iyun, 1990 y., seshanba.15:00
– Muhammad Solih keldi. Qanday jang qilib, Deklaratsiyani o‘tkazganini gapirib berdi. Miting qilish po‘pisasi bilan uni nashr qildirgan. Kontseptsiya ustida ishlaymiz. Qudrat Do‘stmuhammad».
Pastda 1990 yil 19 iyunda Muhammad Solihning «Mulk haqda» qonunga o‘zgartirish talab qilgan chiqishidan parcha «Sovet O‘zbekistoni» gazetasi 20 iyun soni:
Mening bu nutqimni eshitganlar ichida, besh-olti Erkchidan tashqari, bitta ham Allohning quli chiqib olqishlamadi. Ularga hali yetib bormagandi g‘oya.
«Mulkchilik» mavzusini minbarda turib, bir zumda «siyosiy mustaqillik» mavzusiga aylantirish bir oliftalik emasdi.
Bu yillar davomida shuurimizga ishlangan bir g‘oyani reallikka aylantirish imkonini boy bermaslik uchun bir chirpinish edi. Chunki «Mustaqillik Deklaratsiyasi» qabul qilinishga 24 soat qolganda ham deputatlarning ko‘pchiligi mustaqillik haqda ochiq gapiradigan pozitsiyaga kela olmagan edi.
Ammo shu ikki «kritik» kun ichida bu pozitsiyaga kelishdi. Avval ikki-uch, keyin birdan juda ko‘p deputatlar «kelishdi». Tarixda ba'zan 24 soat ichida juda ko‘p narsa o‘zgarishi mumkin. 24 soat ichida bir millat mustaqilligini qozonishi mumkin, agar kerak bo‘lsa. Kerak bo‘lsa, albatta.
O‘zbekiston Parlamentida 1990 yil 20 iyun kuni, «Mustaqillik Deklaratsiyasi» qabul qilingandan keyingi nutqim:
“Hurmatli millatvakillari,
Allohga ming karra shukr bo‘lsin, biz ham bu muborak kunga qovushdik.
Bugun biz xalqimizning yuz yillik orzusi bo‘lgan milliy mustaqillik ostonasida turibmiz.
Kunduzlar xayollarimizda, kechalar ro‘yolarimizda ko‘rgan istaklarimiz haqiqatga aylanmoqda.
Bugun bizning bobolarimiz Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Alisher Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur va Amir Temurning ruhlari shod bo‘lajakdir.
Bugun milliy istiqlol sarchashmalari Madamin Bek, Sher Muhammad Bek, Cho‘lpon, Mustafo Cho‘qay kabi shaxsiyatlarning tilaklari ruyobga chiqayapti.
Bu muqaddas onni, bu xushbaxtlikni yashamoq siz bilan bizning qismatimizga tushdi. O‘nlarcha naslning ko‘rmasdan o‘tib ketgani bu marosim bizga nasib bo‘ldi.
Endi biz bunga loyiq bo‘lsak yetar!
Bu mustaqillikni qo‘llab-quvvatlasak – yetar!
Shubhasiz, bizga qiyin bo‘lajak.
Buni unutmasligimiz kerak.
O‘zbekiston yiqilgan Sovet Imperiyasining bir parchasidir. Bu parcha, ya'ni bizning vatanimiz, dunyo hamjimiyati ichida mustaqil bir borliq sifatida shakllanganga qadar bizga oson bo‘lmayajak. Har turli bosimlarning bo‘lishi muqarrar. Har turli hiylalar bo‘lishi mumkin.
Bosim va hiylalar iqtisodiyotda, siyosatda ham o‘rtaga chiqishi mumkin. Bu to‘siqlarga qarshi mujodalaga biz ruhan va jisman hozir bo‘lishimiz kerak.
Bugungacha to‘xtamasdan qo‘llanilib, qiymatini yitirayotgan bir kalima, «yordamlashma» degan bir so‘z bor. Bu so‘z bugun mutlaqo bir yangi ma'no tashiy boshladi. Biz uchun yordamlashma va uyg‘unlik bugun har zamongidan ko‘proq kerakdir. Bunga har zamongidan ko‘proq muhtojmiz.
Bu jafokash vatanimizning mustaqilligini qabul etgan va uni qo‘llagan har qanday millat, har qanday jamiyatni qardoshimiz kabi bag‘rimizga bosishimiz kerak. Toki oramizda ayrim-chilik, o‘gaylik bo‘lmasin!
Toki bu ayrimchilikni bahona etib, hurriyatimizga xuruj etmasinlar.
Bu kunga yetishishimizga, yuz yillarcha millat bo‘lishimizga to‘siq bo‘lib kelgan chirkin odatimiz mahalliychilikdan qutulishimiz kerak.
Xalqimiz ichidan chiqqan har qanday kerakli insonni avaylab-asramasak, unga yul ochmasak, biz hech qachon ilgarilay olmaymiz.
Menimcha bu narsalar, mustaqillikning o‘tish davrini yashayotgan har bir millat uchun muhimdir.
Bugun mustaqillikni e'lon etarkan, yana bir muhim narsani yodga olmasak bo‘lmas: Biz totalitar va mustabid rejimdan demokratik, yangi qurilishga kechmoqchimiz. Ammo eski tizim shakli O‘zbekistonda hali xam yashayapti. Yangi qurilish eski tizimda yashay olmaydi!
