Asosiy mavzular
28 december 2025

Vodiyda o‘lish taqiqlangan – 10 qism

Muhammad Solih

SAYLOV

Oktyabr oyining oxirida Karimov O‘zbekistonda prezident saylovi bo‘lishini e'lon kildi.

Saylov 1991 yil 29 dekabr kuniga belgilandi.

“ERK” partiyasi Islom Karimovga qarshi muxolifat nomzodi o‘laroq kaminani ko‘rsatdi.

Saylovdan bir oy oldin, 30 noyabr kuni Islom Karimov menga maslhatchisi Shahobiddin Ziyomovni yubordi.

Ziyomov «13 dekabrda Turkiya ziyoratiga boradigan O‘zbekiston davlati delegatsiyasiga muxolifat lideri sifatida siz ham ro‘yxatdasiz. “Katta” shaxsan sizdan iltimos qildi bu delegatsiyaga kirishingizni. Eng yuqori saviyada qabul bo‘lar ekan. Pasportingizni olishga keldim, zudlik bilan Moskvaga jo‘natishimiz kerak viza qo‘ydirish uchun», dedi.

 Hech bir gumonsiz va shubhasiz diplomatik pasportimni Ziyomovga berdim.

Ikki kun o‘tib, G‘afur G‘ulom nashriyotida ishlaydigan bir do‘stimiz Prezident yordamchisi mening o‘zbekchaga o‘girganim turk mutassavuf shoiri Yunus Emra devonini so‘rab oldirganini aytdi.

«Prezident Turkiyaga ketayotgan ekan, Yunus Emra kitobini Turk prezidentiga hadya etmoqchi ekan do‘stlik ramzi sifatida», dedi.

Pasportni olib kelgan kishi asos gapni aytdi: «Saylov oldidan Prezident siz bilan uchoqda batafsil bir suhbat qilmoqchi. To‘rt soatdan ko‘proq vaqt bor ekan. Hammasi yaxshi bo‘ladi, hali ko‘rasiz», dedi. «Suhbat qaysi mavzuda», deb so‘radim. «Harholda saylov haqida bo‘lsa kerak» dedi Ziyomov.

Men hammasini tushungandim.

Karimov men endigina Prezidentlikka nomzodimni qo‘ygan kunimda uch kun o‘tmay xorazmlik Abdulla Iskandarni yuborib, «Nomzodingizni qaytib olsangiz Islom aka hukumatda qaysi lavozimni istasangiz beradi» qabilida qo‘pol bir taklifini rad etgandim. Avvalroq ayni taklifning nazokatli shaklini «maslahat» bergan hurmatli shoirimiz Erkin Vohidga ham rad javobini bergandim. Demak bu raddiyalar kor qilmagandi Karimovga.

Xullas, Turkiyaga bormaslikka, uchoqda Karimov bilan soatlarcha suhbatlashmaslikka qaror berdim.

1991 yilning 11 dekabrida Prezident saroyidan «safarga tayyor turing, erta falon soatda mashina sizni oladi» deb telefon qilishganda men ularga «Safarga bormayman», dedim.

 Darrov Ziyomov telefon qildi va yolvorish ohangida «iltimos, bunday qilmang, hamma narsa yaxshi tayyorlandi», deb ancha gaplar gapirdi. Men qarorimni o‘zgartirmasligimni aytdim: «Men hukumatga muxolif o‘laroq hukumat delegatsiyasida ishtirok eta olmayman, xafa bo‘lmang,» dedim unga. Shunday qilib, Karimov men bilan kelisha olmadi. Ammo Yunus Emra devonini turk Prezidentiga hadya qilganining xabarini oldim.

Ana shu voqeadan keyin saylovgacha Karimov TV dagi chiqishlarida kaminani «mening raqibim» emas, «mening dushmanim» deb atay boshladi. Karimov shunaqa samimiy diktator edi.

Bu orada Moskvadan Turk vizasi qo‘yilgan pasport ham keldi.

SAYLOV NATIJALARI SOXTALAShTIRILDI

Saylov Komissiyasi nomzodimni rasman qabul qilishiga qaramasdan, Karimov davlatdan ajratilgan mablag‘ni hech bir sababsiz bizga bermadi.

ERK partiyasi bisotida 65 ming dollar pul bor edi. Shu arzimas mablag‘ bilan saylovga kirdik. Va bu saylovda biz yengdik.

Ammo saylov natijalari ochiqchasiga soxtalashtirildi. Saylov natijalarida saylovning g‘olibi – «mag‘lub», mag‘lubi esa «g‘olib» e'lon qilindi.

Saylov kampaniyasida davlat resurslarini qo‘llanib, «ERK» partiyasi nomzodiga qonun bo‘yicha ajratilgan mablag‘ni sohibiga bermagan Karimov to‘dasi Markaziy Saylov Komissiyasini ham to‘la egallab olgandi.

Lekin bu komissiya a'zolarining ba'zilari saylov g‘olibining Muhammad Solih ekanligini o‘sha paytdayoq e'tirof etishdi.

Asl haqiqatni bilgan Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Qudrat Ahmedov saylovdan ko‘p o‘tmay o‘ldirildi.

Keyinroq Ahmedovning yordamchisi ham o‘ldirildi.

