Catira
4 december 2025

To‘riqqa yo‘riq kerak

(hajviya)

Boylar “Kambag‘allik qursin, qachongacha tomi yo‘q moshinu, dunyoni boshqaradigan telefon ishlataman” deb noliyotgan zamonda, peshtaxtaga “haydovchi, oq yo‘l” deb yozib yo‘llar kovlangan zamonda, tankni boshi chir aylangan, zaporajni ichagi chappa joylashgan zamonda ham pishakka pisht, tovuqqa kisht desang nari ketadi. 

Ulovning yo‘rig‘i boshqa, uni ustiga minib boshqarasan. Eshakka xix deysan, otga chu deysan, tuyaga halla deb angarni aylanib kelasan. Eshak minsang qo‘lingda xalacho‘p, ot minsang qamchi, tuya minsang bosqo‘p bo‘ladi. Moshin minsang qo‘lingda yo‘riq kerak. Yo‘riqsiz moshin minib bo‘la-ma?! Yo‘riqsiz aspalga chiqib bo‘la-ma?!

Yo‘riq halokatdan asramaydi, gayidan asraydi. Mana kecha  Sirdaryo yo‘lida o‘ttizdan oshiq moshin bir-biri bilan to‘qnashdi. Shopirlarni hammasini qo‘lida piravasi bor, yo‘rig‘i bor. Baribir to‘qnashdi. Pirava halokatdan asraydi deb yolg‘on aytarlar  pirava ustida soqqa qilayotgan  ko‘rinmas qotillardir. 

Har kun G‘azo urushida qancha bola, ayol, erkak o‘layapti bilmayman. Ukraina urushida har kun qancha o‘layapti bilmayman. Har kun bo‘mba tushmayotgani aniq. Ammo O‘zbekistonda har kun avariyadan urushda o‘layotganlardan ko‘proq o‘layotgan odamlar borligini taxmin qilaman. Uch yilda tojvirusdan qancha odam o‘ldi bilmayman, lekin avariyada sog‘lom odamlar ham o‘layotgani aniq. Jamiyatga xavfli deb spidga chalingan fohishalar avariyada atay o‘lmaydi. Sog‘lom odamlar o‘ladi.

Birgina o‘tgan yilini o‘zida polis tomonidan o‘n mingga yaqin avariya daftarga yozib qo‘yilgan. Pishakni urib ketgan, eshakni urib ketgan, odamni urib ketgan, qayd qilinmaganlaridan tashqari shuncha halokat. Bu avariyalarning hammasidan odam sog‘ chiqqan degan joyi yo‘q. O‘limlar ham bir talay.  Bir yilda chaqaloqdan tortib kampirgacha – 3000 ming kishiga yaqini moshin qotilligi tufayli o‘lgan. To‘qqiz mingga yaqini jiddiy jarahotlangan. Qanchasi mayib-majruh.

To‘g‘ri, hamma mamlakatlarda ham avariyalar bor. Biroq hamma davlatda ham yo‘riq olish uchun bizni jamiyat qadar kurash yo‘q. Prava olish uchun qancha kurash ko‘p ekan, shunga qarab avariya yo‘q hisobi bo‘lishi shartda!  Aspiranturaga kirish uchun buncha jiddu jahd yo‘q.

Yo‘lga yo‘riq olish uchun jiddu jahd qilgan, azmi qaror qilganlardan biri “Qarsak” gazetasida ishlaydigan Yevriyvachchani yaxshi bilaman. Kunlardan bir kun “Amerikaga ketaman” deb qoldi. Oyligi yaxshi, shaharni o‘rtasida uy-joyi bor, moshin va xotin olishga puli bor. Hayron bo‘lib:

– Nima uchun? – dedim.

– Prava olishga! – dedi.

– …

  • Murod degan kursdoshim Amerikada prava olibdi, prava olish oson ekan – dedi.

Shunaqa! Tuzilma rasvo, jamiyat itbaliqni ko‘lmagida qolgan jamiyat. Oliy ma'lumotli odamlar ham, O‘zbekistonga foydasi tegadigan miyalar ham chetga ketib qora ishchi bo‘lib ishlashni afzal ko‘radi. Kim sababchi? Albatta nafsi och haromxo‘rlar sababchi. Prezident bilan xalqni o‘rtasida panjaraday turgan korruptsiyaner, poraxo‘r, tamagirlar sababchi. Vatanni ildiziga tushgan qurtlar sababchi. Vatanni yeb yana vatanni nomidan so‘zlovchilar sababchi. O, ona O‘zbekiston! O, bitta pravachalik qadrsiz odamlar! O…o..o..

– Qo‘y, ona yurtimizdan ol, shu piravani! Ona yurtim piravasi deb qo‘shiq aytamiz keyin, – dedim.

