Asosiy mavzular
28 february 2020

RTdan va'z: O‘zbekistonda satira o‘ldimi?

Ëzuvchi Leonid Solovyovning «Osoyishtalikni buzuvchi» kitobi qahramoni Nasriddin Buxoro amiri va uning mullalarini tanqid qiladi. 

Bunga javoban amir Nasriddinni qatlga buyuradi. 

Ya'ni hajv qilgan odam osoyishtalikni buzgani uchun qatl etilishi kerak.

Amir shunday deb o‘ylaydi.

Bu kitob asosida taniqli kinochi Yakov Protazanov 1942 yilda «Nasriddin Buxoroda» filmini ham suratga olgan.

Ikki kun oldin bu filmni tomosha qilgan edim.

Filmda Buxoro amiri va uning ulamolari satira va tanqidga chidamsiz bo‘lgani tasvirlanadi.

Film bosh qahramoni Xo‘ja Nasriddin Bag‘doddagi tazyiqlardan qochib Buxoroga keladi va bu yerda ham satira nimaligini tushunmaydigan johillar bilan yuzma-yuz bo‘ladi.

Satira nima o‘zi?

«Satira» so‘zi frantsuz tilidan olingan bo‘lib, shov-shuvli holatlarning turli vositalar – sarkazm, istehzo, giperbola, grotesk, allegoriya, parodiya va boshqalar yordamida poetik san'at darajasida keskin hajv qilinishini anglatadi.

Basharang qiyshiq bo‘lsa, ko‘zgudan o‘pkalama

Ëzuvchi Jonatan Svift nazarida satira o‘ziga xos ko‘zgudir. Bu ko‘zguga har bir odam qarab, o‘zidan boshqalarning aksini ko‘radi.

Ikki ming yil ilgari ham satira bo‘lgan. Hatto sovet davrida ham satira bo‘lgan. Arkadiy Raykin satirasi qilichdan o‘tkir edi.

Sovet O‘zbekistonida esa «Mushtum» jurnali va «Nashtar» kinojurnalini  ëshi kattalar eslaydi. Radioda «Tabassum» radiojurnali va «Qarmoq» kabi eshittirishlar bor edi. 

Bir vaqtlar Abdulla Qodiriy Julqunboy taxallusi bilan satira ëzgandi.

Ammo bugun O‘zbekistonda satira ëzadigan odam yo‘q. Askiyachi bor, masxaraboz, qiziqchi bor, baxmaldan ishton kiyib dorbozga shogird bo‘lgan ho‘qqachilar bor.

Ammo satira yo‘q. Otangdan yaxshiroq aql o‘rgatadigan aqllilar pand-nasihatlari bisër. Ammo voqelikka ko‘zgu tutadigan Julqunboy yo‘q.

Dunëda G‘arb, Amerika, Eron va hatto arab satirasi rivojlanmoqda. Ammo o‘zbek satirasi yo‘q.

Holbuki, haëtimiz tomoshabop

Prezident va uning sonsiz qarindoshlari kechirayotgan “ko‘rmaganning ko‘rgani qursin” qabilidagi haët tarzi Charli Chaplin kinolari kabi kulgili.

Prezidentning bitta qizi labini shishirib, olam eliga aql o‘rgataëtgan paytda undan oldingi prezidentning qizi qamoqda roba kiyib, balanda ichmoqda.

Kechagina Mo‘ynoqda qurigan dengiz tubiga rayhonu jambil ekkan bosh prokuror Otabek Murodov 50 ming dollar pora olgani uchun 5 yilga qamaldi. 

DXXga rais bo‘lishi bilan “Erk” lideri Muhammad Solihni xalq dushmani deb atagan Ixtiër Abdullaevning o‘zi esa millat dushmani o‘laroq keyingi 19 yilni qamoqda o‘tkazadigan bo‘ldi.

Satira bo‘lsa, shunchalik bo‘lar. Satira – bu kulib turib yig‘latish va yig‘lab turib kuldirishdir.

Kulgi bilan kulgining farqi bor. Teatrda artistning ishtoni tushib ketsa ham zaldagilar kuladi. 

Ba'zan qiziqchilar kal, ko‘r, duduq, soqov va jinnilar haqida hikoya aytib, xalqni kuldirishadi. Bu to‘g‘ri emas. Odamning jismoniy nuqsoni ëki jinsiy orientatsiyasi ustidan kulish insofli ish emas. Navoiy aytganidek: 

Kulgiki o‘z haddidin o‘ldi yiroq,

Yig‘lamoq andin ko‘p erur yaxshiroq…

Aslida haëtda nima bo‘lganini o‘zimni aldamay ëzsam, achchiqqina satira bo‘lardi.