KUZATUVChILAR

Ochiq e'tirof etish kerak, chet ellik kuzatuvchilar O‘zbekistonda ilk bo‘layotgan bu tarixiy Prezidentlik saylovini nihoyatda passiv «kuzatdilar». Balki endigina mustaqilligiga erishgan bir davlatdan darrov erkin saylov talab qilsak, odobsizlik bo‘lmasin, deya bu pozitsiyani tanladilar.

Indiana Universiteti tadqiqotchisi yozishiga ko‘ra, G‘arblik kuzatuvchilarning bu saylov haqidagi xulosasi shunday shaklda bo‘lgan: «O‘zbek saylovchisi Muhammad Solihning radikal programmasini qabul etmasdan Islom Karimovning mo‘'tadil dasturini tarjih etdilar«.

Keyinchalik, kuzatuvchilarning bu raporti Islom Karimovga juda qo‘l keldi. Saylovning ochiqcha soxtalishtirilganini hech kim taftish etmasligini anglab, bu jinoyatining izlarini yo‘qotishga kirishdi.

G‘arblik kuzatuvchilardan birining shaxsan menga aytilgan shu gapini hech unutmayman: «Sizda sobiq SSSRning ba'zi bo‘lgalaridagi kabi fuqorolar urushi ketayotgani yo‘k, saylov bo‘layapti, bunga shukr qilish kerak» degandi u.

Tabiiyki, bu munosabat G‘arbga juda ishongan biz kabi sodda, yosh siyosatchilarda manfiy iz qoldirdi.

Bizning Amerikalik senatorga qop-qop soxta byulletenlarni namoyish qilib, saylovni qayta o‘tkazishga baynalmilal platformada huquqiy yordam so‘raganimizda ularning horg‘in yuz ifodalarini ko‘rib, bu chorasizlikdan tushkunlikka tushganimiz esimda.

TYeLYeGRAMMA XUSUSIDA

«Saylovdan keyin Muhammad Solih saylovni yutgani bilan tabriklab telegramma yubordi» degan xurofo yuradi omma ichida.

Bunga ham aniqlik kiritib ketishim kerak, chunki hariflar buni meni qoralash kampaniyasida ko‘p qo‘llanadilar.

Prezidentlik saylovida nomzodlarga berilgan ovozlar rasman e'lon kilingandan so‘ngra bizning qo‘shnimiz Miraziz A'zam kelib, «endi Karimovga Yozuvchilar Uyushmasidan sizning nomingizdan bir qutlov telegrammasi yuborsak yaxshi bo‘ladi, G‘arbda butun siyosatchilar saylovda g‘olib kelgan raqibini qutlaydi, bu mardlik bo‘ladi», dedi.

Miraziz samimiy va yaxshi niyatli inson edi. Ammo saylovning to‘la soxtalashtirilganini ko‘rib turib, men bunday «mardlik» qilaolmasligimni aytdim. Telegramma yubormaymiz, dedim.

Lekin bir necha kun so‘ngra Karimovning mening «tabrik» telegrammamni ko‘rsatib maqtanib yurganini aytishdi.

Miraziz akadan xafa bo‘lib, nega bunday qildingiz, desam, Miraziz aka «ukam Mirvali Uyushmadan jo‘natib yuboribdi. Unga sizning telgrammaga qarshi ekaningizni vaqtida aytolmadim, uzr», dedi.

Bo‘lar ish bo‘lgandi. Buni dasturxon qilib janjal qilish bizga yarashmasdi.

Ba'zilar «bu saroydan uyushtirildi», deyishdi. Men unday deb o‘ylamayman, Miraziz aka yaxshi niyatli inson. Bu ishni maxsus qilganiga ishonmayman.

Alloh hammamizni niyatimizga ko‘ra mukofotlantirsin.

TARIXIY IFShO

Bu soxta saylovdan 30 yil o‘tib, 2021 yil 27 yanvarda «Ozodlik» radiosidan jurnalist Sharof Ubaydullaev 1991 yil Prezidentlik saylovlarida Muhammad Solih g‘alaba qozonganini dunyoga rasman e'lon kildi.

Sharof Ubaydullaev 1991 yilda Karimovga eng yaqin kishilardan bo‘lib, uning matbuot kotibi lavozimida ishlagan kishi. U «Saylovni ichkaridan kuzatgan odam sifatida aytamanki, Muhammad Solih bu saylovni to‘la yutdi«, deya tarixiy bir bayonot berdi.

(davomi bor)

Tag‘in o‘qing
2 march 2021
Bir og‘aynim qo‘qqisdan men haqimda daholarcha bashorat qilib bunday deb qoldi: Kerak bo‘lsa, ming foiz kafolat beramanki, seni yurtimizda ...
18 april 2024
Stokgolm shahrida Shvetsiyaning “Solidariska byggare” (Quruvchilar birdamligi) kasaba uyushmasi o‘zbek mehnat muhojirlari uchun doimiy uchrashuvlar tashkil qilmoqda. Bu uchrashuvlardan ...
4 april 2023
1914 yilning 4 aprelida Toshkentda hunarmand oilasidan chiqqan Ubaydulla Xo‘jaev (Ubaydulla Asadullaxo‘jaev) «Sadoi Turkiston» gazetasini tashkil etdi. Bu gazeta ...
1 november 2015
Camarqandda Kerri va Karimovga inson huquqlari bo‘yicha savol bergan g‘arblik jurnalistlarni zaldan quvib chiqarishdi. Rassom: Tuz Eltuz.com
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...