– O‘n martalar imtihon topshirdim, testdan o‘tolmadim. Har oy oyligimdan bir milyon ikki yuz ming pirava uchun ajratish malol kelib qoldi. Shu pulni yig‘sam Amerikaga yo‘lkira bo‘lardi, – dedi…

– Hm…to‘g‘ri.

– Kompyutiridan 20 minut foydalanganim uchun bir milyon ikki yuz ming so‘m. Noinsoflik. Mana o‘zimni noutmugimni olib borib foydalansam bo‘ladi-ku. Nimaga asoslanib bir milyon ikki yuz ming degan test narxini?

– Bilmasam…

O‘ylab qolaman. Nimadir xato. Oliy ma'lumotli. Og‘ir-bosiq yigit. Moshinni uchirib haydamaydi. Ism – familyasini yozishda xato qilmaydi. Qonun – qoida asosida yashaydi. Biroq moshinni uchirib haydaydiganlar, so‘zni o‘qiy olmaydiganlar, bosar-tusarini bilmaganlar imtihondan o‘tib pirava olib bir kunda bitta pishak va bitta odamni urib ketib bemalol yuribdi. 

Bu yigit esa o‘zini o‘ldirsa o‘ldiradi, lekin birovni moshinda urib ketib o‘ldiradigan odam emas. Nimaga bu pirava ololmaydi. Yo pirava sotib olishga puli yo‘qmi? Pirava sotilmayapti deb kim aytdi?  O‘n qadamda bir harom jamiyatda hamma narsani sotib olsa bo‘ladi. Bu jamiyatda harom yo‘q deb kim aytdi? Nashavand, fohisha, o‘g‘ri, tilanchi, qul, qimorboz ko‘p bo‘lsa qaysidir mamlakatda, uning eli qashshoqdir. Nafaqat pirava, nomus ham sotiladi men muqaddas deb bilgan shu tuproqda. Odamlar sudxo‘rlik ortidan topgan pulidan ehson qutiga qo‘yib jannatdan yer kadastr qilib olyapti. Hatto dinni qurol qilib savobni sotib olyapti. Makkaga xurmo ekib danagini sotib foyda qilishni o‘ylayapti. Yana Xudo deb kalimalar qaytarib qo‘yayotgan dam, raislari yashirib taxta sotgan dam, hokimlari “lubbo‘y peznes xarasha” degan dam piravani ham sotib olsa bo‘ladi. Pravani narxi o‘qish va imtihon narxlariga qarab o‘sib boradi. Eshitishimcha, testdan o‘tkazish ming do‘llirga chiqqan hozirgi kunda. Piravani narxi demak juda ko‘tarilib ketgan. Topish qiyin shekilli. 

Yevreyvachcha yo piravani sotib ololmaydimi? Tanishi yo‘qmi yo. Yo‘q. U halol! Boshqa ishlarda chapga yurishi mumkinu ammo davlat, vatan degan joyida u halol! Piravani imtihondan o‘zi o‘tib halol olmoqchi edi. Bo‘lmadi. Rosa test yodladi. Shu testlarni yodlaguncha ingliz tilini o‘rganganda ayilts olardi. Jizzaxga bordi, Karmanaga bordi, To‘ytepaga bordi imtihon uchun. Har borganda bir milyondan shaqillatib sanadi. Borib kelish yo‘lkirasi-chi, yeb-ichishi-chi? Eh-e… Davlatdan olgan oyligini yana davlatga topshirish bilan andarmon ikki yildan buyon. O‘n ikkita viloyatga borib ko‘rdi. Xuddi boshqa viloyatda Toshkentdagi test savollari o‘zgarib qoladiganday. Endi Amerikaga borib pirava olmoqchi.

Bu yigitga o‘xshaganlar kam emas. O‘zbekistonda yengil moshinga yo‘riq ololmagan minglab o‘zbeklar Amerikada trak, kamaz, kraz, kema, samalit haydab yuribdi. Yengil moshin nari tursin o‘shalarga yo‘riq olyapti. Umar degan kuyov pirava ololmay Amerikaga ketgan edi, hozir avtopark boshqaryapti. Marhabo degan ijodkor qiz O‘zbekistondan pirava ololmagan edi. Amerikadan pirava olib tirak haydab yuribdi. Imtihondan o‘tib pirava olish qiyin davrlar edi u paytlar ham. Chunki pirava sotilardi u paytlar. Sotib olishga vijdoni yo‘l qo‘ymagan odamlar o‘shalar. Amerikada sotib olgan deb o‘ylaysilarmi? Yo‘q. Imtihonga kirayotganini menga dumaloq video qilib tashlagan. Imtihondan o‘tib olgan!