Gdlyan «o‘zbeklar o‘g‘ri» deganida, «doood, unday emas, biz to‘g‘rimiz», dedik. SSSR ketdi. O‘rislar yo‘q. Yana paxtani qo‘shib ëzishdi. O‘zbek muzeychilari Usmon mushabini 70 yil gard yetkazmay saqlab berishdi. Dindorlar bizniki deb baqirishdi. KGBda ishlaydigan bitta sallali mufti muzeydan ko‘tarib olib ketdi nodir qo‘lëzmani. Bir oy o‘tmay 9 varag‘ini diniy idoradagi mulla sotvordi.

Davlat san'at muzeyini 70 yil o‘ris va yahudiylar qorovulladi. Mayli, o‘zbekdan ham rahbar chiqsin, deb eski shaharda kalish sudrab yurgan amakini bosh muhofiz qilib qo‘yishdi.

O‘zbekiston davlat san'at muzeyi bosh muhofizi Mirfayz Usmonov birinchi ish kunidan boshlab muzeydagi asarlarni tashmalab sotdi. Uni 9 yilu 3 oyga qamashdi.

Farg‘ona muzeyidagi million dollarlik asarni hozir qamoqda nola chekaëtgan Gulnoraxon Rossiya siësatchilariga ustvosh tikadigan Yudakin degan kuturega sovg‘a qivordi. Hadyani olishni sunnat deb bilgan kuture o‘zbek xalqining mulki bo‘lgan asarni Londondagi olibsotarlarga tepvordi. 

«Mikrokreditbank»ka Eshmatovni rais qilib qo‘yishdi. 3 oyda 80 million dollarni o‘g‘irladi.

Leningraddagi ocharchilik paytida onalar o‘z bolasi o‘ligini yegan ekan. U paytda ocharchilik edi. Tushunsa bo‘ladi.

Mana, 30 yildan beri minglab o‘zbek ona bolasini sotib yeb ëtibdi. Kecha bittasi 8 yashar bolasini sotmoqchi bo‘ldi.

Yana bitta e'lon ko‘rdim internetdagi «V kontakte» degan tarmoqda. «Poshlost Tashkenta – qo‘shuv 18» degan o‘zbek guruhida bir o‘zbek amaki xotinining ishtonsiz rasmini qo‘yib, pulini to‘lab bemalol jinsiy aloqa qilaveringlar, lichkaga ëzsangiz, narxini gaplashamiz, deb o‘tiribdi.

Toshkent hokimining «lyubaya biznes xorosho» degan gapiga isbot bu.

Darvoqe, shu kunlarda Toshkent hokimi Ortiqxo‘jaev turk biznesmenidan pora olgani uchun qo‘lga tushib, muammoni pora berib yechibdi, degan gap-so‘z tarqaldi.

Satira bo‘lsa, shunchalik bo‘lar. 

Davom etaveraymi… Bitta mehribonu mushfiq o‘zbek xotin o‘z erini so‘yib, hojatxonaga cho‘ktirdi… Yana aytaymi? Payg‘ambar ëshiga kirgan o‘zbek Piterda bir aëlni Neva darësiga itarib yubordi. Keyin u aëlni qutqaraman deb o‘zi Nevaga cho‘kib baliqlarga yem bo‘ldi. Qachon deysizmi? O‘tgan jumada. 

Bu voqealar hech bo‘rttirilmagan haët hikoyalari. Eng usta satirik ham bundan o‘tkazib ëza olmaydi.

Sizlar o‘qib charchamasangiz, men ëzib charchamayman.

Biz o‘zbeklar satira yoza olmasak-da, maqol to‘qishni boplaymiz. 

 Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga. 

Qarzga botgan O‘zbekistonda keyingi 3 yilda 11 ta yangi vazirlik tuzildi. Jami 32 ta bo‘ldi. Eng boy davlat Shveytsariyada bor-yo‘g‘i 7 ta vazir bor. Shuning uchun ham boy-da, dersiz.

Mixail Saakashivili Gruziyadagi islohotni vazirlik va qo‘mitalarni radikal kamaytirishdan boshlagan edi. Mishaning onasi ham davlat byudjetidan boqiladigan idora gumashtasi bo‘lgan.

O‘sha idora tugatilganida onasi ishsiz qolgan. Mixail Saakashivili G‘arb maktabini ko‘rgan islohotchi. Mirziëev bo‘lsa Karimov davrida oybolta bosh vazir bo‘lgan sobiq kommunist kallavaram. 