Men kommunist arboblarga murojaat emoq istayman: azizlar, ideologik g‘avg‘olarni to‘xtataylik, tarixiy haqiqatni qabul etaylik!
O‘lgan bir narsani tiriltirmak mumkin emas!
Kommunist partiyasi bu kungacha davlat partiyasi edi, uni bu shaklda yana davom ettirmak tarixiy sharoitga qarshi turmoqdir.
Agar kommmunist partiyasi yashamoq istasa, u ham boshqa partiyalar qatoriga qo‘shilishi kerak.
Yakkahokimlik davri o‘tdi.
Butun huquqiy idoralar, faqat san'at, adabiyot tashkilotlarigina emas, butun davlat muassasalari, ish yerlari ham kompartiya yacheykalaridan qutulishlari kerak.
Agar kommunistlar bunga jasorat etmasa, bizning mus-taqil davlatimiz G‘arbda ham, bizga umid bilan boqayotgan Sharqda ham hurmat qozona olmaydi.
Chunki kommunist ideologiyasi G‘arbda bo‘lgani kabi, Sharqda ham o‘z nufuzini yo‘qotdi.
Shu ma'noda, men ziyolilar nomidan, jumhuriyatimizdagi erkin fikrli insonlar nomidan hurmatli prezidentimizga murojaat qilmoqchiman: Kommunist Partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Kotibligini boshqa birovga topshiring. Sizning ishingiz ko‘p, bundan keyin yana ham ko‘p bo‘ladi. Chunki endi mustaqil davlat bo‘lib, mustaqil siyosat yuritajakmiz. Shuningdek, bizning istagimiz bu mustaqil davlatda haqiqiy ma'noda hur fikrlilik bo‘lsin. Qog‘ozda emas, so‘zda emas, haqiqatda bo‘lsin.
Chunki so‘z ozod bo‘lmasa, jamiyat ham ozod bo‘lmaydi.
Biz istardik-ki, matbuot vositalari erkin bo‘lsin. Chunki ular ozod bo‘lmasa, bizning tushunchamiz ham ozod bo‘la olmay-di.
Biz istardik-ki, qurayotganimiz mustaqil davlatda namoyishlar erkinligi bo‘lsin. Chunki bu erkinlik bo‘lmasa, xalq o‘z ozodligini himoya qilish yullarini hech qachon o‘rgana olmaydi.
Biz yana shuni istardik-ki, bu davlatda shaxs ozodligi bo‘lsin. Chunki shaxs ozod bo‘lmasa, millat ozod bo‘lmaydi. Millat ozod bo‘lmasa, bugun biz qovushayotgan davlat mustaqilligi bizga aslo yaxshilik keltirmaydi.
Bugun yana bir muhim voqeani ko‘rishimiz kerak. Biz bugun O‘zbekistonning milliy bayrog‘ini muhokama qilaylik.
Bu bayroq qanday bo‘lishi kerak?
Bugunlarda Boltiq jumhuriyatlari, Ozarbayjon jumhuriyati ham o‘z milliy bayroqlarini ko‘tardilar.
Bilasiz, bizda ham 29 noyabr 1917 yilda Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan Turkiston Qurultoyida mustaqil Turkiston Xalq Jumhuriyati qurilib, uning bayrog‘i ta'sis etilgandi.
Bu bayroqni yangidan qabul etmak bizning avlodlik burchimizdir.
Chunki u bayroqda bobolarimizning shoni va qoni bor.
U bayroq bizning kechmishimizdan xabar bergani kabi, bu kunimizni ham belgilayajakdir.
Bu bayroqdagi ranglarning ma'nosi shudir:
To‘q qizil rang. Bu qadim bobolarimiz qurgan davlatlarning bayrog‘idagi rangdir.
Ol rang. Bu qipchoqlar va o‘g‘uzlar qurgan davlatlarning bayroqlari rangidir. Bobolarimiz musulmonlikni qabul etgandan so‘ng ham bu qirmizi rang bayroqlarida saqlangan.
Oq rang. Bu o‘rta asrlarda hukm surgan hukmdorlarimiz davlatlarining rangidir.
Turkiston milliy bayrog‘ining moviy hoshiyasi esa islomiyatdan avvalgi milliy inonchimiz ramzidir. U davrlarda millatimiz moviyni ilohiy rang sifatida ko‘rardi.
Bayroqning markazidagi oq hilol va yulduz shakllari islom qabul etilgandan so‘ng qurilgan butun davlatlarimiz bayrog‘ida mavjuddir. Bu dunyo va inson xushbaxt birligining ramzidir”…
«Mustaqillik Deklaratsiyasi»ning Sovet O‘zbekistoni parlamentida qabul ettirilishi Tiranish Harakati erishgan yutuqlarning eng buyugi edi.
Afsuski, taklif etganim bayroq mavzusi Parlamentda muhokama etilmadi. Bir muddat so‘ngra Karimovning maslahatchilari taklif etgan na tarixiy, na-da milliy qiymati bo‘lgan uydirma bir bayroqni qabul etishdi. O‘zbek millati hali ham o‘sha bayroq ostida yashayapti.
Lekin «Mustaqillik Deklaratsiyasi»ning Sovet O‘zbekistoni parlamentida qabul etilishi buyuk tarixiy voqea edi. Ayni zamonda bu Tiranish Harakatimiz erishgan yutuqlarning eng buyugi edi.
(Davomi bor)