Amerikada moshin haydash uchun yo‘riq narxi turli ishtatlarda turlicha. 30 do‘llirdan eng baland 70 do‘llirgacha. Go‘gil aytdi.  (Yo‘riq (lisenze, ulov haydash huquqi) + ro‘l imtihoni, amaliyot (aplekeshn)+test, (kompyutir imtihoni). Hammasi shu narx ichida.  Tirak haydaydigan Toir ( qora ishchi ) oyiga 12 ming do‘llir yuboradi. Yeb-ichgandan tashqari. Bu degani 15 000 000 so‘m o‘zbaki so‘mda. 40 do‘lliri bir oylikdan piravaga ajratsa necha foiz ajratgan bo‘ladi?  Taxminan 6 foiz. Odam oyligiga deyarli bezarar so‘mma. 

Bizda o‘rtacha ish haqi necha so‘m?  4 milyon deylik. Endi pirava narxini hisoblaymiz. 

Moshinmaktab 6 000 000 so‘m (o‘rtacha)

Test 1 000 000

Amaliyot  1 000 000

Hujjatlar 800 000

Yo‘riq chiqarish 270 000

Tib 150 000

Jami: 10 000 000 so‘mga borib qoladi.

Besh minglik yelim va chip, yozuv ketmaydigan pilastik qog‘oz 270 ming so‘m bo‘lgach, nimadir xato bu yerda.

4 milyon oylik bilan davlat ishida ishlaydigan odam butun umr pirava olmasligi kerakmi shunda?!

Pirava olib uyda bola chaqasi bilan och o‘tiradimi ikki oy. Gaz, suv, svet degan soliqlarni to‘lamaydimi? Qarzdorsiz pirava olganingiz uchun deb MIBdan bosadimi? Oylikni ellik foizi ham emas. Qachon to‘yadi bular? Bus-butun, keyingi oylikni ham qo‘sh-qo‘llab topshirishi kerakmi? Boyga bilinmaydi, yuqorida o‘tirgan basirlar xalqni hammasini boy deb o‘ylaydimi? Bir kambag‘al omadlottadan moshin yutdi. Kira qilaman deb o‘yladi. Pirava olish uchun pul ishlab kelay deb o‘risga mardikorchilikka ketdi. Hali tirigi ham o‘ligi ham qaytgani yo‘q. 

Amal-taqal qilib molbozordan qo‘y ortib kelib kun ko‘raman deb jiguli olgan biri bor. Pirava olishga moshinni sotsa ham puli yetmaydi. Men aytadigan bu qashshoq qatlamni avariya qiladi deb o‘ylaysilarmi? Bu bechoralar qimmat moshinlarni turtib qo‘yishdan qo‘rqadi. Pirava beradiganlarga davlatni oyligi yetmaydimi? Buncha pulni xalqni ustiga yuklashiga vijdon qiynalmaydimi? Birovga shopir bo‘lib ishlasa ham avariya qilmaydigan odamlar yo‘riq olishga qiynaladi-yu, bosar-tusarini bilmaganlar bemalol yo‘riq oladi. Nimadir xato emasmi? 

Mayli test qiyin bo‘lsin, mayli amaliyot qiyin bo‘lsin. Narx-chi? O‘sha narx bo‘lmasa testdan bemalol o‘tadiganlar topilmaydimi? Topiladi. Toshkentdagi avtobuslarni ham madaniyat bilan haydaydigan shopirlar ko‘p xalq ichida…

Juda qiynalsa pirava berish huquqini maktablarga bersin. Maydonlarni maktablarga topshirsin. Bola mustaqil hayotga aslida maktabda tayyorlanadi. Insonning butun umrlik poydevori maktabda qo‘yiladi. Tank haydashni ham o‘rgansin kerak bo‘lsa… 

Maktabda ko‘cha harakati degan dars bo‘lardi. Hozir-bormi yo‘qmi bilmadim. 5-sinfdan o‘n birinchi sinfgacha piravaga o‘qisin 5 yil. Haftada bir kun, bir soat.  Qani birov qoida buzarmikan?! Yoshlikda olingan ilm toshga o‘yilgan naqshdir. 11 sinfda, 18 ga kirganda amaliyotga olib chiqsin. Imtihondan o‘tganiga attestatga qo‘shib pirava ham bersin.  Bitta attestatni ko‘tarib maktabdan to‘g‘ri o‘risga ishga ketmaydigan bo‘ladi. Hech qursa bitta hunarni o‘rganib chiqadi. Ikkita hujjat bilan chiqadi. Maktablarni holati bir hol. Mehnat darsida bolalar na dron yasashni o‘rganadi, na telefon yasashni o‘rganadi. 