Davlat xavfsizligi, byudjet va, umuman, milliy istiqror nimaligidan xabarsiz oddiy bir dastër. Xullas, oq choynakka oq qopqoq, ko‘k choynakka ko‘k qopqoq. Qanaqa eshak bo‘lsa, shunga yarasha bo‘yniga ip bog‘lanadi. Battar bo‘lishini kutish kerak emas. Siz shunga loyiqsiz. Biz bunga loyiqmiz. Men bunga loyiqman.

Aytaëtganlarim buguning gaplari. Kechagi gaplar esa ertakka aylanadi. Aslida bugun kechaning davomi. Bugungi imorat kechagi fundament ustiga qurilgan.

Tuz og‘a, satira kerak emas, bitta ertak aytib  bering, ikkita bo‘lsa yana yaxshi, deb so‘rashadi.  Ertak emas, hikoya ayta qolay.

Bu hikoya 10 yilcha oldin, Karimov tirikligida ëzilgan¸ ammo o‘qib ko‘rsam hali ham dolzarbligini yo‘qotmabdi. O‘zi hozir hech narsa ëzmay, oldin ëzganlarimni perepost qilib o‘tirsam ham bo‘laveradi.

Aqllilar mamlakati turkumidan

Nemissevar mirshab

Bundan o‘n besh yilcha oldin Germaniyadan Manya ismli talaba qiz Xorazmda mehmon bo‘ldi.

Mavjud qoidaga ko‘ra¸ Manyani Urganch tumani IIBda qayddan o‘tkazish lozim edi. O‘sha paytda bunday mehmon tansiq bo‘lgani bois, melisaning kattasi Manyani o‘z kabinetida mehmon qildi.

– Germaniya buyuk davlat, u yerda intizom bor, deb gap boshladi melisaning ëshullisi.

Shu payt eshikdan ërdamchi bosh suqib, “tayër pasportlarga qo‘l qo‘yib bering, egalari bir haftadan beri kutib o‘tiribdi”, deya bir dasta pasportni uzatdi.

– Ko‘rmayapsanmi, mehmon bor oldimda. Bor, chiq ket, ramazondan keyin kelishsin, degan melisa ëshullisi o‘z monologida davom etdi:

– Bizda intizom yo‘q¸ hamma kechikadi. Masalan, bir pasport olishning o‘ziga bir oy vaqt ketadi. Germaniyada bir soatda pasport olasiz. Mana qarang, bizda OVIR degan dardisar ochildi. Bunday narsa Germaniyada yo‘q. Pasport bo‘lsa bas, xohlagan mamlakat vizasini olib ketaverasiz. Germaniya pasporti bilan 175 mamlakatga vizasiz saëhat qilasiz. Bizning pasport bilan Oëqdo‘rmonga ham bora olmaysiz. Propiskang qani, paxta paytida falonimni yeb yuribsanmi, deb bizning bolalar mazgingni falon qiladi, dedi o‘zbek tilining benormativ kalimalarini samarali qo‘llagan ëshulli.

– Yaxshiyam Germaniya bor. Pasportni ularga zakaz qildik. Faqat OVIR bosadigan alohida varaq qilishga rozi bo‘lishmadi. Xalqaro normada yo‘q ekan. Shuning uchun biz vizalar degan joyga o‘z fuqaromizga OVIR bosib berib kulgiga qolyapmiz,- dedi melisaning kattasi.

– Kulgiga qolganimiz bir ënga, oyligimiz ozligi ikkinchi ënga. To‘g‘ri, avtoritetmiz. Oshxonalarda ovqat yesak, hurmat qilib pulini olmaydi. Odamlarga rahmat podderjka uchun. Lekin mana shu kabinetning remontiga ham hukumat pul bermadi. O‘zim ënimdan pul sarflab remont qildim. Egnimdagi melisa kiyimimni ham pulga sotib olganman. Oddiy milisa bolalar milisa zavxozidan olataëqni ham pul berib oladi. Radarni aytmay qo‘ya qolay. Unijenie.

Masalan, yaqinda ulli ëshulli (Karimovni nazarda tutadi) keladi deb bizlarni aeroport yo‘lida bir metrdan tashlab chiqishdi. Pistoletlarimizni ham olib qo‘ydi. Bo‘sh kobure bilan turdik.

