Asosiy mavzular
22 october 2025

Kreml tarafdorlarining O‘zbekiston havfsizligiga tahdidi

O‘zbekistonda Kreml siyosati tarafdorlarining ta'siri sezilarli darajada kuchamoqda. Ularning gap-so‘zlari Rossiya rahbariyatiga bo‘lgan shaxsiy simpatiya yoki Sovet Ittifoqiga nisbatan nostalgiya emas. .

Gap, aniq bir siyosiy yo‘nalishda harakatlanayotgan va milliy manfaatlar, xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan beshinchi kolonna haqida.

Imperiya sog‘inchi

Kremlga moyil ko‘plab fuqarolar  “SSSR tiklanishi»dan orzumand. Ular Brejnev davridagi 5-10 yil to‘qchilik (aslida turg‘unlik)ni butun SSSRning 70 yillik tarixiga xos deb o‘ylaydilar. 

Umumiy o‘tmish va sobiq buyuklik sharpasidan Moskva mohirona foydalanadi. Maqsad – Rossiya yana postsovet davlatlari hayotini belgilab berishi lozim degan g‘oyani singdirish.

Bu fikrlar blogerlar va faollar tomonidan ilgari surilmoqda, ular SSSRni «erkinlik, adolat, axloqiy yuksaklik va barqaror iqtisodiyot» namunasi sifatida targ‘ib qilmoqda. 

Blogerlar bilib-bilib aljirayotgan bu g‘oyalar O‘zbekistonning mustaqillikni mustahkamlash, milliy o‘zligini saqlash va zamonaviy davlat qurish sari qaratayotgan siyosiy kursga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zid keladi. SSSRga bo‘lgan nostalgiya aslida tashqi ta'sir vositasiga aylanib, mamlakatning madaniy, til va siyosiy modernizatsiyasini sustlashtirishga xizmat qilmoqda.

Ajablanarlisi shundaki, mustaqillik haqida gapirganlar millatchi deb tamg‘alanadi. O‘zbek tilini o‘rganish, mahalliy xalq bilan qorishish haqida so‘z ketsa, buni «millatchilik» yoki «natsizm» deb atashadi.

Kollaboratsionizm — yashirin tahdid

O‘zbeklar uchun hozir faqat bir urush, bir mazlum bor – Falastin. O‘zbekistonliklarning aksari Isroilning bosqinchilik harakatini keskin qoralaydi. Biroq ayni shu jamiyat boshqa bir zolim bosqichi, Rossiyani jon berib olqishlaydi.  

Ayrim o‘zbekistonliklarning Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzini yoqlab chiqishi, ularning o‘z vatani manfaatlaridan ko‘ra boshqa davlatning – Rossiyaning maqsadlarini ustun qo‘yayotganini ko‘rsatadi. Bu jamiyat birligini parchalab, ichki barqarorlikka tahdid tug‘diradi.

Bunday qarama-qarshiliklar ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda keskinlashgan — bir tomonda Rossiyaning imperialistik ta'sirini kengaytirishni qo‘llovchilar, ikkinchi tomonda esa milliy o‘zlik va suverenitetni himoya qiluvchilar.

Achinarlisi, ayrim etnik o‘zbeklar ham shu «sovet tuzumi»ga nostalgiya bilan qarab, shu tomon entikadi.

«Rus dunyosi» — o‘zbek milliy o‘zligiga qarshi

Kreml ideologiyasining asosiy g‘oyalaridan biri — «rus dunyosi» tushunchasi. U Rossiyaning madaniy va til ustuvorligini postsovet hududlariga qayta tiklashni ko‘zlaydi. Bu g‘oyaga ishonuvchilar uchun o‘zbek tilini o‘rganish shart emas, Moskva yana qayta hukmronlik qiladi baribir, sovet ittifoqi qayta tiklanadi degan qarashlar mutlaqo tabiiy.

Ammo bu ideologiya o‘zbek jamiyatining milliy til, madaniyat va urf-odatlarini saqlashga qaratilgan harakatlariga qarshi chiqadi. Kremlcha ritorikani qabul qilish milliy o‘zlikni sekin-asta yo‘q qiladi. Zotan oddiygina Davlat tilni bilmaslik — mahalliy tarix, madaniyat va jamiyatni bilmaslikka olib keladi.

Bunday kishilar o‘z mamlakatining tarixini Rossiya ritorikasi orqali bilishni ma'qul ko‘radi. O‘zbek tarixchilari tomonidan keltirilgan ma'lumotlar esa ular uchun «tarixni buzish» yoki «ajdodlar g‘alabasini haqorat qilish» hisoblanadi.

Axborot maydoni g‘oyaviy kurash maydoniga aylandi

O‘zbekiston axborot xavfsizligi va g‘oyaviy barqarorlik ahamiyatini anglab yetishi kerak. Bu aslo tsenzura emas. Bu — tanqidiy fikrlash, media savodxonlik va milliy g‘ururni rivojlantirish demak. Har bir fuqaro bilishi kerakki: vayron bo‘lgan imperiyaga sadoqat — o‘zlikdan voz kechish demak.