Faqat ketmon dasta yasashni o‘rganib chiqayapti. Paxta chopiq qilishni o‘rganyapti. 11 sinfda hatto avtomatni ko‘rmagan, harbiy dars yo‘q. Vatanni qo‘riqlash nima ekanligini his qilmay chiqayotgan bolalarni qanchasi terrorchi bo‘layapti, qanchasi o‘ris armiyasiga borib xizmat qilayapti. Miltiqni ushlashni ulardan o‘rgangach, o‘zini vataniga ham miltiq o‘qtaladiganlar paydo bo‘ladi-da… Qizlar ham, o‘g‘illar ham pirava bilan maktabdan chiqsa yaxshi emasmi?! Baribir barchasi maktabni bitirgach pirava olish uchun pul ko‘tarib yuguradi. Otasini moshinini obqochadi, hujjatsiz haydaydi.  Yoshlik qiladi degan bahona bu joyda ketmaydi. Piravani ikki yildan keyin maktabdan olib ketasan desa ham bo‘ladi. Aslida 16 yoshli bola ruhan ham, jismonan ham mustaqil hayotga tayyor bo‘lgan bo‘ladi, yoshligi qolmagan bo‘ladi. Mustaqil fiklay olish darajasiga yetgan bo‘ladi…

Shunaqa o‘ylar bilan Yevriyvachchaga qarayman. U so‘raydi:

– Amerikani piravasi xalqaro pirava to‘g‘rimi? O‘zbekistonni piravasidan kuchlimi?

– Bilmasam. Men moshin haydamayman. Ro‘l, to‘rmiz-purmizni ko‘rsatsang, Amirikada o‘qimasam ham bemalol haydayman,- deyman.

U yana allanimalar deydi. Men latifa aytaman:

“Bir yigit moshin haydab ketayotsa, Gayi to‘xtatibdi:

— Hurmatli haydovchi, hujjatlaringizni taqdim etsangiz.

— Meni kimligimni bilasizmi? 

— Yo‘q, bilmayman. Hujjatlaringizni taqdim etsangiz… – debdi yana.

— Olamjonov degan odamni taniysizmi?! – debdi yigit.

— Ha, taniyman!

—  Men o‘shani o‘g‘li bo‘laman!

— Ie, Olamjonov menman-ku! Bu yoqqa tushchi o‘g‘lim. Nega seni avval hech ko‘rmaganman?! – dermish Gayi”

Yevriyvachcha miyig‘ida kuladi-yu Amerikaga ketish orzusidan qaytmaydi.

U jiddu jahd qilgan. Futboldan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi qatnashadi. Musobaqa Amerikada bo‘ladi. U bugundan futbol ko‘rmoqchi. Futbolga muxlis bo‘lmoqchi. Muxlis bo‘lib futbolchilarga qo‘shilgan holda Amerikaga ketmoqchi. Istadionga kirib olsa bo‘ldi. Hech kim uni topolmaydi. Samalitdan qolib ketadi. Keyin piravaga o‘qib O‘zbekistonga pirava bilan qaytmoqchi. O‘zbekistonda Amerikani piravasi o‘tadimi-yo‘qmi bilmayman. Qarib miyasi avvalgiday faoliyatdan to‘xtagan Tramp ham uni bu ishidan norozi bo‘lishi mumkin. Mahmadona chol ham inson qadrlanadigan Amerikada inson qadriga nisbatan qarovsizlik qila boshlagan. Yevreyvachcha juda aqlli, Meksika orqali ketsa siyosiy dushman deyishlari mumkin. Buni biladi. Qolaversa timsohlarga yem bo‘lishdan qo‘rqadi. Timsoh nari tursin kasratkidan ham qo‘rqadi.  Viza olish qiyin. Green kard o‘ynasa unga viza chiqmaydi. Viza chiqishi uchun u Samarqandlik bo‘lishi kerak. U o‘ylab-o‘ylab futbolchilarga qo‘shiling ketish qaroriga kelgan. Uning sizlarga savoli bor:

  • Amerika piravasi O‘zbekistonda o‘tadimi-yo‘qmi?

2.12.2025

Talant TOLYeRANT

Tag‘in o‘qing
17 april 2019
Prezident Shavkat Mirziyoevning mahalliy muqobillari mavjud import dorilarning davlat xaridlarini taqiqlash to‘g‘risidagi yaqinda qabul qilgan farmoni ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga ...
2 march 2017
1 mart kuni jurnalist Jamshid Karimov ruxiy hastaxonadan ozod qilindi. 49 yashar Jamshid o‘tgan yili o‘lgan O‘zbekiston prezidenti Islom ...
24 november 2016
Kasalxonadagi aëlning salomatligi haqidagi ma'lumotnoma Adana prokuraturasi oilaviy jinoyatlar bo‘limiga yetib borgach, eridan kaltak yegan o‘zbek aël shikoyatini Adana ...
1 december 2016
«Milliy tiklanish» gazetasi (30.11) shu nomdagi partiyadan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatilgan Sarvar Otamurodovning saylovoldi uchrashuvlari yakuniga bag‘ishlangan kattagina ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...