Xitoy poezdi: Iqtisodiy yuksalishmi yoki qaramlik?
2026 yilning ilk kunlarida Xitoydan O‘zbekistonga kirib kelgan 47 vagondan iborat yuk poezdi mamlakatning «mintaqaviy yuk yetkazuvchi xab» maqomini tasdiqladi. Biroq, rasmiy bayonotlar ortida oddiy xalq uchun qanday muammolar va Xitoy hukumati uchun qanday geosiyosiy manfaatlar yashiringan?
Rasmiy matbuotda tranzit yuklarning ko‘payishi byudjetga tushum olib kelishi aytilayotgan bo‘lsa-da, oddiy fuqarolar kundalik hayotida farovonlikdan ko‘ra, yangi qiyinchiliklar yuzaga kelishi kutilmoqda va bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarning kasod bo‘lishi, importga qaramlikning kuchayishi va mamlakat ekologiyasining yanada yomonlashuvi bilan bog‘liq.
Mahalliy ishlab chiqarishga zarba
Xitoydan arzon va ko‘p miqdorda tovarlarning tezkor kirib kelishi «Abu Saxiy» va boshqa yirik bozorlarni to‘ldiradi. Bu esa o‘z mahsulotini ishlab chiqarayotgan mahalliy kichik va o‘rta biznes vakillari (trikotaj, poyabzal, maishiy texnika) uchun raqobatda yengilishini anglatadi. Natijada, ish o‘rinlari qisqarishi va ko‘plab shirkatlar kasodga uchrashi mumkin.
Yuk poezdlari asosan tayyor mahsulotlar olib keladi. Agar biz o‘zimizda ishlab chiqarish o‘rniga faqat «tayyoriga ayyor» bo‘lsak, milliy valyutamiz — so‘mning barqarorligi tashqi savdo balansiga (importning eksportdan ustunligiga) bog‘lanib qoladi.
Mamlakat ekologiyasi va infratizilmasi yetadigan zarar
Poezdlar keladigan terminallar atrofidagi harakatning ko‘payishi, yuk mashinalari tirbandligi va atrof-muhit ifloslanishi mahalliy aholi uchun noqulayliklar tug‘diradi. Shuningdek, yo‘llarning tez eskirishi ham soliq to‘lovchilar hisobidan ta'mirlanadi.
Rasmiy Pekin uchun O‘zbekiston orqali o‘tgan temir yo‘llar aslida bu shunchaki savdo emas, balki strategik g‘alabadir.
Xitoy o‘z tovarlarini Yevropa va Yaqin Sharqqa yetkazishda faqat Rossiya yoki dengiz yo‘llariga bog‘lanib qolmoqchi emas. O‘zbekiston — bu Xitoy uchun eng xavfsiz va qisqa «quruqlikdagi ko‘prik».
Xitoy zavodi va fabrikalarining to‘xtamay ishlatishi uchun yangi bozorlar kerak. 37 millionlik O‘zbekiston va u orqali Afg‘oniston hamda Pokiston bozorlariga chiqish — Xitoy iqtisodiyoti uchun yangi «nafas yo‘li»dir.
Texnologik ustunlik
Poezdlar orqali Xitoy nafaqat kiyim-kechak, balki avtomobillar, quyosh panellari va 5G texnologiyalarini olib kiradi. Bu esa O‘zbekiston iqtisodiyotini uzoq yillar davomida Xitoy texnologiyalari va servis xizmatlariga bog‘lab qo‘yadi.
O‘zbekistonning logistik markazga aylanishi — bu geosiyosiy yutuq, lekin bu yutuq «oddiy o‘zbekistonlik»ning cho‘ntagiga ijobiy ta'sir qilishi uchun hukumat quyidagilarni ta'minlashi shart:
1. Poezdlar nafaqat Xitoydan kelishi, balki to‘la holatda O‘zbekiston mahsulotlarini Xitoyga olib ketishi kerak.
2. Tranzitdan tushgan daromadlar shaffof tarzda ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi lozim.
3. Mahalliy tadbirkorlarni Xitoyning demping (arzon narx) siyosatidan himoya qiladigan mexanizmlar yaratilishi shart.
Agar bu muvozanat saqlanmasa, O‘zbekiston boy davlatlarning yuklari o‘tadigan «katta ko‘cha» bo‘lib qolaveradi, aholi esa faqat chet el tovarining iste'molchisiga aylanadi.