Yo‘lda tursak ham mayli¸ bizni otizga (dalaga) tushirib qo‘yishdi. SNBning aytishicha, bizning ko‘rinishimiz obshiy vidni portit qilar ekan. Bizdan hazar qilsang, bizga ishonmasang, nega bizni melisa qilib qo‘yibsan, deb hech kim savol bermaydi. Germaniyada unday emas, menga o‘xshagan lavozimdagi politsiya ofitseri besh ming dollar oylik oladi. Ishdan ketsa, pensiya tayin. Undan tashqari, qancha imtiëz bor. 

Germaniyadagi politsiyaga pora bersangiz olmaydi. Chunki zor emas u. Biz-chi, gadoymiz, gadoy!

Ëzning kuni bo‘lgani bois xona isib ketgan edi. Ëshulli borib derazani ochdi. Hovlida gilosrang, quën ko‘z farali Mersedesni haydovchi shlanka bilan yuvar edi.

– Nemislar mashina yasashni boplashadi. Men Tiko, Neksiyalarni tan olmayman. Shu mashinani ëqtirib Germaniyaning Shtutgart shahridan podzakaz oldirdim. Avtomat korobka. Salon koja. Rasxod oz. Nemislar zo‘r-da. Biz esa odam bo‘lmaymiz, dedi zarda bilan ëshulli.

Shu payt telefon jiringladi. Ëshullining ëshullisi telefon qildi shekilli, milisa doyi juda mutavoze gaplashdi. Keyin menga qarab ikki qo‘lini qanot kabi ëyib, hasratiga yakun yasadi:

– Endi nemis sestraga choy ichirmoqchi edim. Xuddi mafiyaning restoranida, afsus, meni chaqirishdi. Bug‘doy o‘rimini kontrol qilishga Bog‘otga borar ekanman. Mayli, choyni mensiz ichaveringlar.

Germaniyaning Humbold universitetida turkiy tillarni o‘rganaëtgan talaba qiz Manya o‘zbek mirshabiga o‘zbek tilida ikki og‘iz tashakkur bildirdi:

– Sizga rahmat, herr politsay prezident. Ammo men siz aytgan gaplarning bir qismini tushunmadim,- dedi hijjalab Manya.

-Tushunmaysan, chunki nemissan. O‘zbek bo‘lib men ham tushunmayman. Masalan, nega agronom emas, men kontrol qilishim kerak bug‘doyni? Nemis politsiyasi bug‘doyni kontrol qilmaydi-ku?

Nemisparvar aqlli o‘zbek mirshabi nemis mashinasiga o‘tirib, bug‘doy o‘rimini kontrol qilishga jo‘nab ketdi.

Bu hikoya ëzilganidan beri yillar o‘tdi. Ammo nimadir o‘zgardimi? Bu ëzganlarim satira bo‘lsa, uni nega o‘zbek matbuoti e'lon qilmaydi? Boz ustiga, “Eltuz” sayti O‘zbekistonda to‘sib qo‘yilgan.

Faylasuf Stanislav Yeji Lets aytganidek, “Satira hech qachon konkursda yutib chiqmaydi. Chunki u masxara qilgan mulozimlar hakamlar hay'atida savlat to‘kib o‘tirishadi”.

Ammo dunë o‘zbek mulozimlari belgilagan tartibda ishlamaydi. Biz achchiq gaplarni Amerika Silikon vodiysi mahsuli bo‘lgan tarmoqda aytamiz. Buyuk amerikalik ish odami Ilon Mask ko‘kka uchirgan sun'iy yo‘ldoshlar tarqatadigan tekin vay-fay, mahalliy mulozimlar yaratgan ramkalarni sindirib, bizning achchiq so‘zimizni kerakli quloqlarga yetkazadi. Biz chizgan manzarani esa ochiq ko‘zlar ko‘radi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
3 november 2025
Xorazm viloyat madaniy meros boshqarmasi rahbari bo‘lib ishlagan,  so‘ng lavozimidan “ariza”siga asosan bo‘shatilgan Alisher Ismailov 2023 yilda “Ichan qal'a” ...
2 january 2017
Uch oylik konfet-guldasta davri tugadi. Yana kortej. Avtomatchilar kurshovida ëpiq trassa bo‘ylab sayr. Mirziëev yana Karimov yo‘lidan karimov uslubida ...
21 july 2017
Joriy yil boshida Turkiyadagi Reina tungi klubiga hujum qilib 39 kishini o‘ldirgan Abduqodir Masharipovga ko‘mak berganlikda gumonlangan 42 yosh, ...
9 june 2017
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ijodkorlar uyushmasi talabi bilan poytaxtdagi Rassomlar uyida buzish ishlari vaqtinchalik to‘xtagan bo‘lsada, buning dushanba kunidan davom ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...