Kreml ritorikasining eng asosiy tarqatuvchi vositalaridan biri Rossiya telekanallari. Ko‘plab o‘zbekistonliklar hanuz shu kanallarni ko‘rib, voqealarni burmalangan tarzda qabul qilishmoqda.

Propaganda tajovuzni “ozodlik uchun kurash” deb ataydi, Rossiyaning kamchiliklarini aytish G‘arbga xizmat qilish bilan barobar, «Rossiya – katta og‘a, boshqa davlatlar – kichik yo‘ldosh» degan ohang hukmron.

Bunday kontentni muntazam ko‘rish, o‘zbek fuqarolarida kremlparast qarashlarini shakllantiradi. O‘z mamlakatiga nisbatan sog‘lom munosabat o‘rniga, Kremlni «asosiy yo‘lboshchi» sifatida qabul qilish holati yuzaga keladi.

Shu asnoda jamiyatda ideologik jarlik paydo bo‘ladi — bir tomonda mustaqillik tarafdorlari, ikkinchi tomonda esa boshqa davlat manfaatlarini yoqlab chiquvchilar.

Kremlga sadoqatning turli niqoblari

Kreml tarafdorlari O‘zbekistonda ko‘pincha “xalqlar do‘stligi” va “umumiy tarix” haqida gapirishadi. Biroq bu so‘zlar ortida boshqa ma'no yotibdi: o‘z yurtini boshqa davlatga bo‘ysundirishga tayyor holat va Rossiya harakatlarini oqlash tendentsiyasi.

Fuqaro sifatida O‘zbekiston pasportini ko‘tarib yurib, ruhan va ideologik jihatdan Moskvaga sadoqatli bo‘lish — milliy birlikni zaiflashtirib, xavfsizlikka tahdid soladi.

Achinarlisi shundaki, O‘zbekiston Rossiyaning ichki pasportlarini rasman qabul qilish orqali o‘z hududida Kreml suverenitetini e'tirof etib qo‘yayotgandek bo‘ldi.

Rossiya uchun qon to‘kayotgan o‘zbeklar

O‘zbekiston g‘oyaviy kurashda, axborot jangida barcha imkoniyatlarni boy berib bo‘ldi. Hukumat Kino, san'at va televidenie, milliy onlayn kontentni moliyalashtirmadi, bu borada rasmiyatchilik va byurokratiya hukmron bo‘ldi. Natijada, aholining aksari arablarga havasmand. Qolgani esa kremlparastlik kayfiyatida. Ular verbovkaga, ya'ni boshqa davlat urushida qatnashishga moyil bo‘lib qolishmoqda. Rossiya propagandasi ta'sirida ayrimlar Ukraina frontiga borishga rozi bo‘lyapti — ular bundan o‘zi ham bexabar holda o‘z mamlakat manfaatlariga zid ish qilmoqda.

Ukraina ommaviy axborot vositalari ma'lumotiga ko‘ra, 1110 dan ortiq o‘zbek fuqarosi urush uchun verbovka qilingan. O‘zbekistonda esa faqat bir necha kishi “yollanma jangchi” moddasi bilan sud qilindi. Ularga berilgan jazo ham ko‘p holatda yengillashtirilgan.

Bunday harakatlarni oqlash — vatanga ma'naviy xiyonat. Chunki boshqa davlat urushida qatnashishni qo‘llab-quvvatlash — O‘zbekistonning betaraflik tamoyiliga va inson hayoti qadriga qarshi chiqish demakdir.

Bugungi dunyoda milliy xavfsizlik faqat qurol bilan emas, balki ong va tafakkur tiniqligi bilan o‘lchanadi. Agar jamiyatning bir qismi boshqa davlat ta'sirida yashasa, ularning axborotiga ishonsa va ularning manfaatini himoya qilsa — bu shunchaki axborot muammosi emas, davlat suverenitetiga tahdid.

O‘zbekiston  o‘z axborot maydonini, madaniyatini va ta'lim tizimini mustahkamlashi kerak. Shundagina fuqarolar dunyoga Kreml tirqichidan emas o‘z derazasidan qaraydi.

Alisher Taksanov

Jamiyatshunos, sobiq diplomat

Tag‘in o‘qing
4 december 2015
(XMT) Xalqaro mehnat tashkiloti paxta yig‘im terimida bolalar va majburiy mehnatdan foydalanishga oid monitoring natijalarini e'lon qildi. XMT ekspertlari: ...
21 june 2025
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidovning davlatdan yashirgan sirlari xalqaro maydonda fosh bo‘ldi. 2025 yil 2 iyun kunidan ...
3 april 2019
Bu 1973 yil 3 aprelda Nyu-Yorkda, hayrat bilan qarab turgan odamlar ko‘z o‘ngida ro‘y berdi. Motorola shirkati xodimi Martin ...
12 june 2017
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev, aftidan, tozalikni juda yaxshi ko‘radi. Uning qaerga borishi ma'lum bo‘lsa, o‘sha joy ulkan obodonlashtirish maskaniga aylanishi, ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...